Psixologiyada bu hodisa “assotsiativ langar” deb ataladi. Inson zehni ulkan axborot oqimini tartibga solish uchun obyektlarni muayyan vositalar — joy, voqea yoki ramzlar bilan kodlaydi. Natijada miya uzoq davom etadigan mantiqiy zanjirlarni chetlab oʻtib, eng kuchli bogʻlanishga ega tayanch nuqtaga darhol ulanadi.

Oʻtkir Hoshimovni eslaganimda xayolimga shovillab, vahm solib oquvchi Boʻrijarning kelishi adib asarlaridagi voqealar mako­nining hissiy va mantiqiy markazlashti­rilgani bilan bogʻliq. Yozuvchi ushbu hudud muhitini, undagi insonlar taqdiri va ijti­moiy munosabatlarni gʻoyat aniq tasvirlagan. Oʻquvchi xotirasida ijodkor obrazi va Boʻri­jar geografiyasi bir-biriga uzviy singib ketgan.

Mana, masalan, Abdulla Qodiriy ismi tilga olinganda koʻpchilikning xayoliga beix­tiyor Margʻilon shahri keladi. Qodiriy oʻzi Toshkentda tugʻilib oʻsgan boʻlsa-da, uning eng mashhur asaridagi asosiy voqealar tuguni va fojialar aynan Margʻilon bilan bogʻlangani sababli inson xotirasi yozuvchini ushbu sha­har obrazi orqali qabul qiladi.

Chingiz Aytmatovni eslaganimizda esa Issiqkoʻl yoki qirgʻiz dashtlari koʻzimiz ol­dida gavdalanadi. Uning asarlaridagi in­son va tabiat oʻrtasidagi ziddiyatlar aynan shu kengliklar fonida ochib berilgani uchun bu geografik hududlar adib shaxsiyatining ramziy davomiga aylangan. Bunday misollar juda koʻp. Shaxs qaysi tushuncha, gʻoyaga eng koʻp emotsional va intellektual quvvat sarflagan boʻlsa, jamoatchilik xotirasida ham u aynan oʻsha obrazda muhrlanadi.

Albatta, Oʻtkir Hoshimov haqida shakl­langan tasavvur, avvalo, uning asarlari va odamlar bilan munosabatida koʻringan ji­hatlarga bogʻliq. Biz tashqaridan bilgan ushbu feʼl-atvor adib dunyoqarashidagi qatʼ­iyat va matonatni toʻla anglatmasligi mumkin. Ammo yozuvchining odamlar bilan muomalasi­dagi yumshoqlik, hayot, adabiyot va eʼtiqodiga munosabatidagi prinsipiallik, shubhasiz, bir-birini inkor etmagan. Aksincha, uning shaxsiyatini yaxlitlashtirgan ikki jihatdir. Shu sabab adibni yaqindan bilganlar xoti­rasida u faqat koʻngilga yaqin, xushmuomala inson sifatida emas, balki ichki mezonlari aniq, oʻz qarashlaridan osonlikcha chekinmay­digan dilbar shaxs sifatida ham qolgan.

— Dadamning asarlarini oʻqigan kitob­xon muallifni koʻngil odami deb oʻylaydi. U bilan bevosita suhbatlashganlar ham da­damni xushmuomala, yumshoqfeʼl odam sifa­tida eslab qolgan, — deya xotirlaydi adib­ning qizi Yulduz Hoshimova. — Aslida, dadamning ichida mustahkam oʻzak bor edi. Qatʼiyat oʻzagi, adolatparvarlik oʻzagi. Bu feʼli nohaqliklarni koʻrganda namoyon boʻ­lardi. Qayerda ishlashidan qatʼi nazar, oʻzi toʻgʻri deb bilgan yoʻldan hech qachon qaytma­gan. Vijdoniga qarshi borganini koʻrma­ganman. Shuning orqasidan juda koʻp dakki eshitgan. Hatto “Sharq yulduzi”da ishlab yur­gan payti unga qarshi besh yuz betli qoralov materiali yigʻilgan. Tasavvur qiling-a, besh yuz betli!

