— Islom sivilizatsiyasi markazi huzurida faoliyat boshlagan Xattotlik maktabi bugun jamoatchilik va yoshlarni qay darajada qiziqtira olyapti?

— Islom sivilizatsiyasi markazi nafaqat mamlakatimiz, balki dunyo jamoatchiligi eʼtiboridagi ulkan megaloyiha. Uning huzurida ochilgan Xattotlik maktabi esa ajdodlarimizdan meros boʻlgan yozuv sanʼatini qayta tiklash, asrab-avaylash va yosh avlodga yetkazishga xizmat qilmoqda. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, xattotlik sanʼati yoʻqolib ketmasligi, balki rivojlanishi va keng ommaga oʻrgatilishi shart. Ana shu ezgu gʻoya asosida mazkur maktab faoliyati yoʻlga qoʻyildi.

Bugun maktabga qiziqish katta. Rasman faoliyat boshlaganiga hech qancha vaqt oʻtmagan boʻlsa-da, roʻyxatdan oʻtganlar soni allaqachon mingdan oshdi. Ular orasida yoshlar, oʻrta yoshlilar, shuningdek, katta yoshdagilar ham bor. Bu xattotlik sanʼatiga qiziqish jamiyatning turli qatlamlarini qamrab olganini koʻrsatadi.

— Qadimiy sanʼatga asoslangan maktab qanday tarixiy meros va maʼnaviy qadriyatlarga tayanadi?

— Yurtimizdan yetishib chiqqan buyuk xattot va allomalar jahon madaniyati rivojiga ulkan hissa qoʻshgan. Ular yaratgan qoʻlyozma va yozuv namunalari bugun ham oʻz ahamiyatini saqlab kelmoqda. Shu nuqtayi nazardan, xattotlik sanʼatini qayta tiklash faqat madaniy tashabbus boʻlib qolmay, tarixiy xotira va milliy oʻzlikni anglash bilan bogʻliq muhim jarayondir. Maktab aynan shu boy merosni qayta jonlantirish va tizimli ravishda avlodlarga yetkazishga xizmat qiladi.

— Taʼlim jarayoni qanday mazmun va uslublarga asoslanadi? Uning oʻquvchilar hayotiga taʼsiri haqida nimalarni aytish mumkin?

— Albatta, maktabdagi taʼlim jarayoni anʼanaviy va zamonaviy yondashuvlar uygʻunligiga asoslangan. Bu yerda nafaqat xat yozish texnikasi, balki husnixat madaniyati, estetik did va sabr-toqat kabi fazilatlar ham shakllantiriladi. Taʼlimning bepul ekani ham keng jamoatchilik uchun katta imkoniyatdir. Turli kasb egalari, ayniqsa, ilgari bu sanʼatni oʻrganish imkoniga ega boʻlmaganlar bugun ushbu darslarda faol ishtirok etmoqda.

Ayrim holatlar esa maktabning chuqur maʼnaviy taʼsirini yaqqol namoyon etadi. Masalan, nuroniylardan biri uzoq yillik orzusini amalga oshirish maqsadida maktabga kelib, katta hayajon bilan taʼlim jarayoniga qoʻshildi. Bu kabi misollar xattotlik maktabining inson hayotida ruhiy uygʻonish va maʼnaviy qanoat manbai boʻlayotganini koʻrsatadi.

— Maktabning xalqaro maydondagi oʻrni va nufuzi haqida qanday fikr bildirasiz?

— Maktab faoliyati xalqaro miqyosda ham katta qiziqish uygʻotmoqda. U xalqaro xattotlik maktabi sifatida eʼtirof etilib, oʻquv jarayonini xorijiy mutaxassislar ham yuqori baholadi. Ayniqsa, xalqaro tashkilotlar tomonidan qoʻllab-quvvatlanishi tashabbusning ahamiyatini yanada oshirdi. Bu esa Oʻzbekistonda madaniy merosni asrash va dunyo miqyosida targʻib etish borasidagi ishlar samaradorligini koʻrsatadi.

Maktabning ochilish marosimida ishtirok etgan xalqaro ekspertlar ham davlatimiz rahbarining tashabbuslarini yuqori baholadi. Jumladan, Islom tarixi, madaniyati va sanʼati tadqiqotlari markazi — IRCICA direktori Mahmud Erol Qilich islom xattotligining jahon madaniyatidagi oʻrni, yuksak estetik va maʼnaviy qimmatini alohida taʼkidladi. Turkiya qoʻlyozmalar boshqarmasi direktori Joshqun Yilmaz esa Sulaymoniya kutubxonasida saqlanayotgan nodir qoʻlyozmalar haqida maʼlumot berib, ularning katta qismi Oʻzbekiston tarixi bilan bogʻliq ekanini qayd etdi. Buyuk Britaniyadagi “Al-Furqon” Islom merosi jamgʻarmasi direktori Sali Shahsuvoriy ham temuriylar davrini haqiqiy intellektual va madaniy uygʻonish davri sifatida baholadi.

— Faoliyatni yanada rivojlantirish boʻyicha qanday istiqbolli rejalar koʻzda tutilgan?

— Kelgusida faoliyat koʻlamini yanada kengaytirish, zamonaviy va innovatsion taʼlim dasturlarini joriy etish rejalashtirilgan. Xususan, onlayn taʼlim platformalarini ishga tushirish orqali xorijiy oʻquvchilarni jalb etish maqsad qilingan. Bu orqali xattotlik sanʼatini nafaqat mamlakatimiz, balki xalqaro miqyosda keng targʻib qilish imkoniyati ham yanada oshadi.

— Qiziquvchan yoshlarga qanday maslahatlar berasiz?

— “Amallar niyatga bogʻliqdir” degan hikmatda chuqur maʼno mujassam: insonning kelajagi uning niyati, kamoli esa amallari bilan belgilanadi. Bugun yurtimizdagi ulkan islohotlar, maʼnaviy uygʻonish va taraqqiyot jarayonlari ham ana shunday ezgu niyatlar samarasi ekanini anglash qiyin emas.

Ajdodlarimiz, aziz avliyolar qoldirgan boy maʼnaviy meros, ularning orzu-intilishlari va mehnatlari bugungi farovon hayotimizga mustahkam zamin yaratdi. Shu bois, har birimiz oʻz sohamizda sidqidildan mehnat qilib, yurt taraqqiyotiga munosib hissa qoʻshishimiz zarur.

Durdona RASULOVA suhbatlashdi.