Xalqimiz tabiatan san’atsevar. Qo‘shiqsiz yashay olmaydi. Qo‘shiq uning jonu taniga, ruhiyatiga singib ketgan. Boshiga tushgan kulfatlarni, azob-uqubatlarni, og‘ir zamonlar ko‘rgiliklarini, talafotlarni, qo‘yingki, turfa og‘ir kunlarini qo‘shiq bilan, kuy bilan yengib o‘tgan. Hamisha uning dardlariga kuy-qo‘shiqlarimiz malham bo‘lgan. Yaxshi-yomon, shodlik va g‘am, quvonch va iztirob, och va to‘q kunlarini qo‘shiq bilan baham ko‘rgan, qo‘shiqdan madad, kuch olib yashagan. Xalq kuylari, xalq musiqasi degan iboralar bejiz paydo bo‘lmagan.

Shu bois, milliy musiqa xalqimiz tafakkurida juda yuksak darajaga ko‘tarilgan. Mustaqillikka erishgach, milliy san’atimiz rivojlanishning yangi bosqichiga ko‘tarildi. Bu qadim milliy san’atimizni dunyo tan olib, yuksak e’tirof etayotgani hayratli voqea. Bunga o‘zim xorijiy davlatlarga ijodiy safarlarga borganimda hamisha guvoh bo‘laman.

Davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi, farmon va qarorlari tufayli yurtimizda Xalqaro maqom va baxshichilik san’ati anjumanlari, xalqaro “Lazgi” raqs festivallarini o‘tkazish an’anaviy tarzda yo‘lga qo‘yilgani, yangi O‘zbekiston nufuzini dunyoga yoyishda, boqiy san’atimizni targ‘ib qilishda juda katta ahamiyat kasb etayotgani quvonchli hodisa. Ayniqsa, “Shashmaqom”ning YUNЕSKO tomonidan insoniyatning nomoddiy madaniy merosi sifatida e’tirof qilinishi hamda uning Reprezentativ ro‘yxatga kiritilishi san’atimiz nufuzi yanada yuksalishida juda ulkan va tarixiy voqelik bo‘ldi.

So‘nggi yillarda mashhur, el sevgan buyuk san’atkorlar — Komiljon Otaniyozovning 100 yilligi, Botir Zokirovning 85 yilligi keng nishonlandi. Yana bir voqea — Andijonda mashhur hofiz Sherali Jo‘rayevning ijod maktabi tashkil etilganini ham milliy qo‘shiqchilik san’atimiz rivojiga qaratilgan yuksak e’tibor deb bilamiz.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan jurnalist, yozuvchi va publitsist Ashurali Jo‘rayev qalamiga mansub “Oltin ovozlar” kitobi nashrdan chiqdi. Ushbu to‘plam o‘zbek milliy qo‘shiqchilik san’ati rivojiga beqiyos hissa qo‘shgan va o‘z ovozi, betakror ijro uslubi bilan maktab yaratib ketgan buyuk ustozlarimiz — akademik Yunus Rajabiy, tengsiz hofizlar Hoji Abdulaziz Abdurasulov, Komiljon Otaniyozov, Ma’murjon Uzoqov, Muhammadjon Mirzayev, Botir Zokirov, Faxriddin Umarov kabi el sevgan san’atkorlarning ibratli hayoti, ijod yo‘lidagi yuksak mahoratlari teran yozilgan esselar bilan boshlanadi. Aslida, bu ulug‘larning har biri bir kitobga arziydi.

Kitobni zavq va mehr bilan o‘qish jarayonida el ardoqlagan, muxlislari behisob bo‘lgan mashhur san’atkorlar Sherali Jo‘rayev, Bobomurod Hamdamov, Otajon Xudoyshukurov, Ortiq Otajonov, O‘lmas Saidjonov, Hasan Rajabiy, Matluba Dadaboyeva, Rahmatjon Qurbonovning betakror ovozlarini qayta tinglagandek bo‘lasiz. Yana bir bor ularning qo‘shiq dunyosiga ma’naviy sayohat qilasiz. Bu el sevgan san’atkorlar safida kamina haqida ham mazmundor esse yozgani uchun muallifga minnatdorlik bildiraman.