Zamondoshlari oʻz xotiralarida yozuvchini el ardoqlagan, u adabiyotga kirib kelganidan buyon ijodda gʻirromlik yoʻlidan yurmagan, isteʼdodini shaxsiy manfaatlariga qurbon qilmagan deb yozar ekan, haqiqatan, adibning qalbiga quloq solmay, vijdoniga xilof ra­vishda yozgan, yolgʻonga va yomonlikka xizmat qiluvchi yoki kitobxonni loqayd qoldiruvchi birorta asari yoʻqligini hushyor oʻquvchi tu­shunib yetadi. Shuning uchun xalq uni darrov, toʻsiqlarsiz, pardalarsiz qabul qildi — oʻgʻildek, otadek, shogird hamda ustozdek.

“Siz — mening oʻgʻlimsiz”

Oʻzbekiston Qahramoni, adabiyotshunos Ozod Sharafiddinov bunday eslagan: “Bu voqea Quvadagi bir kolxozda roʻy bergandi. Dala shiyponida, tushlik vaqtida kitobxon­lar bilan uchrashuv boʻlyapti. Avji saraton. Quyosh rosa zabtiga olgan. Choqqina hovuz te­varagidagi tollar ham, did bilan saralab ekilgan anvoyi gullar ham issiqdan toliq­qandek qilt etmaydi. Lekin uchrashuvga toʻp­langanlarni jazirama shashtidan qaytargani yoʻq. Olis brigadalardan ham, hatto qoʻshni xoʻjaliklardan ham odamlar kelgan.

Bir mahal odmigina kiyingan oʻrta yosh­lardagi ayol minbarga koʻtarildi. Chehrasida choʻng bir musibatning muhri ilgʻanib turgan bu ayolning ismi Musharraf aya ekan.

— Oʻtkirjon, siz mening oʻgʻlimsiz, — dedi u hayajonda. — Hayron boʻlmang, me­ning oʻgʻlim bor edi. Afgʻondan temir tobuti keldi. Yigʻlay-yigʻlay koʻzimda yosh qolmadi. Musibat meni yengishi aniq edi. Bir kuni qoʻlimga bir kitob tushdi. “Dunyoning ishla­ri”. Uni oʻqidim-u, ruhim yengil tortganday boʻldi. Ayolning, onaning ulugʻligini yana bir bor his qildim. Shunda sizni oʻgʻlim oʻrni­ga oʻgʻlimdek qabul qildim. Allohdan oʻgʻlim yashayolmagan umrni sizga bagʻishlashini tila­dim. Shu tilak bilan sizga atab doʻppi tik­dim...

Musharraf aya gapini tugatib, Oʻtkirning yoniga bordi va oq dokaga oʻralgan doʻppini olib, boshiga kiygizdi. Yoʻq, gulduros qar­saklar yangramadi, kimlardir boʻgʻziga kelgan yigʻini yutib, koʻzlarini pirpiratdi, kim­larningdir koʻzlariga yosh qalqdi.

Oddiy qishloq ayolining adibga bunchalik mehri meni hanuzgacha hayajonga soladi. Bo­ra-bora oddiy odamlarning Oʻtkirga bagʻoyat ehtirom koʻrsatishiga koʻnikib ham ketdim. Chunki har yili kamida bir-ikki marta bun­day hodisalarning guvohi boʻla boshladim...”.

Oʻtkir Hoshimov qonida, tabiatida aj­dodlaridan oʻtgan, xususan, bobosiga xos arboblik, otasidan oʻtgan bir oz qiziqqonlik, haqparastlik, onasidan tekkan koʻngilchan­lik, oʻzgalar dardiga hamdardlik xislatlari oʻziga xos tarzda mujassam. Yozuvchining bo­laligi ogʻir urush davrida oʻtdi. U urush dav­rining muhtojliklari va mashaqqatlarini koʻrib, tatib oʻsdi. Ham qishloq, ham shahar odami sifatida shakllandi. Keyinchalik bo­lalik taassurotlari uning ijodida chuqur iz qoldirdi.

