Tezkor-qidiruv tadbirlarini oʻtkazish davomida qidiruvda boʻlgan shaxsning Gruziya hududida ekanligi aniqlandi. Oʻzbekiston va Gruziya Interpol Milliy markaziy byurolari oʻrtasida yoʻlga qoʻyilgan hamkorlik aloqalari tufayli mazkur ish boʻyicha keyingi barcha bosqichlarda zarur axborot va tashkiliy koʻmak taʼminlandi.

Jumladan, Oʻzbekiston va Gruziya tomonlarining muvofiqlashtirilgan harakatlari natijasida mazkur shaxs Gruziyaning vakolatli organlari tomonidan ushlandi. Keyinchalik Oʻzbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasining ekstraditsiya toʻgʻrisidagi iltimosnomasi qanoatlantirilib, qonunchilikda nazarda tutilgan tartib-taomillar yakunlanganidan soʻng jinoyatchini oʻzbek tomoniga topshirish toʻgʻrisida qaror qabul qilindi.

Interpol milliy markaziy byurolari xodimlarining bevosita ishtirokida qidiruvdagi shaxs Gruziyadan ekstraditsiya qilinib, qonunchilikka muvofiq keyingi protsessual harakatlarni amalga oshirish uchun Oʻzbekiston Respublikasiga olib kelindi.

Mazkur ekstraditsiya odil sudlovdan yashirinib yurgan shaxslarning turgan joyini aniqlash, ularni ushlash va mamlakatga qaytarilishini taʼminlashga qaratilgan izchil va muvofiqlashtirilgan ishlar, shuningdek, Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi MMB va uning xorijiy hamkorlari oʻrtasida xalqaro uchrashuvlar doirasida olib borilgan muzokaralar hamda erishilgan kelishuvlarning navbatdagi natijasi boʻldi.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi xorijiy davlatlarning huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan hamkorlikni mustahkamlash hamda xalqaro qidiruvdagi shaxslarni qidirish, ushlash va ekstraditsiya qilish borasida samarali oʻzaro hamkorlikni taʼminlash boʻyicha ishlarni davom ettirmoqda.

Interpolning Oʻzbekiston Respublikasidagi Milliy markaziy byurosi