Inson qadri... Unga nima yetsin! To‘g‘ri, bugun menga berilayotgan davlat mukofotlari juda sharafli. Lekin davlatimiz rahbarining inson qadri haqidagi so‘zlari, avvalo, shaxsan o‘zi inson qadri qanday bo‘lishi kerakligini samimiy ko‘rsatib berayotgani men uchun nihoyatda aziz. Yaratganga behisob shukr, mana, 40-50 yildan oshdiki, el xizmatidaman. Bu e’tibor va rag‘bat, ochig‘i, juda o‘ziga xos, ilgari hattoki tushimizga ham kirmaydigan baxtning o‘zginasi bo‘ldi.

 O‘ylab qarasam, el-yurtga qilingan xizmat, qo‘shilgan hissa halol bo‘lsa, al-batta, samara berarkan. Men buni takror va takror aytishdan charchamayman: ota-onamning nasihatiyu duosi, tarbiyasiyu maktabi bejiz emas ekan. Demak, ular­ning qandaydir fayzu barakasi bo‘lgan. Mana natijasi. Aslida, e’tirof yoki mukofot haqida o‘ylamay turib halol xizmat qilish bizning asosiy vazifamiz va buni doimo bajonidil bajarimiz. Davlatimiz rahbarining ijodimizga bergan yuksak bahosi, bunday e’tibor­ga sazovor bo‘lish men uchun qanday ul­kan baxt ekanini so‘z bilan ifodalash qiyin!

Yaqinda nomim bilan yuritiladigan yangi musiqa maktabi ochilishi, unda yosh iste’dodlar va ansambllar faoliyat yuri­tishi, shuningdek, o‘qituvchilarga ham alohida e’tibor qaratilishi haqida eshi­tib, hayratimni yashira olmadim. Rosti, bu yuksak e’tibor to‘liqicha davlatimiz rahbarining g‘oyasi ekani meni lol qol­diribdi. Chunki bu zo‘r g‘oya. Xudo xohlasa, u kelajak avlodning kamolotida mustahkam ildizlardan biri bo‘lib xizmat qiladi. To‘g‘ri, mening nomimdagi musiqa makta­bi bo‘lishi juda katta sharaf. Presiden­timizning o‘zi bu tashabbusning barcha bandigacha belgilab berganida juda chuqur ma’no va an’ana mujassam deb bilaman. Bu kelgusida boshqa maktablar ham havas qiladigan dargohga aylanadi!

Yuksak e’tibor meni yanada ilhomlan­tirib, turli ijodiy g‘oyalar tug‘ilishiga sabab bo‘lyapti. Yoshlar bilan ansambllar tuzamizmi, dasturlar va bayramlarda qat­nashamizmi — bularning barchasi menga cheksiz ilhom bag‘ishlamoqda. Xuddi o‘z vaqtida yozilgan “Uchquduq”, “Shahrisabz” kabi qo‘shiqlarimiz qatorida bugun bar­po etilayotgan yangi shaharlarimiz nomi ham ijodimizda paydo bo‘lsa, ajab emas. Shoirlarimiz yozsa bo‘ldi, qandaydir ohanglar o‘z-o‘zidan qalbdan quyilib kelyapti.

Bugun men uchun mutlaqo yangi ijodiy bosqich boshlandi. Hozirgi g‘ayratim bi­lan hattoki tog‘larni talqon qilishga ham tayyorman! Kuchim yetguncha, umrimging oxirigacha shu jonajon Vatanimga xizmat qilishga yana bir bor ahd qildim hamda buni o‘zim uchun katta sharaf, ayni paytda ulkan mas’uliyat deb bilaman. Bu mas’uli­yatni butun ongim, qalbim bilan his etib turibman.

Yurtimiz hamisha tinch, diyorimiz obod bo‘lsin! Biz, san’atkorlar mana shunday dorilamon, yaxshi kunlarda xalqimizning xizmatida bo‘lishga doimo tayyormiz.

Farrux ZOKIROV,

O‘zbekiston xalq artisti,

“Buyuk xizmatlari uchun” ordeni sohibi