Butun xalqimiz so‘nggi bir necha kunlar ichida O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempionatidagi ilk ishtirokini tomosha qila turib faxru xavotir, ko‘z yoshiyu hayratdan iborat his-tuyg‘ular og‘ushida ana shunday hayajonli lahzalarda yashadi.
Bu kunlar, shubhasiz, xalqimiz xotirasida yangi davrning boshlanishi, uzoq yillik orzular ro‘yobi va albatta, kelajak sari tashlangan dadil qadam sifatida muhrlandi. Dunyoning eng nufuzli futbol musobaqasida ilk bor O‘zbekis¬ton bayrog‘i hilpiragani, madhiyamiz yangragani, futbolchilarimiz jahon futbolining eng yirik sahnasida mamlakatimiz sharafini mardonavor himoya qilgani milliy sportimiz tarixida o‘chmas iz qoldirdi.
Toshkent xalqaro aeroportida mundialdagi ishtirokini yakunlab, vatanimizga qaytib kelgan charm to‘p ustalarimizni mutasaddilar, futbolchilarning oila a’zolari, keng jamoatchilik, ommaviy axborot vositalari xodimlari hamda muxlislar ishtirokida kutib olish marosimi bo‘lib o‘tdi.
Unda so‘zga chiqqanlar ushbu tarixiy ishtirok yurtimizda sportga, xususan, futbolga qaratilayotgan ulkan e’tibor samarasi ekanini yana bir bor qayd etib, mundial kunlari futbol butun xalqni yagona tuyg‘u atrofida birlashtirgan ulkan ma’naviy hodisaga aylanganini alohida qayd etdi.
Darhaqiqat, yurtimizning turli hududlarida, dunyoning qaysi burchagida yashashidan qat’i nazar, vatandoshlarimiz bir vaqtda bitta jamoaga muxlislik qildi, har bir vaziyatni hayajon bilan kuzatdi. Markaziy Osiyodagi qardosh xalqlar, turkiy davlatlar jamoatchiligi ham O‘zbekiston terma jamoasini chin dildan qo‘llab-quvvatladi. Futbol maydonida boshlangan ana shu birdamlik tuyg‘usi xalqlarni bir-biriga yanada yaqinlashtiradigan, o‘zaro ishonch va do‘stlikni -mustahkamlaydigan muhim omil sifatida namoyon bo‘ldi.
Jahon chempionati har qanday jamoa uchun o‘ziga xos sinov maydoni sanaladi. Bu yerda har bir o‘yin alohida yondashuvni talab qiladi, birgina kichik epizod hammasini hal qilib qo‘yi¬shi mumkin. O‘zbekiston milliy terma jamoasi ham AQSh va Meksika maydonlarida o‘tgan bahslarda aynan shunday muhitni boshdan kechirdi. FIFA reytingida dunyoning yetakchi jamoalari qatoridan o‘rin olgan Portugaliya va Kolumbiya, tarkibida Yevropaning nufuzli klublarida to‘p surayotgan futbolchilar jamlangan Kongo DRga qarshi o‘yinlar jamoamiz uchun katta tajriba maktabi bo‘ldi.
Prezidentimiz 30 iyun kuni mamlakatimiz yoshlari bilan uchrashuvda O‘zbekiston milliy terma jamoasining futbol bo‘yicha jahon chempio¬natidagi ishtirokiga to‘xtalib o‘tar ekan, ayni shu jihatlarni qayd etib, jumladan, “Milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ishtiroki to‘g‘risida turli fikrlar bildirilmoqda. Lekin Vatanimiz sharafini himoya qilgan terma jamoamiz a’zolariga ortiqcha his-tuyg‘u bilan e’tiroz bildirish, ulardan ayb qidirish xalqimizga xos ish emas. Aksincha, bugun ularni qo‘llab-quvvatlash, ruhini ko‘tarish har qachongidan ham muhim”, deya ta’kidladi.
Katta g‘alabalar hali oldinda ekani, buning uchun futbolni rivojlantirishga yanada keng sharoitlar yaratilishi, bu sohaga investitsiya ko‘paytirilishi ta’kidlandi. Eng avvalo, bolalar futboliga e’tibor kuchaytirilib, mazkur sport umummilliy harakatga aylantiriladi. Kelasi yilning yanvarida Saudiya Arabistoni maydonlarida o‘tkaziladigan futbol bo‘yicha Osiyo kubogiga tayyorgarlik hozirdan boshlanadi. Davlatimiz rahbari ta’kidlaganidek, biz jamoamizga ishonamiz va ushbu musobaqada ham butun xalqimiz bilan qo‘llab-quvvatlaymiz!
Yana bir muhim jihat. Futbolimiz tarixida jahon chempionatidagi dastlabki gollarimiz alohida voqelik bo‘ldi. Abbos Fayzullayev va Eldor Shomurodov tomonidan kiritilgan gollar millionlab yurtdoshlarimiz qalbida unutilmas quvonch uyg‘otdi. Ayniqsa, Eldor Shomurodovning Kongo DR darvozasiga yo‘llagan ajoyib zarbasi FIFA tomonidan guruh bosqichining eng chiroyli goli sifatida e’tirof etilgani milliy ¬futbolimiz uchun o‘ziga xos yutuqdir. Bunday ¬e’tirof O‘zbekiston futbolchilari eng yirik maydonlarda ham yuksak individual mahoratini namoyish eta olishini butun dunyoga ko‘rsatdi ¬desak, adashmaymiz.
— Barcha futbolchilar jahon chempionati maydonida oxirgi daqiqagacha bor kuchi va imkoniyatini ishga soldi. Natija ko‘ngildagidek bo‘lmadi, buning uchun, albatta, muxlislarimizdan uzr so‘raymiz, — dedi terma jamoamiz sardori Eldor Shomurodov. — Shu bilan birga, bu mundial O‘zbekiston futboli uchun juda katta maktab, butun mamlakatimiz uchun esa muhim yutuq bo‘ldi deb o‘ylayman. Futbol tufayli xalqimiz bir tanu bir jon bo‘ldi, millionlab yurtdoshlarimiz bitta maqsad, bitta orzu atrofida jipslashdi. Ana shu birdamlik, xalqimizning ishonchi va qo‘llab-quvvatlashi biz uchun eng katta kuch bo‘ldi. Biz bu ishonchni qadrlaymiz va kelgusida muxlislarimizni yanada ko‘proq xursand qilish uchun bor kuchimiz bilan ishlashda davom etamiz.
Shunday ekan, milliy terma jamoamizning jahon chempionatidagi ilk ishtiroki yakunlangan bo‘lsa-da, aslida milliy futbolimiz uchun yangi bosqich endi boshlandi. Jahon chempionatidagi debyutimiz esa millionlab yoshlar qalbida yangi orzularni uyg‘otdi, futbol bilan shug‘ullanish istagini yanada kuchaytirdi, yurtimizda ushbu sport turining nufuzi va ta’sirini yangi bosqichga olib chiqdi. Eng muhimi, xalqimiz o‘z jamoasiga bo‘lgan ishonchini yanada mustahkamladi. Ishonch bor joyda intilish bo‘ladi, intilish bor joyda esa taraqqiyot davom etadi. Demak, mundialda boshlangan tarix hali o‘zining eng yorqin sahifalarini yozishga ulgurmagan. Oldinda O‘zbekiston futbolini bundan-da ulkan zafarlar sari yetaklaydigan yangi marralar kutmoqda. Ishonamizki, bu — hali katta yo‘lning boshlanishi, xolos!
Asliddin ABDURAZZOQOV,
“Yangi O‘zbekiston” muxbiri