Ana shunday muhim qadamlardan biri sifatida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Naqdsiz hisob-kitoblarni ommalashtirish va yashirin iqtisodiyot ulushini qisqartirishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-246-son Farmoni qabul qilindi. Mazkur hujjat fuqarolar, tadbirkorlar va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar uchun yangi tartiblarni belgilab berdi.
Avvalo, bir jihatni aniq tushunib olish kerak: yangi tartiblar birdaniga barcha to‘lovlarga emas, balki hujjatda ko‘rsatilgan ayrim yo‘nalishlarga tatbiq etiladi. Farmonga ko‘ra, 2026-yil 1-apreldan boshlab ayrim to‘lovlar faqat bank kartalari yoki elektron to‘lov tizimlari orqali amalga oshiriladi. Bu esa nafaqat to‘lov intizomini mustahkamlaydi, balki fuqarolar uchun qulaylik yaratib, mablag‘lar harakatini aniq hisobga olish imkonini ham kengaytiradi. Yangi tartibga ko‘ra, davlat organlari tomonidan ko‘rsatiladigan xizmatlar uchun to‘lovlar endi naqdsiz shaklda amalga oshiriladi. Bundan tashqari, elektr energiyasi, tabiiy gaz va ichimlik suvidan foydalanganlik uchun to‘lovlar ham elektron shaklga o‘tkaziladi. Biroq bunda muhim istisno bor: kommunal to‘lovlarni bank kassalari orqali amalga oshirish imkoniyati saqlanib qoladi. Demak, fuqarolar to‘lovni mobil ilova, terminal, karta yoki bank kassasi orqali amalga oshirishi mumkin, lekin oddiy naqd aylanma asta-sekin cheklanadi.
Shuningdek, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobillarga yoqilg‘i quyish va elektrokarlarni zaryadlash xizmatlari uchun to‘lovlar ham elektron shaklda bo‘lishi belgilangan. Bundan tashqari, qiymati 25 million so‘mdan oshadigan tovar va xizmatlar uchun ham, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari mustasno, to‘lovlar naqdsiz amalga oshiriladi. Bu norma yirik xaridlar bozorida shaffoflikni kuchaytirishga xizmat qiladi.
Yana bir muhim o‘zgarish — ko‘chmas mulk obyektlari hamda ishlab chiqarilganiga o‘n yildan oshmagan ayrim toifadagi transport vositalarini sotish va sotib olish jarayonida to‘lovlarning elektron shaklda amalga oshirilishidir. Bu, bir tomondan, oldi-sotdi operatsiyalarining huquqiy xavfsizligini oshirsa, ikkinchi tomondan, noqonuniy yoki yashirin hisob-kitoblarning oldini olishga xizmat qiladi. Ayniqsa uy-joy va avtomobil savdosida to‘lov manbaining ochiq bo‘lishi ko‘plab bahsli holatlarning oldini olishi mumkin.
Mazkur islohotlarning yana bir muhim bosqichi 2026-yil 1-iyuldan boshlanadi. Shu sanadan e’tiboran barcha savdo va xizmat ko‘rsatish sohasidagi yuridik shaxslar uchun yagona QR-kodli to‘lov tizimi orqali to‘lov qabul qilish majburiy bo‘ladi. Hujjatda yagona QR-koddan foydalanmaslik savdo qoidalarini buzish deb hisoblanishi belgilangan. Bu esa do‘konlar, servis markazlari, umumiy ovqatlanish shoxobchalari va boshqa xizmat nuqtalarida elektron to‘lov qabul qilishning yagona standartini shakllantiradi.
Oddiy fuqaro uchun bu o‘zgarishlar nimani anglatadi?
Eng avvalo, to‘lovlarni rasmiy, tezkor va nazorat qilinadigan tarzda amalga oshirish imkoniyati ortadi. Fuqaro to‘lov qilganini tasdiqlovchi elektron izga ega bo‘ladi, bu esa kelgusida nizoli vaziyatlarda dalil vazifasini bajaradi. Ikkinchidan, xizmatlar va savdoda “naqd pul yo‘q”, “qaytim yo‘q” kabi holatlar kamayadi. Uchinchidan, elektron to‘lovlar orqali xarajatlarni kuzatish, shaxsiy moliyaviy intizomni saqlash ham osonlashadi.
Prezidentning Oliy Majlisga Murojaatnomasida ham 2026-yilda barcha davlat xizmatlari va kommunal to‘lovlar, yoqilg‘i, alkogol va tamaki mahsulotlari, avtomobil hamda ko‘chmas mulk savdolarini naqdsiz shaklga o‘tkazish vazifasi alohida ta’kidlangan. Bu esa mazkur yo‘nalish tasodifiy emas, balki keng ko‘lamli iqtisodiy va huquqiy siyosatning muhim qismi ekanini ko‘rsatadi. Albatta, har qanday yangilik singari bu jarayon ham fuqarolardan ma’lum tayyorgarlikni talab qiladi. Ayniqsa keksalar, chekka hududdagi aholi, raqamli xizmatlardan kam foydalanadigan fuqarolar uchun elektron to‘lov madaniyatini oshirish muhim. Shu sababli banklar, to‘lov tashkilotlari va davlat idoralari aholiga qulay tushuntirish, amaliy ko‘mak va sodda yo‘riqnomalarni kengaytirishi zarur. Chunki raqamlashtirishning asl maqsadi faqat nazoratni kuchaytirish emas, balki fuqaroga qulay va ishonchli xizmat ko‘rsatishdan iborat.