Adibning ajdodlari oʻz zamonasining yetuk insonlari boʻlgan. Bobokaloni Abulqo­simxon eshon Chor Rossiyasining Turkistonga bosqiniga qarshi turgan ulamolardan boʻlib, oʻn toʻqqizinchi asr oʻrtalarida oʻz mablagʻiga katta madrasa qurdirgan. Unda yuzdan ortiq talaba ilm olgan. Abulqosimxon eshon ahli ilmning yotogʻidan tortib, kundalik turmushi uchun nafaqa (stipendiya) ham toʻlab borgan. Bu dargohda Abdulla Qodiriy ham oʻqigan, tahsil koʻrgan.

Otasi Ataulla Hoshimov esa oddiy ishchi boʻlgan. Umrining koʻp qismini Tosh­kent toʻqimachilik kombinatida, keyin shu kombinat huzuridagi pionerlar lagerida ishlab oʻtkazgan. “Otam eskicha alifbodagi kitoblarni ham, zamonaviy gazetalarni ham muttasil oʻqib borar, kamgap, xiyla tajang, ammo nihoyatda haqparast odam edi... Biror nohaqlikni koʻrsa, lov etib yonib ketar, “pa­daringga laʼnat”, “koʻrsatib qoʻyish kerak”, deb shovqin koʻtarardi”.

Oʻtkir Hoshimov “Mashaqqatli safar” degan tarjimayi holida oilada otasi bilan bogʻliq yana bir holatni alohida taʼkidlay­di: “Otamdan qattiq hayiqar edik. Otam bi­ron marta ham bir tarsaki urgan emas. Otani qattiq izzat qilishni onam oʻrgatgan: “Hozir adang keladila, uyni supurib qoʻy”, “Adang­ning jahllari yomon, tinch oʻtiringlar”, “Adangning ketmoniga tegma”, “Adangning soatiga qoʻl tekkizma...”. Bilmadim, hozirgi zamonaviy oilalarga bu holat “feodalizm” boʻlib tuyular, ammo bizning oilamizda ota shaxsiga ehtirom farzandlarga ziyon keltir­ganini eslay olmayman”.

Boʻlgʻusi adibning onasi Hakima Hoshi­mova uy bekasi edi. Bu ayol madrasa koʻrmagan boʻlsa ham gʻoyat zehni oʻtkir, juda xushfeʼl ayol boʻlgan. “Onam esa, aksincha, nihoyatda yuvosh, juda mehribon edi. Qoʻshnining mushugi tugʻ­sa ham, joni ogʻrigandir, deb achinar, koʻchada biror bola yigʻlab oʻtirgan boʻlsa, albatta, tepasiga borib boshini silar, biror sabab bilan biz — bolalarni qargʻasa, oʻzi ham yigʻ­lab yuborar, oʻsha zahoti koʻnglimizni olishga harakat qilardi”. U nihoyatda farishtali, diyonatli ayol boʻlgani uchun mahalla-koʻyda uni yoshu qari baravar hurmat qilardi. Odam­lar oʻrtasida bu ajoyib inson “poshsha oyi” degan nom bilan shuhrat topgandi. Aytgancha, bu kishi qanaqa odam boʻlgani “Dunyoning ish­lari”da mahorat bilan tasvirlangan.

