London Qirollik kolleji olimlari “npj Aging” jurnalida chop etilgan tadqiqotda shunday xulosaga kelishdi, deb xabar berdi lenta.ru.

Mazkur tadqiqotda 52 nafar o‘rta yoshli sog‘lom kishilar ishtirok etdi. Uch oy davomida ishtirokchilarning bir qismi haftasiga uch marta aerob va kuch mashqlari dasturini bajarishdi, qolganlari esa nazorat guruhiga kiritildi. “Aerob” so‘zi “kislorod ishtirokida yashovchi” degan ma’noni anglatadi. Bunday mashg‘ulotlar paytida yurak, o‘pka va qon aylanish tizimi ishlayotgan to‘qimalarni kislorod bilan to‘liq ta’minlashga ulguradi, bu esa uzoq vaqt davomida bir xil sur’atni saqlab turish imkonini beradi.

Dastur tugagandan so‘ng, olimlar sport bilan shug‘ullangan ishtirokchilarda kayfiyatning yaxshilanishi va qon tarkibidagi o‘zgarishlarni aniqladi. Bu esa miyaning xotira va o‘rganish uchun mas’ul bo‘lgan qismi bo‘lgan gippokampdagi neyronlarning o‘tmishdosh hujayralariga ta’sir qilishi mumkin ekan.

Ushbu o‘zgarishlar ta’sirini o‘rganish uchun tadqiqotchilar laboratoriya modelidan foydalanishdi: ishtirokchilarning qon zardobi mashg‘ulotlardan so‘ng miya hujayralariga yuborildi. U yangi neyronlar hosil bo‘lishida ishtirok etuvchi hujayralar faolligi bilan bog‘liq jarayonlarga ta’sir ko‘rsatdi.

Shu bilan birga, uch oylik mashg‘ulotlardan keyin olimlar kognitiv testlarda sezilarli yaxshilanishni aniqlamadi. Ular xotira va miyaning boshqa funksiyalaridagi o‘zgarishlar jismoniy faollikning uzoqroq davrini talab qilishi mumkinligini taxmin qilishmoqda.

Avvalroq olimlar atigi 10 daqiqalik juda sekin yugurish ham miyaning ijro etuvchi funksiyalarini yaxshilashi mumkinligini aniqlashgan edi.