Toshkent shahrida yashovchi, 1994 va 1999-yillarda tug‘ilgan 2 nafar shaxs o‘zaro til biriktirib, fuqarolarning ishonchiga kirishgan va tanishlari ko‘magida “G-1” vizasini olib berish orqali ularni Janubiy Koreyaga ishga yuborishni, keyinchalik esa ushbu davlat hududida doimiy yashash uchun guvohnoma tayyorlatib berishni va’da qilishgan.
“Uddaburonlar” o‘z xizmat haqlari evaziga 55 ming AQSh dollari talab qilishib, oldindan 25 ming dollar olgan vaqtlarida DXXning Toshkent shahar boshqarmasi va IJQKD xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Namangan viloyati Kosonsoy tumanida yashovchi, 2001 y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 168-modasi (firibgarlik) bilan sudlangan fuqaro o‘zganing ishonchiga kirib, uni noqonuniy yo‘llar bilan Qo‘shma Shtatlarga yuborishni taklif qilgan.
Xususan, tanishlari orqali “O‘zbekiston – Turkiya – Ispaniya – Meksika – AQSh” yo‘nalishida jo‘natish evaziga 50 ming AQSh dollari talab qilgan.
DXX va IJQKD xodimlari hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirda qonunbuzar so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 20 ming AQSh dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatiga chek qo‘yildi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan mazkur shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.