“Oʻtkir Hoshimovda nafosat tuygʻusi behad kuchli. Hatto u aldangan odamning maʼnaviy inqirozi, fojiasi, halokati tas­virida ham shu tuygʻuni saqlab qoladi. Ay­niqsa, u yaxshi, olijanob, maʼnaviy barkamol shaxslar qalbi, tabiati tasvirida oʻzini nihoyatda erkin his etadi”, degan edi ada­biyotshunos Umarali Normatov. Haqiqatan, yozuvchining ijobiy qahramonlari aksari goʻ­dakday begʻubor, nafosat tuygʻusiga boy, oʻta taʼsirchan odamlar. Ehtimol, yozuvchi asarla­ri qahramonlarining oʻzbek kitobxonlari koʻpchiligini asir qilgan omillardan biri shundadir. Uning asarlarida personaj tal­qinidagi nafosat tuygʻusi bilan yoʻgʻrilgan liro-romantik yoʻnalish alohida jilo bilan namoyon boʻladi. Bu holat, shubhasiz, milliy nasrimizning boyligi.

Toʻlgʻoq tutganda...

Paustovkiyning bunday gapi bor: “Har bir daqiqa, bexosdan aytilgan har bir soʻz va tashlangan nigoh, har bir teran va yuza­ki fikr, inson yuragining har bir sezilmas harakati, terakning uchib yurgan momigʻi yoki kechasi koʻlmakda jimirlagan yulduz shuʼla­si — hamma-hammasi oltin changining zar­ralaridir. Biz, qalamkashlar oʻn yillarcha mana shu kichik zarralarni yigʻamiz, yigʻayot­ganimizni oʻzimiz ham payqamaymiz. Bir boʻlak tillaga aylantiramiz va keyin undan oʻzimizning “oltin gul”imizni — qissa, ro­man yoki poemamizni yasaymiz...”.

Paustovskiyning “oltin gul” haqidagi qarashi ijod tabiatining eng nozik falsa­fasidir: yozuvchi atrofidagi har bir mayda ishorani, his-tuygʻu va taassurotni jimgina oʻziga singdirib boradi. Ular vaqti-soati kelib bitta butun asar, yaxlit olamga aylana­di. Ammo bu metafora ortida muallifning ruhiyatida kechadigan murakkab va azobli ja­rayon yashiringan. Yigʻilgan shu “oltin changi” yombi holga kelishi uchun qogʻozga tushar ekan, ijodkor tashqi dunyo bilan aloqasini deyarli uzadi. Bu holat har qanday chalgʻituvchi chaqi­riqdan, hatto eng maroqli safarlardan ham ustun keladi.

Buning qanchalik haqiqat ekaniga Ibro­him Gʻafurov guvoh boʻlgan bir voqea yaqqol misol boʻla oladi: “Yozuvchi zotini toʻlgʻoq tutgan paytlarni koʻrganman. Bunday toʻlgʻoq­ning shirin azobi paytida uning koʻziga hech narsa koʻrinmas, yegan-ichgani tatimas ekan. Imkoniyat tugʻilib, Pokistonga safarga bora­digan boʻldik. Erkin Vohidov, Oʻtkir Hoshi­mov, Dadaxon Nuriy, Ahmadjon Meliboyev va kamina. Bu safarga Oʻtkirning hech borgisi yoʻq edi. Biz uni koʻndirishga urinar, u esa nuqul “qolib ketadi”, “qolib ketadi”, der va qoʻlidagi pirildogʻini oʻta asabiy noxush pi­rillatardi. Shu kezlar u bir asar ustida ish­layotgan, keyingi voqealar, ziddiyatlarning yechimlari miyasida pishib yetilgan, endi ular­ni shitob bilan qizigʻida qogʻozga tushirish payida edi. U doʻstlarining yuzidan oʻtolmay, ne azob bilan boʻlsa-da, biz bilan hamroh boʻldi. Lekin uch kun sira-sira ochilmadi. Bo­shini bulut bosganday tumtayib yurdi. Naza­rimda, kasal boʻlib qolayotganga oʻxshardi.

Oxirgi kuni “Axir nega bunaqasiz, Oʻt­kir!” desam, nihoyat yorildi. “Oʻsha sizga ayt­ganman: yangi roman oxirigacha miyamda pish­di, tez tugatmasam, soviydi. Qolib ketadi!” dedi yana ayanchli yozgʻirib. “Tempni yoʻqotib qoʻyish yomonda, a?” dedim. U xuddi shuni ku­tib turganday, “Juda yomon, juda yomon!” dedi avvalgidan battar xunob boʻlib.

