Bu fikrlar Oʻzbekiston Prezidentining 2026-yil aprelda qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlashga tayyorgarlik koʻrish va uni oʻtkazish toʻgʻrisida”gi qarori muqaddimasida qayd etilgan. Qaror bilan “Yagona Vatan, yagona xalq boʻlib, yangi hayot va kelajak yaratamiz!” degan bosh gʻoyani oʻzida mujassam etgan gʻoyaviy-badiiy konsepsiya va dastur tasdiqlandi hamda shu negizda yurtimiz boʻylab eng ulugʻ va eng aziz bayramimiz tadbirlari oʻtkazilmoqda.
Konstitutsiya va
Oʻzbekistonning yagona xalqi
Istiqlol
bayramining ushbu bosh gʻoyasi oʻz maʼno-mazmuniga koʻra 2023-yil 30-aprelda
yangi tahrirda qabul qilingan Konstitutsiyamizning tub mohiyatiga batamom
uygʻun.
“Yagona
xalq” — oʻzbek xalqi, Oʻzbekiston xalqi. Istiqlol arafasidayoq ishlab chiqishga
kirishilgan va 1992-yil 8-dekabrda mustaqil xalqimiz va suveren davlatimiz
qabul qilgan Konstitutsiyamizda qayd etilganidek, “Oʻzbekiston xalqini
millatidan qatʼi nazar, Oʻzbekiston Respublikasining fuqarolari tashkil etadi”.
Oʻz
navbatida, 2023-yil 30-aprelda referendum oʻtkazish orqali qabul qilingan yangi
tahrirdagi Konstitutsiyamiz “Oʻzbekistonning yagona xalqi” degan yanada
haqqoniy tushuncha bilan boyitildi. Taʼbir joiz boʻlsa, “yagona xalq”
tushunchasining mazmun-mohiyatini Vatanimizda doimiy asosda yashab kelayotgan
fuqarolar va barcha zamindosh insonlar tashkil etishiga oid real voqea Asosiy
qonunimizning boshqa moddalarida izchil rivojlantirilgani har qanday tahsinga
loyiq.
Yangi
tahrirdagi Konstitutsiyamizning 23-moddasiga koʻra “Oʻzbekiston Respublikasi
oʻz hududida ham, uning tashqarisida ham oʻz fuqarolarini himoya qilish va
ularga homiylik koʻrsatishni kafolatlaydi. Oʻzbekiston Respublikasi fuqarosi
Oʻzbekistondan tashqariga majburiy chiqarib yuborilishi yoki boshqa davlatga
berib yuborilishi mumkin emas. Davlat xorijda yashayotgan vatandoshlar bilan
aloqalarni saqlab qolish hamda rivojlantirish toʻgʻrisida xalqaro huquq
normalariga muvofiq gʻamxoʻrlik qiladi”.
Shunday
gʻamxoʻrlikka bitta amaliy misol. Gap shundaki, mamlakatimizda paxtachilikda
bozor iqtisodiyoti tamoyillari joriy etilib, soha oʻz egasining tasarrufiga
berildi. Natijada oʻqituvchi maktabga, shifokor shifoxonaga qaytdi,
tadbirkorlar paxta “oʻlponi”dan ozod boʻldi, majburiy mehnat va bolalar
mehnatiga chek qoʻyildi.
Bugungi
Oʻzbekiston — kechagi Oʻzbekiston emas, bugungi xalqimiz ham kechagi, yaʼni
paxta dalasidan boshqa tashvishi boʻlmagan xalq emas. Bugun yangi
Oʻzbekistonning davri, yagona Oʻzbekiston xalqining yangicha zamoni keldi.
Keyingi
oʻn yilda yangi Oʻzbekistonni barpo etishda Prezidentimiz tashabbusi, yaʼni
“Xalq davlat idoralariga emas, davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi
kerak”, degan insonparvar gʻoyaga tayanilmoqda. Bunday gʻoyaga demokratik
yondashuv ham aynan xalqimiz manfaatlariga xizmat qilmoqda.
Mahalla — jamiyatning yuzi
Mamlakatimizdagi
barcha oʻzgarishlar, avvalo, mahallada oʻz ifodasini topadi. Binobarin,
Oʻzbekistonda shunday tizim yaratildiki, ilgari jiddiy deb hisoblangan koʻplab
masalalarga yechim endi aynan mahallaning oʻzida topilyapti.