Mamnuniyat bilan ta’kidlamoqchimanki, Ashurali Jo‘rayev har bir mashhur san’atkorning hayoti va ijodi, nihoyatda o‘ziga xosligini, betakrorligini, ovozlaridagi noyob qochirimlar, avjlarni, ijro uslub¬laridagi yoqimli jozibani xuddi jonli ijrodagidek, jonli misralarda yorqin ochib berishga astoydil intilgan. Bu muallifning, ayniqsa, milliy qo‘shiqchilik san’ati sirlarini puxta o‘rganganini namoyon etib turibdi.

Muallif mashhur san’atkorlarning ijod yo‘llari va barhayot qo‘shiqlari, yulduzlar kabi porlab turgan repertuarlarini juda puxta o‘rganib, kitobni “Oltin ovozlar” deb nomlagani har jihatdan tahsinga loyiq. Aslida, o‘zbek milliy va mumtoz qo‘shiqchilik va ashulachilik san’atimizda haqiqiy oltin ovozlar yetarli. Bir kitobda ularning hammasini jamlash imkonsiz.

Bu kitobni barcha san’at muxlislari zavq-shavq va harorat bilan o‘qishiga ishonaman. Ayniqsa, respublikamizdagi musiqa san’ati oliy ta’lim -muassasalarida, musiqa maktablarida faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar, musiqashunos mutaxassislar, bo‘lajak olimlar va ayniqsa, talaba yoshlar va o‘quvchilar o‘qib-o‘rganishi hamda qo‘shiqchilik san’ati sirlarini chuqur bilishi uchun o‘ziga xos teran manba va qo‘llanma bo‘lib xizmat qiladi.

Men Ashurali Jo‘rayevni talabalik yillarimdan yaxshi bilaman, yozganlarini hamisha qiziqish bilan o‘qib kelaman. San’at sohasining turli yo‘nalishlarida bo‘ladigan anjumanlar, tadbirlar, ko‘rik-tanlovlarda muntazam qatnashib, ajoyib maqolalar yozgani va san’at sohasi namoyandalari bilan qiziqarli suhbatlari o‘quvchilar e’tiboridan chetda qolmas edi. San’atni yozish uchun san’atni his qilish va sevish kerak. Bu sohani Ashurali aka yuksak mahorat bilan yoritib kelayotgan ijodkor. Uning o‘ziga xos qalami, aytar so‘zi bor.

Tanlagan mavzusini puxta o‘rganib, mohiyatiga kirib, chuqur anglab so‘ngra yozadi. Shu bois, Ashurali aka yozgan maqolalar ko‘pincha bahs-munozaralarga sabab bo‘ladi.

Yaxshi eslayman, mustaqilligimizning dastlabki yillarida Yevropaning qator mamlakatlari, AQShga qilgan ijodiy safarlarimiz haqida “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasida salmoqli maqolalari va suhbatlari e’lon qilingan. Xullas, Ashurali Jo‘rayev o‘zbek matbuotida haqiqiy san’at jurnalisti bo‘lib tanildi va jamoatchilik tomonidan e’tirof etildi.

Ayniqsa, Ashurali Jo‘rayevga o‘zbek milliy estrada san’ati asoschisi, O‘zbekiston xalq artisti Botir Zokirov hayoti va ijodi haqida yozgan “Yurak bo‘ronlari” ma’rifiy romani katta shuhrat keltirdi.

San’at sohasining fidoyi va jonkuyar ijodkorlaridan biri, ustozimiz - Ashurali Jo‘rayevning ushbu yangi kitobi yana bir bor san’at ixlosmandiga muborak bo‘lsin. Umid qilamizki, muallif boshlagan ezgu va xayrli ijodiy ishlarini davom ettirib, yangi oltin ovozlarni kashf etib, yangi kitoblarni yana tortiq qilishdan charchamaydi. Asrlar davomida zavol bilmay, yuraklarni mangu hayratlarga to‘ldirib kelayotgan o‘zbekning oltin ovozlari, boqiy navolari abadiy yangrayveradi!

Munojat YO‘LCHIYEVA,

O‘zbekiston Qahramoni,

Xalq artisti, professor