Maʼlum qilinishicha, joriy yilda tuman sogʻliqni saqlash boʻlimi hamda dori-darmon va tibbiy buyumlar ulgurji savdosi bilan shugʻullanuvchi MCHJ oʻrtasida 1 milliard 2 million soʻmlik shartnoma tuzilib, tibbiy buyumlar xarid qilingan.

Shartnoma mablagʻining 30 foizi MCHJ hisob raqamiga oʻtkazilgan. Boʻlim rahbari esa qolgan 70 foiz mablagʻni koʻchirib berish hamda kelgusidagi xaridlarni ham mazkur MCHJ orqali amalga oshirish evaziga shartnoma qiymatining 15 foizini — 150 million soʻm talab qilgan.

Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan oʻtkazilgan tezkor tadbirda mansabdor shaxs talab qilingan pulning bir qismi — 11 800 AQSH dollarini turmush oʻrtogʻi orqali olgan vaqtida qoʻlga olingan.

Tergov davomida uning joriy yilda tumandagi oilaviy poliklinika xodimlariga yarmini qaytarish sharti bilan 448 million soʻm ragʻbatlantirish puli ajratgani, keyinchalik ushbu mablagʻning 92 million soʻmini qayta yigʻib olgani ham aniqlangan.

Holat yuzasidan sogʻliqni saqlash boʻlimi rahbariga nisbatan pora olish va oʻzlashtirish moddalar bilan, MCHJ vakiliga nisbatan esa pora berish moddasi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Ayni paytda tergov harakatlari davom etmoqda.