Shu
maʼnoda, Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan mamlakatimizda 2026-yilning
“Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish yili” deb eʼlon qilingani
bejiz emas. Zero, davlatimiz rahbari ishonch bilan qayd etganidek, mahalla
tinch va ahil boʻlsa, jamiyatimiz tinch va hamjihat boʻladi. Mahalla
rivojlansa, butun mamlakatimiz yuksaladi.
Joriy
yil davlat boshqaruvi, sud-huquq tizimi, iqtisodiyot tarmoqlari, taʼlim,
ilm-fan, tibbiyot, madaniyat, sport, ekologiya tizimi — barcha-barcha sohani
rivojlantirishda tub burilish yili sifatida koʻzga tashlanmoqda. Bu hayotiy
haqiqatning tasdigʻi uchun ayrim misollarni keltiramiz.
Yangi
tahrirdagi Konstitutsiyamizga asosan davlat zimmasiga yuklatilgan ijtimoiy
majburiyatlarni bajarish hamda yurtimizda ijtimoiy davlat barpo etish borasida
ham ulkan ishlar qilinmoqda. Xususan, konstitutsiyaviy islohotlar oʻtkazilgan
davrda mamlakatimizda kambagʻallik darajasi 14 foiz edi. Bugun bu koʻrsatkich
5,8 foizga tushirildi. Vaholanki, mamlakatimizda yangi Oʻzbekiston islohotlari
boshlangan davrda kambagʻallik darajasi qariyb 35 foizni tashkil etardi. Oʻtgan
davrda 8,5 million ehtiyojmand fuqaroning daromadini oshirish hisobiga bugun
ana shunday muhim natijaga erishildi.
Oʻzbekistonda
aholining oʻrtacha umr koʻrish davomiyligi sezilarli darajada oshdi.
Maʼlumotlarga koʻra, 2025-yil yakunlari boʻyicha bu koʻrsatkich 75,4 yoshni
tashkil etgan. Istiqlolning ilk davri — 1991-yilda esa mamlakatda oʻrtacha umr
koʻrish davomiyligi 66,4 yosh boʻlgan. Demak, oʻtgan 35 yilda xalqimizning
oʻrtacha umr koʻrish darajasi naq toʻqqiz yilga uzayibdi.
Yana
bir muhim raqam: Milliy statistika qoʻmitasi maʼlumotiga qaraganda, 2026-yil
1-aprel holatiga koʻra, Oʻzbekistonning doimiy aholisi soni 38 million 382 ming
685 kishini tashkil etgan. Joriy yil iyun oxirida eʼlon qilingan roʻyxatga
olish natijalariga koʻra esa, yurtimiz aholisi 39 million nafardan oshgan.
Yaʼni mamlakatimizda aholi soni 1989-yildagi roʻyxatga olish natijalariga
nisbatan 2 barobar ortgan. Bu raqam istiqlol yillarida xalqimiz nufusi ikki
karra koʻpayganidan dalolat beradi.
Yangi
Oʻzbekistonda turizm sohasi jadal rivojlanib, tarixiy rekordlarni yangilamoqda
va yurtimizga bir oyning oʻzida 1 million sayyoh kelishi odatiy holga
aylanmoqda. Mamlakatimizga kelgan xorijlik sayyohlar soni 2025-yilda qariyb 12
millionga yetgani va joriy yilning birinchi yarmida 6,5 milliondan ortiqni
tashkil etgani bu fikrni yaqqol tasdiqlaydi.
Shu
maʼnoda, Oʻzbekistonda 35 yillik mustaqillik davrida qoʻlga kiritilgan eng
asosiy yutuqlar, avvalo, milliy davlatchilik asoslarini qurish, iqtisodiy
suverenitet, infratuzilma mustaqilligi va global dunyoga integratsiyalashuv
bilan bogʻliqligi bejiz emas. Bunda, avvalo, davlatchilik va suverenitetni
shakllantirish, rivojlantirish hamda mustahkamlash yoʻnalishlarida qator muhim
tarixiy natijalarga erishildi.
Bu
haqda fikr yuritganda, Oʻzbekiston mustaqillik yillarida turli sohalarda
erishgan bemisl yutuqlarning aksariyati oxirgi oʻn yilga toʻgʻri kelishini
alohida eʼtirof etish kerak. Yangi Oʻzbekistondagi eng asosiy yutuqlar
iqtisodiy erkinlik, xalqaro ochiqlik, davlat xizmatlarining raqamlashishi va
ijtimoiy sohadagi tub burilishlar bilan chambarchas bogʻliq.
