Bu boradagi tizimli yondashuv samarasida bankka biriktirilgan 680ga yaqin mahallalarda joriy yilning birinchi yarmida 19 mingdan ziyod aholi doimiy ish bilan ta’minlandi, qariyb 89 ming fuqaroning daromadi oshirildi.
Asrlar sadosini yangi avlodga ulagan hunar
Andijon viloyati Shahrixon shahridagi “Nur” mahallasida 1810 yilda Najmiddin ota asos solgan pichoqchilik an’anasi bugun sulolaning to‘qqizinchi avlodi tomonidan munosib davom ettirilmoqda. Yosh hunarmand Arobiddin bobosi Alixo‘ja ota bilan birga ustaxonani rivojlantirmoqda.
Ushbu jarayonda mahalla bankiri ham uning ishonchli hamkoriga aylangan. Bugun ustaxonada besh nafar shogird hunar sirlarini o‘rganmoqda, o‘ttizdan ortiq turdagi pichoq ishlab chiqarilmoqda, mahsulotlar xorijiy xaridorlarga ham yetkazib berilmoqda. Shu tariqa asrlar davomida saqlanib kelayotgan milliy hunar yanada rivojlanib, kelajak avlodga yetkazilmoqda.
Gidroponika – zamonaviy texnologiya va barqaror daromad
Angren shahridagi “Samarchug‘” mahallasida mahalla bankiri ko‘magida tadbirkor To‘rabek Ibragimov gidroponika usulida qulupnay yetishtirishni yo‘lga qo‘ydi.
Bugun mazkur loyiha yiliga ikki mavsum hosil berib, har safar o‘rtacha ikki tonna qulupnay yetishtirmoqda. Natijada yillik daromad 300 million so‘mdan oshdi. Bu esa zamonaviy agrotexnologiyalar mahalliy tadbirkorlik uchun qanchalik samarali ekanini amalda ko‘rsatmoqda.
E’tiborlisi, bu kabi loyihalar “Biznesga birinchi qadam” dasturi orqali mamlakatning turli hududlarida kengayib bormoqda. Joriy yilning 30 iyul holatiga ko‘ra, dastur doirasida 10,6 mingdan ziyod fuqaroga jami 375,4 mlrd so‘m kredit ajratilib, reja 180 foizga bajarildi. Bu bitta hovli qulupnayzoridan boshlangan tajribaning minglab oilalar daromadiga aylanayotganini anglatadi.
“O‘zgarish”dagi o‘zgarishlar
Davlatimiz rahbarining Toshkent shahri Sergeli tumaniga tashrifi davomida mahallalarda amalga oshirilayotgan islohotlar samarasi yana bir bor namoyon bo‘ldi. Tumanning “O‘zgarish” mahallasida faoliyat yurituvchi mahalla bankiri Bekzod Ubayev ko‘magida o‘ndan ortiq yangi tadbirkorlik subyekti moliyaviy qo‘llab-quvvatlandi. Pirovardida, bir mahallada tikuvchilik, sartaroshlik, hunarmandchilik, yarim tayyor mahsulotlar hamda non va non mahsulotlari ishlab chiqarishga doir yangi biznes loyihalar ishga tushdi.
Bunda mahalla bankiri aholi ehtiyojlari va hududning biznes salohiyatini chuqur o‘rganib, nafaqat tadbirkorlik loyihalarini tatbiq etishga, balki mahallada bandlik darajasini oshirish, xizmatlar ko‘lamini kengaytirishga munosib hissa qo‘shdi.
Islohotlarning insonlar hayotidagi ifodasi
Shahrixondagi hunarmand, Angrendagi qulupnay yetishtiruvchi tadbirkor va Sergelida o‘z biznesini boshlagan fuqarolar haqidagi misollar mahalla bankirlari faoliyatining haqiqiy mazmunini ko‘rsatadi.
Mahalla bankirlari orqali bank strategiyasi raqamlardan amaliy natijaga aylanib, odamlarning ish bilan ta’minlanishi, daromadining oshishi va tadbirkorlik tashabbuslarining ro‘yobga chiqishiga xizmat qilmoqda. Bu esa har bir mahallaning iqtisodiy imkoniyatini kuchaytirish, aholi farovonligini yuksaltirish hamda ijtimoiy islohotlarning amaliy natijasini ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
“O‘zsanoatqurilishbank” ATB
Tashqi aloqalarni muvofiqlashtirish xizmati
Hamkorlik materiali