Bu boradagi tizimli yondashuv samarasida bankka biriktirilgan 680ga yaqin mahallalarda joriy yilning birinchi yarmida 19 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan taʼminlandi, qariyb 89 ming fuqaroning daromadi oshirildi.

Asrlar sadosini yangi avlodga ulagan hunar

Andijon viloyati Shahrixon shahridagi Nur mahallasida 1810-yilda Najmiddin ota asos solgan pichoqchilik anʼanasi bugun sulolaning toʻqqizinchi avlodi tomonidan munosib davom ettirilmoqda. Yosh hunarmand Arobiddin bobosi Alixoʻja ota bilan birga ustaxonani rivojlantirmoqda.

Ushbu jarayonda mahalla bankiri ham uning ishonchli hamkoriga aylangan. Bugun ustaxonada besh nafar shogird hunar sirlarini oʻrganmoqda, oʻttizdan ortiq turdagi pichoq ishlab chiqarilmoqda, mahsulotlar xorijiy xaridorlarga ham yetkazib berilmoqda. Shu tariqa asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy hunar yanada rivojlanib, kelajak avlodga yetkazilmoqda.

Gidroponika – zamonaviy texnologiya va barqaror daromad

Angren shahridagi Samarchugʻ mahallasida mahalla bankiri koʻmagida tadbirkor Toʻrabek Ibragimov gidroponika usulida qulupnay yetishtirishni yoʻlga qoʻydi.

Bugun mazkur loyiha yiliga ikki mavsum hosil berib, har safar oʻrtacha ikki tonna qulupnay yetishtirmoqda. Natijada yillik daromad 300 million soʻmdan oshdi. Bu esa zamonaviy agrotexnologiyalar mahalliy tadbirkorlik uchun qanchalik samarali ekanini amalda koʻrsatmoqda.

Eʼtiborlisi, bu kabi loyihalar Biznesga birinchi qadam dasturi orqali mamlakatning turli hududlarida kengayib bormoqda. Joriy yilning 30-iyul holatiga koʻra, dastur doirasida 10,6 mingdan ziyod fuqaroga jami 375,4 mlrd soʻm kredit ajratilib, reja 180 foizga bajarildi. Bu bitta hovli qulupnayzoridan boshlangan tajribaning minglab oilalar daromadiga aylanayotganini anglatadi.

“Oʻzgarish”dagi oʻzgarishlar

Davlatimiz rahbarining Toshkent shahri Sergeli tumaniga tashrifi davomida mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi yana bir bor namoyon boʻldi. Tumanning “Oʻzgarish” mahallasida faoliyat yurituvchi mahalla bankiri Bekzod Ubayev koʻmagida oʻndan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti moliyaviy qoʻllab-quvvatlandi. Pirovardida, bir mahallada tikuvchilik, sartaroshlik, hunarmandchilik, yarim tayyor mahsulotlar hamda non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga doir yangi biznes loyihalar ishga tushdi.

Bunda mahalla bankiri aholi ehtiyojlari va hududning biznes salohiyatini chuqur oʻrganib, nafaqat tadbirkorlik loyihalarini tatbiq etishga, balki mahallada bandlik darajasini oshirish, xizmatlar koʻlamini kengaytirishga munosib hissa qoʻshdi.

Islohotlarning insonlar hayotidagi ifodasi

Shahrixondagi hunarmand, Angrendagi qulupnay yetishtiruvchi tadbirkor va Sergelida oʻz biznesini boshlagan fuqarolar haqidagi misollar mahalla bankirlari faoliyatining haqiqiy mazmunini koʻrsatadi.

Mahalla bankirlari orqali bank strategiyasi raqamlardan amaliy natijaga aylanib, odamlarning ish bilan taʼminlanishi, daromadining oshishi va tadbirkorlik tashabbuslarining roʻyobga chiqishiga xizmat qilmoqda. Bu esa har bir mahallaning iqtisodiy imkoniyatini kuchaytirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda ijtimoiy islohotlarning amaliy natijasini taʼminlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

“Oʻzsanoatqurilishbank” ATB

Tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati