Prezident farmoni bilan, 2026-yil 1-iyundan boshlab kichik biznes uchun umumiy soliq rejimiga o‘tishdagi chegaraviy miqdorni 1 mlrd so‘mdan 4 mlrd 944 mln so‘mga oshirish belgilandi.

Ya’ni, biznes vakillari endilikda tushumi 1 mlrd so‘mdan oshganda emas, 4,94 mlrd so‘mdan oshganda 12 foizlik qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) va foyda solig‘iga o‘tadi.

Ungacha biznes doimgidek soddalashtirilgan tartibda aylanmadan soliq (asosiy 4 foiz stavkada) to‘lashda davom etadi. QQS chegarasi oxirgi marta 2019-yilda oshirilgandi.

Shuningdek, 2026-yil 1-iyundan 2030-yil 1-yanvarga qadar asosiy faoliyat turi umumiy ovqatlanish, savdo yoki xizmat ko‘rsatish sohasi bo‘lgan tadbirkorlik subyektlariga (bundan davlat ulushi 50 foiz va undan yuqori bo‘lgan korxonalar hamda yirik soliq to‘lovchilar mustasno) ixtiyoriy ravishda QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibini tanlash huquqi beriladi.

QQSni hisoblab chiqarish va to‘lashning soddalashtirilgan tartibida QQS stavkasi tovarlarni (xizmatlarni) realizatsiya qilish bo‘yicha barcha aylanmalarga nisbatan 6 foiz etib belgilanadi.

Foyda solig‘i stavkasi 0 foiz etib belgilanadi va soliq hisobotini taqdim etish majburiyati bekor qilinadi.