Tadbirkorlikni rivojlantirish, kichik va oʻrta biznesning iqtisodiyotdagi ulushini oshirish, ular uchun moliyaviy resurslardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish Yangi Oʻzbekiston islohotlarining muhim yoʻnalishlaridan biri hisoblanadi.

Soʻnggi yillarda bu borada qator dasturlar amalga oshirilib, tadbirkorlarga kredit, kompensatsiya, kafillik va boshqa moliyaviy qoʻllab-quvvatlash mexanizmlari kengaytirildi. Shu bilan birga, kichik va oʻrta biznesning moliyaviy xizmatlardan foydalanishida hali ham ayrim toʻsiqlar saqlanib qolayotgani qayd etildi.

Bugungi kunda kichik va oʻrta biznesga ajratilgan kreditlar portfeli 218 trillion soʻmni tashkil etmoqda. Bu yalpi ichki mahsulotga nisbatan 12 foizga teng. Shu bilan birga, onlayn tarzda ajratilayotgan taʼminotsiz mikrokreditlar ulushi kam. Taʼminotsiz onlayn mikrokredit ajratish jarayoni oʻrtacha 7 kungacha vaqt olmoqda. Tadbirkor kredit olish uchun bir nechta bank takliflarini bir joyda koʻrish, solishtirish va oʻziga maqbul shartlarni tanlash imkoniyatiga ega emas.

Shu munosabat bilan taqdimotda raqamli moliyaviy platformani ishga tushirish taklif qilindi. U orqali tadbirkor kredit olish uchun ariza beradi, bir nechta banklardan tijorat takliflarini oladi, ularni taqqoslab, oʻziga qulayini tanlaydi.

Platforma “Elektron hukumat” tizimining raqamli maʼlumotlar bazalari bilan integratsiya qilinadi. Kichik va oʻrta biznes subyektlariga oid maʼlumotlar avtomatik ravishda olinib, banklarga taqdim etiladi. Bu kredit berish jarayonida hujjat yigʻish, ortiqcha vaqt sarflash va inson omilini kamaytirishga xizmat qiladi.

2026-yil 1-dekabrdan boshlab platforma doirasida sunʼiy intellekt texnologiyalari elementlaridan foydalangan holda muqobil skoring modeli joriy etiladi.

Anʼanaviy skoring asosan kredit tarixiga tayansa, muqobil skoring biznes faolligi, kommunal toʻlovlar, aylanmalar, soliq va boshqa raqamli maʼlumotlarni ham hisobga oladi. Bu kredit tarixi mavjud boʻlmagan tadbirkorlarni ham baholash, ularga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirishga yoʻl ochadi.

Shuningdek, kelgusida sunʼiy intellekt asosida tadbirkorning kredit tarixini yaxshilash, kelgusidagi xatarlarni baholash va biznesni rivojlantirish boʻyicha tavsiyalarni shakllantirish imkoniyati yaratiladi.

Tijorat banklari tomonidan “AI maslahatchisi” dasturini ishga tushirish ham nazarda tutilmoqda. Mazkur dastur mahallalar ixtisoslashuvi va oʻsish nuqtalarini hisobga olgan holda biznes gʻoyalarni ishlab chiqish, ularni moliyalashtirish imkoniyatlarini aniqlashga koʻmaklashadi.

Kichik biznesni uzluksiz qoʻllab-quvvatlash dasturi doirasida ham qoʻshimcha yengilliklar belgilanmoqda. Avval dastur doirasida mikrokreditdan foydalangan va ijobiy kredit tarixiga ega tadbirkorlar uchun mikrokreditning garovsiz qismi 100 million soʻmdan 200 million soʻmgacha oshiriladi.

Qolaversa, kredit yoki lizing miqdoridan qatʼi nazar, uning 5 milliard soʻmgacha boʻlgan qismi uchun foiz xarajatlari kompensatsiya qilinadi.

Har yili oʻz faoliyatini kengaytirgan va yuqori natija koʻrsatgan 100 ta tadbirkorlik subyektiga raqamlashtirish, xalqaro standartlar va “yashil” texnologiyalarni joriy etish bilan bogʻliq xarajatlar uchun 300 million soʻmgacha grant ajratish taklif etildi.

Davlatimiz rahbari taqdim etilgan takliflarni maʼqullab, kredit tarixiga ega boʻlmagan kichik va oʻrta biznes subyektlariga moliyaviy xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish, platforma xavfsizligi va maʼlumotlarning himoyalanganligini taʼminlash yuzasidan mutasaddilarga topshiriqlar berdi.