Jahon siyosatining faol va
tashabbuskor subyekti
Yangi
tahrirdagi Konstitutsiyada har bir insonning oʻz huquqlarini himoya qilish
uchun milliy va xalqaro institutlarga murojaat qilish huquqi kafolatlandi.
Konstitutsiyaviy shikoyat instituti konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanib,
fuqarolar Konstitutsiyaviy sudga bevosita murojaat qilish huquqiga ega boʻldi.
Jahon mamlakatlari orasida birinchilardan boʻlib inson huquqlari boʻyicha
milliy institutlarning maqomi konstitutsiyaviy darajada taʼminlandi.
Yanada
muhimi, soʻnggi yillarda yangi Oʻzbekiston jahon siyosatining obyekti emas,
balki tom maʼnoda faol va tashabbuskor subyektiga aylandi. Zero, XX asr
boshidan yaqin davrlargacha Oʻzbekiston jahon siyosati obyekti boʻlgan va unga
nisbatan goh “yaqin xorij”, goh “xomashyo bazasi”, goh esa “postsovet hududi”
kabi bepisand “yorliq”lar qoʻllanib kelingani sir emas.
Keyingi
oʻn yilda mamlakatimiz jahon siyosatida boshqalarning ortidan ergashadigan
tashabbussiz obyekt holatidan dadil chiqib oldi. Eʼtiborli jihati, dunyoda
keskin geosiyosiy oʻzgarishlar yuz berayotgan bugungi murakkab sharoitda yangi
Oʻzbekiston xalqaro hamjamiyatga iqlimni muhofaza qilish, “yashil
iqtisodiyot”ni joriy etish, fuqarosizlikka barham berish, inson huquqlarini
taʼminlash kabi turli sohalarda yangi gʻoya hamda tashabbuslarni taqdim
etayotgan jahon siyosatining faol aktoridir.
Eʼtibor
bering: mamlakatimiz BMTning fuqarosizlikni bartaraf etish boʻyicha
tavsiyalarini bajarish borasida tarixiy yutuqqa erishdi. Gap shundaki,
1991-yildan 2016-yilgacha bor-yoʻgʻi 482 kishi Oʻzbekiston fuqaroligini olgan
boʻlsa, 2017-yildan 2026-yilgacha 85 mingdan ortiq kishi Oʻzbekiston
fuqaroligiga ega boʻldi. Bu koʻrsatkich mamlakatimizdagi insonparvar siyosat
jamiyatning hamma qatlamini qamrab olish va inson qadr-qimmatini tom maʼnoda
hurmat qilishga qaratilganini baralla namoyon etadi.
BMT
Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston Prezidenti tashabbusi bilan 15 ta
rezolyutsiya qabul qilindi. Bu haqda soʻz borganda BMT Bosh Assambleyasi
2026-yil iyulda Prezidentimiz tashabbusi bilan ilgari surilgan “Ijtimoiy
rivojlanishni jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish
toʻgʻrisida”gi rezolyutsiyani qabul qilgan.
Mazkur
hujjatga dunyoning barcha mintaqasini ifodalovchi, BMTga aʼzo 61 davlat
hammuallif boʻldi. Bu Oʻzbekistonning ijtimoiy rivojlanish, Barqaror
rivojlanish maqsadlariga erishish va parlament diplomatiyasini rivojlantirishga
qaratilgan tashabbuslari xalqaro hamjamiyat tomonidan keng
qoʻllab-quvvatlanayotganini tasdiqlaydi.
Bu
hujjat Oʻzbekistonning parlament roliga oid birinchi tashabbusi emas. Bundan
avval, 2022-yil 14-dekabrda ham BMT Bosh Assambleyasi tomonidan Oʻzbekiston
tashabbusi bilan “Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishni
jadallashtirishda parlamentlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi maxsus
rezolyutsiya qabul qilingan.
Davlatimiz
rahbari mintaqaviy hamkorlikni yanada mustahkamlash boʻyicha ham qator
tashabbuslarni ilgari surdi. Markaziy Osiyo davlatlari bugun dolzarb boʻlgan
mintaqaviy masalalarni ochiq va samimiy muhokama qila boshladi. Natijada
xalqaro siyosiy lugʻatda mintaqaviy taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiluvchi
oʻziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi”, “Yangi Markaziy
Osiyo” atamalari shakllandi.