Xullas, uch kun safarda unga hech narsa ta­timadi. Ignaning uchida kelganday boʻldi. Hatto janub dengizi, sarin shamollar, qizi­qarli uchrashuvlar uning bahridilini ochol­madi… Men uni doʻstlarim qatori bu safarga koʻndirganimga oʻkindim. Ijodkorga bu yangi asarga homilador boʻlganda, toʻlgʻoq tutganda sira tegib boʻlmasligini angladim. Ammo bir oylardan soʻng u yuzi yorishgan, koʻzi porlagan holda keldi. “Tugatdim! — dedi. — Nom to­pish kerak”. U bir qancha nomlarni aytdi. Ular ichida juda eʼtiborli, salmoqdorlari ham bor edi. Bir oz oʻtirib, ularni “razbor” qildik. Baribir ularning birortasiga toʻx­tash qiyin boʻldi. Andak vaqt oʻtgach, doʻstla­rimizdan biri “Bu voqealar xuddi tushday kechsin”, deb aytibdi. Oʻtkirning miyasi yarq ochilib, “Tushda kechgan umrlar” degan nom yuzaga chiqdi. Adabiyotimizda yangilik boʻlgan romanlardan biri shunday toʻlgʻoqlarda tugʻil­di. Albatta, Pokiston safari ham behuda ket­gani yoʻq. Afgʻonga oʻxshash sharoitning ruhi oʻz oʻrnida aks sadosini topdi”.

Badiiy asar katta hayajon bilan, shavq bilan yozilishi kerak. Bu haqda yozuvchi bun­day deydi: “Kitob yozayotgan qalamkashning hayajoni kitob oʻqiyotgan oʻquvchining hayajo­nidan oʻn karra kuchli boʻladi. Kitob oʻqiyot­ganingizda jinday tabassum qilsangiz, bilingki, oʻsha sahifalarni qalamkash ros­mana kulib yozgan. Kitob oʻqiyotganingizda koʻzingizga bir qatra yosh kelsa, bilingki, qalamkash oʻsha sahifalarni rosmana yigʻlab yozgan”.

Ijtimoiy tarmoqqa joylangan eski intervyularni birma-bir koʻzdan kechirar­kanman, yozuvchining ayoli Oʻlmasxon Hoshi­movaning ushbu hikoyasi diqqatimni tortdi: “1982-yili Pitsundaga bordik. Yozuvchilar ijodiy uyidan xona berishdi. Men bola­larni dengizga olib boraman. Adasi deyarli xonadan chiqmay ishlaydilar... Oradan oʻn kunlar oʻtdi. Bir gal xonaga qaytsak, yozgan narsalarini yirtib tashlayaptilar. Hay-hay­lab bir qismini olib qoldim. Qoʻlyozma sar­lavhasini shunda koʻrdim. “Ertaga — kuz”. Yuz betlar yozilgan ekan, deyarli hammasi yir­tilib boʻpti...

— Nega unday qildingiz? — desam, qoʻl siltadilar:

— Boʻlmaydi! Sigʻmayapti! Xom!

Qoʻlyozmaning omon qolgan sahifalarini oʻqib koʻrsam, binoyidek. Nima “boʻlmagani”, nima “xom”ligini oradan ikki yil oʻtgach, “Ikki eshik orasi” romani qogʻozga tushga­nidan soʻng angladim. “Ikki eshik orasi”dek salmoqli, falsafiy, psixologik roman av­valgi uslubga ham, qolipga ham sigʻishi mum­kin emas ekan”.

