Namangan viloyati Ichki ishlar boshqarmasi ma’lum qilishicha, Davlatobod tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda «Mirzo» laqabli guruh yetakchisi o‘zining «Abobek» va «Mahach» laqabli sheriklari bilan birga fuqaroga tan jarohati yetkazib, uni muntazam tahqirlab kelgani aniqlangan.
Tergovga ko‘ra, gumonlanuvchilar jabrlanuvchini kaltaklash va tahqirlash jarayonini videoga olib, talab qilingan pulni olib kelmagan taqdirda ushbu tasvirlarni internetda tarqatish bilan qo‘rqitgan. Shu tariqa ular mavjud bo‘lmagan qarzni fuqaro zimmasiga yuklab, undan pul undirishga uringan.
Tezkor tadbir davomida «Mirzo» laqabli guruh yetakchisi kompyuter klubida jabrlanuvchidan talab qilingan 400 AQSh dollarini olayotgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Mazkur holat yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 165-moddasi ikkinchi qismi «b» bandi (tovlamachilik) bilan jinoyat işi qo‘zg‘atilgan. Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda.
Huquqni muhofaza qiluvchi organlar ushbu shaxslarning harakatlaridan jabrlangan fuqarolarni 102 yoki (69) 227-11-92 telefon raqamlari orqali murojaat qilishga chaqirdi. Murojaat qiluvchilarning shaxsi sir saqlanishi kafolatlanadi.