Yangi
Oʻzbekiston global masalalar muhokama qilinadigan xalqaro muloqot maydoni
sifatida oʻzini yaqqol namoyon etayotgani alohida tahsinga sazovor. BMTning
teng huquqli va toʻlaqonli aʼzosi sifatida Oʻzbekiston tenglik, hamkorlik, koʻp
tomonlamalik va xalqaro siyosiy tizimni himoya qilish prinsiplariga soʻzsiz
amal qilishini namoyish etmoqda.
Soʻnggi
vaqtlarda xalqaro nizolarni tinch yoʻl bilan hal etish, yangi global qurolli
toʻqnashuvlarning oldini olish, mamlakatlar oʻrtasida hamkorlikni yoʻlga
qoʻyish, global muloqot, global harakatlar va butun dunyoda inson huquqlarini
himoya qilish kabi gʻoyalarni faol ilgari surmoqda.
Inson qadri ulugʻ, huquqlari
daxlsiz
Yangi
Oʻzbekistonda “Inson qadri uchun” degan insonparvar gʻoya davlat siyosatining
bosh mezoni sifatida qaror topdi. Endi har bir qonun, qaror va dastur, avvalo,
inson manfaatiga xizmat qilishi, uning huquq va erkinliklarini taʼminlashi,
munosib hayot sharoitini yaratishi lozim.
Oʻz
navbatida, inson huquqlari zamonaviy sivilizatsiya taraqqiyoti darajasini
koʻrsatib turuvchi mezondir. Afsuski, dunyoda sodir boʻlayotgan
ijtimoiy-iqtisodiy inqirozlar, geosiyosiy oʻzgarishlar va qurolli mojarolar
inson huquqlari masalalariga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Prezidentimiz
taʼkidlaganidek, “Hech kimning unutishga haqqi yoʻq — qonun talablari va inson
huquqlari — biz uchun oliy qadriyat”. Yangi Oʻzbekistonni barpo etish bilan
bogʻliq yangicha islohotlar sharoitida “inson, uning huquqlari, erkinliklari,
ayniqsa, qadri — eng muhim qadriyat” degan tamoyil eʼtirof etilmoqda.
Prezidentimiz
tashabbusi asosida ishlab chiqilgan “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi
loyihasi keng jamoatchilik tomonidan qizgʻin qoʻllab-quvvatlangani bejiz emas.
Bu —
yangi Oʻzbekiston tarixida inson huquqlari boʻyicha ikkinchi Milliy
strategiyadir.
“Inson
huquqlari — 2030” strategiyasi loyihasi 12 bobdan iborat. Unda:
—
Yangi Oʻzbekistonda inson huquqlarining joriy holat tavsifi;
—
Strategiyaning maqsad va vazifalari;
—
Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirishning asosiy prinsiplari;
—
Inson huquqlari strategiyasini amalga oshirish mexanizmlari boʻyicha
chora-tadbirlar dasturi;
—
Strategiyani amalga oshirishdan kutilayotgan natijalar;
—
Strategiyani amalga oshirishni monitoring qilish va hisobot berish tartibi;
—
Strategiyani amalga oshirishning moliyaviy va resurs taʼminoti;
—
Strategiyani amalga oshirish samaradorligini baholash mexanizmi kabi masalalar
oʻz ifodasini topgan.
Muhimi,
“Inson huquqlari — 2030” strategiyasini amalga oshirish boʻyicha chora-tadbirlar
dasturi 4 ustuvor yoʻnalishdan iborat “natija” koʻrsatkichlari va “bevosita
faoliyat natijasi” koʻrsatkichlarini qamrab olgan. Bu oʻrinda:
birinchidan,
inson huquqlari sohasida milliy qonunchilikni takomillashtirish;
ikkinchidan,
aholining ehtiyojmand toifalari huquqlarini himoya qilish hamda inklyuziv va
ijtimoiy adolatli jamiyatni shakllantirish;
uchinchidan,
inson huquqlari madaniyatini yuksaltirish va inson huquqlari sohasidagi taʼlim
tizimini rivojlantirish;
toʻrtinchidan,
Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasida xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va
xalqaro majburiyatlar ijrosini taʼminlashdan iborat ustuvor yoʻnalishlar haqida
soʻz bormoqda.
