O‘zbekiston ekologik xavfsizlikni mustahkamlash va kimyoviy moddalar hamda chiqindilarni barqaror boshqarish tizimini rivojlantirish yo‘lida izchil ish olib bormoqda. Samarqand shahrida bo‘lib o‘tgan GEF VIII Assambleyasi yakunlariga ko‘ra, “O‘zbekistonda kimyoviy moddalar va chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz boshqarish orqali Stokgolm konvensiyasini amalga oshirishni qo‘llab-quvvatlash” nomli yangi loyiha ma’qullandi.

Loyiha O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi tomonidan BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) bilan hamkorlikda, GEFning moliyaviy ko‘magida amalga oshiriladi. Tashabbusning umumiy budjeti 4,95 million AQSH dollarini tashkil etadi. Loyihani 2031-yilgacha amalga oshirish rejalashtirilgan bo‘lib, u kimyoviy moddalar va chiqindilar bilan ekologik xavfsiz muomala qilish sohasidagi milliy salohiyatni mustahkamlash hamda O‘zbekistonning doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar bo‘yicha Stokgolm konvensiyasi doirasidagi majburiyatlarini bajarishga qaratilgan.

Bugungi kunda xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilar bilan ishlash masalalari alohida ahamiyat kasb etmoqda. Mintaqaning ko‘plab davlatlari kabi O‘zbekiston ham sanoat faoliyati va eskirib qolgan pestitsidlar to‘planishi natijasida yuzaga kelgan tarixiy ekologik ifloslanish oqibatlariga duch kelmoqda. Doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar ekotizimlar, bioxilma-xillik va aholi salomatligi uchun jiddiy xavf tug‘diradi, chunki ular atrof-muhitda uzoq vaqt saqlanib qolishi va tirik organizmlarda to‘planishi mumkin.

Loyiha doirasida milliy monitoring tizimlari va laboratoriya bazasini modernizatsiya qilish, xavfli kimyoviy moddalar va chiqindilarni boshqarish mexanizmlarini takomillashtirish, ifloslangan hududlarni aniqlash va rekultivatsiya qilish, shuningdek, tegishli idoralarning texnik salohiyatini oshirish hamda idoralararo hamkorlikni rivojlantirish nazarda tutilgan.

Loyihaning bevosita foyda oluvchilari qatoriga taxminan 10 ming kishi, jumladan, 5 ming nafar ayol kirishi kutilmoqda. Asosiy ekologik natijalar sifatida doimiy organik ifloslantiruvchi moddalar bilan zararlangan 565 tonna qattiq va suyuq chiqindilarni ekologik jihatdan xavfsiz tarzda yo‘q qilish hamda utilizatsiya qilish, shuningdek, 150 tonna eskirgan pestitsidlarni xavfsiz usulda zararsizlantirish rejalashtirilgan.

Mazkur loyihaning amalga oshirilishi ekologik xatarlarni kamaytirish, aholi salomatligini himoya qilish va tabiiy ekotizimlarni saqlash yo‘lida muhim qadam bo‘ladi. Shuningdek, tashabbus atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha milliy maqsadlarga erishish hamda O‘zbekistonning yanada yashil va barqaror kelajak sari o‘tishiga sezilarli hissa qo‘shadi.