Shu bilan birga, amaliyotda ayrim sohalarda, xususan, avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida yangi tartiblar joriy etilishi haydovchilar orasida turli munozaralarga sabab bo‘lmoqda. Ayrim fuqarolar naqdsiz to‘lov tizimi bilan bog‘liq texnik muammolar, internet sifati, terminal yoki QR tizimlarining uzilishlari tufayli noqulayliklarga duch kelayotganini ta’kidlashmoqda. Shuningdek, ayrim haydovchilar uchun naqd puldan voz kechish psixologik jihatdan ham oson kechmayapti. Bunday e’tirozlarni inkor etib bo‘lmaydi. Haqiqatan ham, har qanday islohot dastlabki bosqichda muayyan qiyinchiliklar bilan kechadi. Ayniqsa, texnologik infratuzilma hali to‘liq barqarorlashmagan hududlarda bu muammo yanada yaqqol seziladi. Shu nuqtai nazardan, to‘lov tizimlarining uzluksiz ishlashi, internet sifati va xizmat ko‘rsatish darajasini oshirish dolzarb vazifa bo‘lib qolmoqda.
Biroq, mazkur masalaga kengroq yondashadigan bo‘lsak, naqdsiz to‘lov tizimi zamonaviy iqtisodiyotning ajralmas qismi ekanini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, bu tizim soliq shaffofligini ta’minlashning eng muhim vositalaridan biridir. Naqdsiz hisob-kitoblar orqali har bir operatsiya rasmiy qayd etiladi, bu esa yashirin iqtisodiyot ulushini kamaytirishga xizmat qiladi. Natijada davlat byudjetiga tushumlar oshadi va bu mablag‘lar ijtimoiy sohalarni rivojlantirishga yo‘naltiriladi. Shu sababli, haydovchilarning vaqtinchalik noqulayliklari mavjud bo‘lsa-da, uzoq muddatli istiqbolda naqdsiz to‘lov tizimi barcha uchun foydali ekanini e’tirof etish lozim. Eng muhimi, bu jarayonda davlat organlari va xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar aholi uchun qulay sharoit yaratishi, tizimdagi kamchiliklarni tezkor bartaraf etishi zarur. Naqdsiz to‘lov tizimiga o‘tish — bu faqatgina texnik yangilik emas, balki iqtisodiy tartib-intizom, shaffoflik va adolatli soliqqa tortish tizimini shakllantirish yo‘lidagi muhim qadamdir. Shunday ekan, fuqarolar ham bu jarayonga moslashib borishi, zamonaviy to‘lov vositalaridan foydalanish ko‘nikmasini rivojlantirishi maqsadga muvofiqdir.
Mazkur islohotlar tadbirkorlar faoliyatiga ham bevosita ta’sir ko‘rsatadi.
Bir tomondan, naqdsiz to‘lov tizimining kengayishi biznes yuritishda shaffoflikni oshiradi, daromad va xarajatlarning aniq hisobini yuritish imkonini yaratadi hamda noqonuniy yoki yashirin aylanmalarni qisqartiradi. Bu esa bozorda sog‘lom raqobat muhitini shakllantirishga xizmat qiladi, chunki barcha tadbirkorlar yagona va oshkora qoidalar asosida faoliyat yuritadi.
Shuningdek, elektron to‘lovlar orqali mablag‘lar harakati rasmiy qayd etilgani sababli tadbirkorlar bank xizmatlaridan kengroq foydalanish, kredit olish yoki moliyaviy hisobotlarni shakllantirishda qo‘shimcha qulayliklarga ega bo‘ladi. Daromadlarning rasmiy ko‘rinishi biznesning investitsion jozibadorligini ham oshirishi mumkin.
Biroq, ayrim tadbirkorlar tomonidan bank komissiyalari, terminal va QR tizimlarini joriy etish bilan bog‘liq xarajatlar, shuningdek texnik uzilishlar bo‘yicha e’tirozlar ham bildirilmoqda. Bu masalalar, albatta, e’tibordan chetda qolmasligi kerak. Shu bois banklar va to‘lov tashkilotlari xizmat ko‘rsatish xarajatlarini maqbullashtirish, texnik infratuzilmani takomillashtirish va tadbirkorlar uchun qulay sharoit yaratish ustida ishlashi muhim hisoblanadi.
Xulosa qilib aytganda, 2026-yildan joriy etiladigan yangi tartiblar fuqarolar kundalik hayotiga bevosita ta’sir qiladi. Endilikda davlat xizmatlari, kommunal to‘lovlar, yirik xaridlar va ayrim savdo yo‘nalishlarida elektron to‘lovlar ustuvor tus oladi. Demak, har bir fuqaro bugundan boshlab bank kartasi, mobil ilovalar va QR-to‘lov tizimlaridan foydalanish ko‘nikmasini mustahkamlab borishi maqsadga muvofiq. Zero, zamonaviy iqtisodiyotda qulaylik ham, shaffoflik ham, xavfsizlik ham ko‘p jihatdan naqdsiz hisob-kitoblarga tayanadi.
Shohboz Murodullayev,
Toshkent davlat yuridik universiteti
Ma’muriy va moliya huquqi sho‘basi
o‘qituvchisi