“Oʻtkir Hoshimovni nasrdagi shoir, yetuk asarlarini esa nasrdagi qoʻshiq, tarona deb atash mumkin, “Choʻl havosi”dan tortib, “Daf­tar hoshiyasidagi bitiklar” kitobiga qadar barcha asariga xos mushtarak jihat shuki, ular betakror, benazir sirli musiqiy ohang bilan yoʻgʻrilgan”, deydi Umarali Normatov. Darhaqiqat, muallif qalami uchidan soʻzlar musiqa singari quyilib keladi; uning hikoya va qissalari sheʼrdek, dostondek oʻqiladi, ular yakka sozda chalingan dilrabo kuydek yang­raydi, romanlari koʻp ovozli simfoniyani es­latadi, hatto uning badialari, publitsistik maqolalarini oʻqiganda inson koʻngil xazi­nasining, tuygʻularining xilma-xil jilola­ri mujassam, oddiy maishiy kechinmalardan tortib, ulkan ijtimoiy mushohadalar, kes­kin ruhiy dramalar, fojialar, qabohatlar haqida qalam tebratganda ham nafosat tuy­gʻusini aslo tark etmaydi. Gʻoyat tigʻiz lavha­larda ham ajib samimiyat, hazin va nurli bir kuy aks sado berib turadi.

Yalpizsomsa

Xalq yozuvchisi haqida xalq xulosa qilga­ni maʼqul. Tagʻin adib hayoti va ijodiga oid xotiralarni oʻqirkanman, Gʻani Abdullayev degan bogʻbonning maqolasiga koʻzim tushdi: “Esimda, erta bahor kezlari edi. Tushlik qilish uchun uyga ketayotsam, dala yoʻlining chetida Oʻtkir akaning havorang “Jiguli” mashinasi turibdi. Yaqinroq borib qarasam, yozuvchi umr yoʻldoshi Oʻlmasxon opa bilan anhor qirgʻogʻida yuribdi. Yalpiz terishayot­gan ekan. “Nega shiyponga bormadingiz?” desam, “Sizni ishdan qoldirgimiz kelma­di”, deyishdi... Ertasiga nima sababdandir shiyponga peshindan keyin bordim. Qara­sam, shiypon ustunining mixida bir xaltacha iligʻliq turibdi. Ochib koʻrsam, ichida qogʻoz paketga solingan yalpizsomsalar bor ekan. Gazeta tahririyatiga qoʻngʻiroq qildim. “Er­talab ishga kelayotganda chaylaga oʻtgan edim, yoʻq ekansiz, sizning nasibangizni qoldir­dim”, dedi Oʻtkir aka...

Shu xotiraning oʻziyoq Oʻtkir Hoshimov fe­nomenini ochib beradi: yozuvchining shaxsiyati va badiiy olami aslida bir-biridan ayro boʻlmagan yagona butunlik edi. Jamiyatdagi mavqeiga qaramay, oddiy mehnatkash inson­ning mehnatini qadrlash, unga kamtarona va samimiy munosabatda boʻlish adib uchun ichki eʼtiqod edi.

Kitobxonlik tajribasi shuni koʻrsatadi­ki, oʻquvchi matndagi soxtalashtirilgan tuy­gʻularni tez payqaydi. Mazkur voqea esa adib­ning asarlaridagi samimiyat manbai qayerdan ekanini yaqqol isbotlaydi: hayotda odamlarni chin dildan sevgan, ularning ichki dunyosini hurmat qilgan va kichik eʼtiborni ham unut­magan adibgina oʻz asarlarida oʻquvchini larza­ga soluvchi haqqoniy obrazlarni yarata oladi.

Oʻtkir Hoshimov ijodining milliy ada­biyotimizdagi mustahkam oʻrni va avlodlar qalbiga yetib borishining bosh sababi ham aynan shunda — uning hayotiy pozitsiyasi bi­lan badiiy mahorati oʻrtasidagi komil mu­tanosiblikda. Hayotda qanday yashagan boʻlsa, oʻz asarlarida ham shunday rostgoʻy va kamtar ijodkor boʻlib qoldi.

Azizbek YUSUPOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri