Aniqlanishicha, "Mahalla" xayriya jamoat fondi balansida bo‘lgan hudud keyinchalik "Al-Latif Hearts Tower" MChJ tasarrufiga o‘tkazilgan hamda rekonstruksiya va qo‘shimcha bino-inshootlar qurish uchun tegishli ruxsat hujjatlari rasmiylashtirilgan.

Biroq "Lolazor" MFY hududidagi ko‘p qavatli uylar aholisi mazkur hududda yangi bino qurilishiga qarshilik bildirgan. Shuningdek, "Mahalla" xayriya jamoat fondi bilan investor o‘rtasidagi investitsiya shartnomasi bekor qilingan.

Shunga qaramay, 2026-yil iyun oyida fond balansidagi 172 kvadrat metr maydondagi bino buzib tashlangani oqibatida davlat manfaatlariga jiddiy zarar yetkazilgani aniqlangan.

Mazkur holat yuzasidan 2026-yil 27-iyul kuni tuman prokuraturasi tomonidan "Al-Latif Hearts Tower" MChJ mansabdor shaxslari va boshqa shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jamiyatning norasmiy rahbari sifatida ko‘rsatilayotgan Asliddin Ikromov gumon qilinuvchi tariqasida protsessual tartibda ushlandi.

Ayni paytda mazkur holat yuzasidan tergov harakatlari davom ettirilmoqda. Mas’ullarning xatti-harakatlariga huquqiy baho berish hamda bolalar maydonchasini avvalgi holatiga qaytarish bo‘yicha zarur choralar ko‘rilmoqda.