Shunday
qilib, “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi tasdiqlangach, unda belgilangan
ustuvor yoʻnalishlar ijrosining toʻliq hamda oʻz vaqtida taʼminlanishi,
shubhasiz, yangi Oʻzbekistonda inson huquqlari va erkinliklarini himoya qilish
mexanizmlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
Uchinchi Renessans — strategik
vazifamiz
Soʻnggi
yillarda mamlakatimiz, mintaqamiz, butun sayyoramiz miqyosida tinchlikni
saqlash, oʻzaro ishonchni mustahkamlash, maʼnaviyat va maʼrifatni
rivojlantirish, ekologiyani muhofaza qilish, shuningdek, ilgʻor innovatsiyalar,
zamonaviy texnologiyalar va “yashil iqtisodiyot”ni chuqur tatbiq etish orqali
barqaror taraqqiyotni taʼminlash yoʻlida tom maʼnoda bemisl samaralarga
erishilmoqda. Ushbu natijalarning barchasi inson qadrini ulugʻlashga
qaratilgani bilan nihoyatda ahamiyatli.
Mamlakatimiz
2028-yilda ilk ilmiy sunʼiy yoʻldoshini fazoga uchirishni rejalashtirmoqda.
Mazkur loyihaning Mirzo Ulugʻbek nomi bilan atalishi va u nafaqat kosmik
texnologiyalarni rivojlantirish, balki milliy-ilmiy maktabni shakllantirish va
yosh mutaxassislarni tayyorlashga ham xizmat qilishi kutilmoqda.
Shu
bilan birga, Oʻzbekistonimizning birinchi milliy kosmonavtini qisqa muddatli
kosmik parvozga tayyorlash ishlari ham boshlanib ketdi.
Vatanimiz,
xalqimiz, millatimiz namoyandalari yuksaklarga parvoz qilish haqida, fazo va
koinot, yulduzlar va sayyoralar kashfi xususida anchadan buyon oʻylamay va
intilmay, taʼbir joiz boʻlsa, orzu ham qilmay qoʻygandi, nazarimda. Bu oʻrinda,
avvalo, shoh va olim bobomiz Mirzo Ulugʻbek hazratlari zamonasi nazarda
tutilmoqda.
Istiqlolning
35 yilligi katta bayram qilinayotgan joriy yilda Sohibqiron Amir Temur, Mir
Alisher Navoiy bobolarimizning qutlugʻ tavallud ayyomlari ham keng
nishonlangani zamirida oʻziga xos ramziy maʼno mujassam. Zero, ulugʻ alloma
ajdodimiz Abu Rayhon Beruniyning “Vaqt pillapoyasi cheksizdir, bir-birining
oʻrnini egallab boradigan avlodlar zinadan zinagacha koʻtariladilar, xolos.
Jamlangan tajribani har bir avlod oʻzidan keyin kelayotgan, oʻzidan keyin uni
taraqqiy ettiradigan va boyitadigan navbatdagi avlodga yetkazib beradi”, degan
purhikmat fikrlari bor. Bu bebaho fikrlarni izchil rivojlantirish asnosida
Birinchi va Ikkinchi Sharq Uygʻonish davri — ana shu ikki Renessans tom maʼnoda
insoniyat taraqqiyotining oltin pillapoyalari sifatida tarix sahifalariga
muhrlangan.
Sharqning
butun insoniyat tarixidagi nodir ijtimoiy hodisa boʻlgan har ikki Renessansi
buyuk ajdodlarimizning ilm-maʼrifat va kuchli eʼtiqod, diniy bagʻrikenglik va
insonparvarlik borasidagi ezgu gʻoyalari bilan yoʻgʻrilgan edi. Bu gʻoyalar
Oʻzbekiston mustaqilligi yillarida alohida, yanada teran maʼno-mazmun kasb etib
bormoqda.
Mamlakatimizda
Uchinchi Renessansni XX asrda maʼrifatparvar jadidlar amalga oshirishi mumkin
edi. Bu fidoyi va jonkuyar zotlar butun umrini milliy uygʻonish gʻoyasiga
bagʻishlab, oʻlkani jaholat va qoloqlikdan olib chiqish, millatimizni gʻaflat
botqogʻidan qutqarish uchun bor kuch va imkoniyatlarini safarbar etgan.
Shukrki, Prezidentimiz tashabbusi bilan
yangi Oʻzbekistonda yangi Uygʻonish davri, yaʼni Uchinchi Renessans poydevorini
yaratish asosiy maqsad etib belgilandi. Davlatimiz rahbari taʼkidlaganidek,
“Biz Uchinchi Renessans masalasini strategik vazifa sifatida oldimizga qoʻyib,
uni milliy gʻoya darajasiga koʻtarmoqdamiz”.
Akmal SAIDOV,
Inson huquqlari boʻyicha
Oʻzbekiston Respublikasi
Milliy markazi direktori,
akademik