Davlat xavfsizlik xizmati viloyat boshqarmasi hamda ichki ishlar organlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda aniqlanishicha, jinoyiy guruhga Samarqand viloyati Paxtachi tumanida yashovchi, 1988 yilda tug‘ilgan fuqaro boshchilik qilgan. U Karmana tumanida parrandachilikka ixtisoslashgan xo‘jalik binosini ijaraga olib, yashirin tsex tashkil etgan.
Tadbir davomida 200 kg yarim tayyor oltin, 200 qop oltin moddasi bo‘lgan qum va toshlar, 300 kg kimyoviy vositalar, laboratoriya jihozi, gaz ballоnlari, maxsus tegirmon va boshqa uskunalar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, ushbu noqonuniy faoliyat orqali davlat manfaatlari va ekologiyaga yetkazilgan zarar 7 mlrd so‘mdan ortiqni tashkil etgan. Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 196²-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, Navbahor tumanida ham shu kabi qonunbuzarlik holati aniqlandi. Unda mahalliy MCHJ rahbari soxta ruxsatnoma asosida «Sarmishsoy» davlat muzey-qo‘riqxonasi hududida 8 gektar maydonda 19 nafar fuqaroni jalb qilgan holda oltin qazib olgan.
Tezkor tadbir natijasida 6 kg yarim tayyor oltin, 430 tonnadan ortiq oltin saqlovchi ruda, 1,4 kg kimyoviy vositalar, 4 ta yuk avtomobili va 4 ta yuklovchi texnika musodara qilindi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu holatda 6,1 mlrd so‘mlik qazilma boyliklar talon-toroj qilingan.
Ayni paytda holat yuzasidan laboratoriya tahlillari tayinlanib, atrof-muhitga yetkazilgan zarar miqdori aniqlanmoqda.