— Bobo, qarang, mana bu daraxt XV asrda ekilgan ekan.

— Shunday, bolam, o‘sha paytda yaxshi niyat bilan ekilgan-da.

— Yonidagilar ham shunday ekan. Beshta ekan. Ekilganigayam besh asrdan oshibdi. Bularning yoshi qanday aniqlangan?

— Aniqlash mushkul emas, muhimi, shu vaqtga qadar qirqilmaganida. Qara, o‘zi ham uzoq tarixdan so‘ylab turibdi. Salobatiga e’tibor ber. Bular ne-ne kunlarga guvoh bo‘lmagan deysan, bolam.

— Bobo, nega ziyorat qilinadi?

— Qo‘lingdagi yaproqdek telefoning bor-ku. Shuning ham quvvati tugab qoladi. To‘g‘rimi? Xuddi shunday, goho turmush tashvishlaridan toliqib, insonning ham ruhiy quvvati kamayib qoladi. Ana shunday damda ziyoratgohlarga kelib, odam o‘ziga kuch oladi. Tetiklashadi.

— Sizning quvvatngiz kamayib qoldimi?

— Ha, bolam. Yura qol, tezroq borib ziyo­rat qilmasak, charchab o‘tirib qolaman.

O‘n yoshlar atrofidagi bola bobosiga hayrat bilan boqqancha qo‘lidan mahkam ushlab oldi. Go‘yo quvvati tugagan odamga tirgak bo‘layotgandek yura boshladi. Qariya esa ziyorat odobini nabirasiga tushuntirib borardi.

Bobo va nabiraning savol-javob qilib, etaklashib ketayotganini ko‘rib, havasim keldi. Majmua maydonidagi besh asrlik tut daraxtlari bunday suhbatlarga ko‘p guvoh bo‘lgandir. Ayniqsa, keyingi yillarda. Boisi, yaqin yillarga qadar bu manzilda buyuk alloma qabri borligi haqida deyarli hech kim bilmagan. Bugun esa bu joy obod makonga aylandi.

Moziyga nazar tashlaydigan bo‘lsak, Nasaf azal-azaldan dunyo ilm-fani va madaniyati ravnaqiga salmoqli hissa qo‘shgan shaharlardan biri bo‘lib kelgan. Xususan, qadimiy qo‘lyozma va bibliografik qomusiy asarlarni varaqlab ko‘rsak, bu barokatli kentdan ko‘p­lab olimu ulamolar etishib chiqib, Nasafiy nisbas i bilan samarali ijod qilganining guvohi bo‘lamiz.

Shulardan biri Abul Muin Nasafiydir. U islom dinini ichkaridan buzishga uringan, botil qarashli oqimlar ilgari surg an g‘oyalarga qarshi kurashar ekan, har bir muammo (ixtilof)ga katta e’tibor bilan yondashdi, dalillarni ham shunga muvofiq tanladi. Bu yo‘lda kalom ilmi yo‘nalishidagi ust o zi Imom Abu Mansur Moturidiy qarashlarini rivojlantirishi natijasida sodda va samarali dalillarni asoslab, targ‘ib qildi. Shu bois, uni zamondoshlari “haqiqat qilichi” deya ulug‘lagan. Keyingi yillarda ko‘plab allomalarimiz qatorida Abul Muin Nasafiyning hayoti va asarlarini ilmiy asosda o‘rganish ishlari yo‘lga qo‘yildi. Alloma mangu qo‘nim topgan manzil obod go‘shaga aylantirildi.

Ancha yillar Qovchin mahallasiga raislik qilganman, — deydi Abu Muin ­Nasafiy majmuasini boshqarish va obodonlashtirish direksiyasi rahbari ­Muzaffar Bozorov. — Shu qishloqda tug‘ilib o‘sganman. Ilgari bu hududda buyuk alloma qabri borligi haqida umuman ma’lumotga ega emas edik. Ziyoratgoh haqida tushunchamiz ham yo‘q edi. Bu yerda faqat eski masjid bo‘lgan. Shunda ham yo‘llari tuproqli, qarovsiz holda edi. Qishloq keksalaridan boshqa biror kishi kelmasdi. Bir chetda ko‘rimsizgina maqbara bor edi. Lekin kim uchun qurilgani, qab rda kim yotgani ma’lum emasdi. Prezidentimiz Qashqadaryoga tashriflaridan birida shu ziyo­ratgohga kelib, bu joyni obod qilish borasida ko‘rsatma berdi. Shundan so‘ng hududda katta bunyodkorlik ishlari bosh­lanib ketdi. Usta-duradgorlar, malakali hunarmandlar mehnati evaziga ziyoratgoh yaxlit majmua shakliga keltirildi. 2,1 gektar maydonni egallagan obida hududida yangi 500 o‘rinli masjid, kutubxona, muze y, ma’muriy bino, tahoratxona va choyxonalar qurib bitkazildi. Majmua hududidan o‘tuvchi kichik anhor rekonstruktsiya qilindi. Tashqi yo‘llarni zamonaviy loyihalar asosida qayta qurish bo‘yicha chora-tadbirlar belgil anib, barchasi to‘liq yakuniga yetkazildi. Atrofi obodonlashtirilib, daraxtlar o‘tqazildi. O‘sha payt­da ekilgan nihollar katta daraxt bo‘lib, majmuamizga chiroy bahsh etmoqda.

Bugun majmuada muzey ham tashkil etilgan. U yerda noyob eksponatlar ko‘p. Jumladan, xitoy ipak qog‘oziga bitilgan noyob Qur’oni karim qo‘lyozmasini shular qatoriga kiritish mumkin. Bu muqaddas kitobning bo‘yi 60, eni 41 santimetr. Mazkur Qur’on uchun usta Zarif degan kishi balandligi 1 metr 60 santimetrli lavh y asagan. Lavhada hijriy yil hisobi bilan 1266 (milodiy 1851) sanasi yozib qoldirilgan. Shuning­dek, unga 12 qatordan iborat forsiy she’r o‘yib bitilgan. Bundan tashqari, u yerda “Sharhi hikmat ul-ayn”, “Devoni Jomiy” kabi uchta kitob mavjud. Muzey xodimlarining aytishicha, ushbu manbalar ancha yillar oldin ziyoratgoh hovlisidagi qalin paxsa devor orasidan chiqib qolgan. Ziyo­ratgoh atrofida katta qabriston ham bor. Hududi 50 gektardan ko‘proq. Ayni paytda buyuk alloma xoki yotgan manzil mahalliy va xorijlik ziyoratchilar bilan gavjum.

Shamsul-aimma al-Halvoniy kim bo‘lgan?

Abu Muin Nasafiy ziyoratgohidan chamasi olti-yetti yuz metrlar masofa narida, janubi-sharq tomonda yana bir ziyoratgoh mavjud. Mahalliy aholining fikricha, bu yerda ulug‘ mutafakkirning qabri bor. Faqat Nasafiy ziyoratgohidan farqli ravishda bu joyning atrofi obodonlashtirilmagan. Shamsul-­aimma al-Halvoniy nomi bilan bog‘liq mazkur hududda maqbara bunyod etilgan. Ichkarisida esa tuzilish tarhi kam uchraydigan qadimiy yakka qabr mavjud. Uning sirti maxsus yasalgan naqshinkor koshinlar bilan bezatilgan. Mahalliy aholi shu paytgacha bu yerni Hazrati Shayxon ota mangu qo‘nim topgan manzil deb bilgan. Bundan tashqari, maj­muada qadimiy imoratlarning qoldiqlari saqlanib qolgan.

Ilgari otam shu yerga qarovchi bo‘lgan. Bugun bu vazifani o‘zim bajarib kel­yapman, — deydi ziyoratgoh xodimi ­Elmirza Alimov. — Bu maqbara 2017 yili qayta ta’mirlandi. Narigi tarafdagi paxsadan qilingan imoratlardan o‘sha davrda, ya’ni
X asrlarda hujra, tahoratxona va chillaxona sifatida foydalanilgan. Hozir ham ayrim xonalar butunligicha turibdi. Bundan tashqari, hovli o‘rtasidagi katta hovuz ham oldindan bor. Narigi chetda quduq bo‘lardi. Bugun ko‘milib ketgan. Lekin majmua to‘liqligicha o‘rganilmagan. Biz avvaldan maqbaradagi qabr Hazrati Shayxon ota Halvoni y ga tegish­li deb kelganmiz. Ammo keyingi yillarda ayrim kishilar qabrdagi yozuvni o‘rganish orqali uning Shamsul-aimma al-Halvoniy ekanini aniqladi. Shu y erning o‘zida kichik hajmli masjid ham bo‘lgan deyishadi.

Bu yerda boshqa ziyoratgohlarda uchramaydigan holat kichik hajmli hujralardir. Sababi ularning har biri oddiy paxsadan qilingan. Ko‘rinishi gumbazsimon shaklda bo‘lib, xonalar o‘z davrida turli vazifalarni o‘tagani ko‘rinib turibdi. Maqbaraning orqa tomonida ham bir paytlar qandaydir bino bo‘lganini anglash qiyin emas.

— Hududni obodonlashtirish davomida turli qadimiy buyumlar chiqib qoladi, — deydi Elmirza Alimov. — Barchasini bir yerga yig‘ib qo‘ yaman. Biror kun mutaxassislar kelsa, qaysi davrga tegishli ekanini aniqlashar. Hozir topilmalarning ko‘pi juda qadimiy ekani yatilmoqda. Agar arxeologlar vaqt ajratib, bu yerda ishlasa, yanada ko‘p narsalar topilishi va majmua tarixi oydinlashishi mumkin.

Ushbu ziyoratgoh haqida ma’lumot to‘plar ekanmiz, turli manbalarga duch keldim. Xususan, Shamsul-aimma al-Halvoniy ismli kishi bilan bog‘liq manbalar Samarqand va Buxoro viloyatlarida ham uchrashi haqida aytib o‘tilgan. Umuman olganda, alloma haqida ko‘plab o‘rganishlar olib borilishi kerakka o‘xshaydi. Shundagina biz bugungi avlodga asl tarixni ochib bergan bo‘lamiz.

 Akbar RAHMONOV,

“Yangi O‘zbekiston” muxbiri