Shunday insonlar borki, taqdir sinagani sayin toblanib boradi. Qiyinchilik ularni ortga qaytarmaydi, aksincha, yangi yo‘l izlashga undaydi. Sunnat Boyxo‘rozov ana shunday insonlardan.

U gohida:

— Men barvaqt tug‘ilganman. Mustaqillikdan keyin tug‘ilganimda ancha ko‘p g‘oyalarimni amalga oshirgan bo‘lardim, — deb qoladi.

Avvaliga uning bu gaplarini eshitib, “Sunnat aka taqdiridan norozi shekilli”, deb o‘ylagandim. Keyin uning bolaligi, o‘smirligi va hayot yo‘li haqida eshitgach, bu gap noshukurlik emas, balki kechikkan imkoniyatlarga nisbatan alam ekanini tushundim.

Uning butun hayoti bir haqiqatni isbotlaydi: insonning qo‘lidan kasbini, qalbidan esa orzusini tortib olib bo‘lmaydi.

Sunnat Boyxo‘rozov 1972-yilda Jizzax shahrining Qipchoq mahallasida tug‘ilib, voyaga yetdi. Otasi Rahmatulla aka yuk mashinasi haydovchisi edi. Shu bois, Sunnatning bolalik dunyosida mashina, motor, temir-tersak va yo‘l tushunchalari alohida o‘rin tutardi.

Maktabdan kelishi bilan otasining mashinasi atrofida aylanar, murvatlarni burab mahkamlar, ehtiyot qismlarni qiziqish bilan kuzatar, hatto mashina g‘ildiraklarini yuvib qo‘yardi. Biroq uning qiziqishlari faqat texnika bilan cheklanib qolmadi.

O‘n-o‘n ikki yoshlarida otasi unga fotoapparat olib berdi. Sunnat o‘quvchilar saroyida suratga olish sirlarini o‘rgandi. Yorug‘lik va soya, rakurs va kompozitsiya, eng muhimi, inson hayotidagi bir lahzani abadiy saqlab qolish san’ati uni o‘ziga rom etdi.

Maktabdagi tadbirlar uning ishtirokisiz o‘tmaydigan bo‘ldi. Mahalladoshlari ham uning sifatli suratlarini ko‘rib, to‘y-ma’rakalarga taklif qila boshladi. U suratga tushirib, albomlar tayyorlar, qilgan mehnati uchun haq olardi. Bugun buni oddiy mehnat deb qabul qilamiz. Ammo o‘sha davrda vaziyat boshqacha edi: mehnatsiz daromad qilish deb qonunga ko‘ra jazolanardi.

— Shu masalada bir necha marta IIBning voyaga yetmaganlar ishi bilan shug‘ullanuvchi bo‘limiga chaqirilganman, har gal dadam borib olib kelgan, — deydi Sunnat aka. — Lekin menga nisbatan nohaqlik bo‘layotganini qalbim bilan his qilardim.

U suratkashlikdan topgan pulini yig‘ib kelajakda katta fotostudiya ochishni rejalashtirgandi.

Sunnat bir ishdan qaytarilsa, boshqasiga qo‘l urdi. Sakkizinchi sinfga o‘tganida asalarichilikka qiziqib qoldi. Uch yil asalari boqdi. Yetishtirgan asali toza va sifatli bo‘lgani uchun mahalladoshlari mavsum boshlanmasidanoq buyurtma qilib qo‘yardi. Biroq bu hunar ham unga tinchlik keltirmadi. Ustidan kimdir shikoyat qildi. Tegishli idoralarga chaqirildi. “Noqonuniy savdo” qilganlikda ayblanib, jarimaga tortildi.

Bugun o‘sha voqealarni eslar ekan, Sunnat aka o‘tmishga achinishdan ko‘ra, undan saboq olganini ko‘proq ta’kidlaydi.

Mamlakatimiz mustaqillikka erishgan paytda Sunnat qurilish materiallari kombinatida haydovchi bo‘lib ishlardi.

Yangi davr boshlangan edi. Iqtisodiy qiyinchiliklar, ishsizlik, turmush tashvishlari hali bartaraf etilmagan bo‘lsa-da, inson tashabbusi va tadbirkorligi uchun yangi imkoniyatlar eshigi ochilayotgandi. Sunnat ana shu eshikdan kirishga qaror qildi. Bobosi oshpaz bo‘lgani uchun mahallada choyxona ochishni rejalashtirdi. Buning uchun 15 bosh qoramol sotib oldi. Mollarni bo‘rdoqiga boqish barobarida “Qipchoq” choyxonasini qurishga kirishdi. Ammo tadbirkorlik faqat yaxshi niyat va g‘ayratning o‘zi emasligini tezda angladi.

Choyxona bir oy ishladi. Xo‘randalar esa u kutgan darajada kelmadi. Mehnat va mablag‘ sarflangani bilan ish zarar keltiraverdi. Sunnat kasod bo‘ldi. Biroq yana bir muhim saboq oldi — tadbirkorlikda xohishning o‘zi kifoya qilmaydi, bozorni bilish, odamlar ehtiyojini anglash, hisob-kitob va tajriba ham zarur.

“Mayli, hali bu sohaga yana qaytaman. Endi boshqacha yo‘l tutaman”, degan fikr uni yangi izlanishlarga boshladi. Bu gal u mahalla ko‘chalariga traktor tirkamalarini qo‘yib, aholiga mol go‘ngi va daraxtlardan tushgan xazonlarni shu yerga to‘kishi mumkinligini aytdi. Bu tashabbus ikki tomonga ham manfaatli edi. Aholi chiqindidan qutuldi, Sunnat esa xomashyoga ega bo‘ldi. Keyinchalik go‘ng va xazonlarni boshqa mahallalardan ham yig‘ib ola boshladi. Maxsus chuvalchanglar yordamida biogumus ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘ydi.

Bir vaqtlar odamlar chiqindi deb qaragan go‘ng va xazon endi qishloq xo‘jaligi uchun qimmatli mahsulotga aylandi. Sunnat aka shu jarayonda tadbirkorlikning yana bir muhim qoidasini o‘rgandi — mahsulot ishlab chiqarishdan oldin bozorni o‘rganish kerak.

Reklama va marketing bo‘yicha bilim oldi, gazeta-jurnallarni o‘qidi, mutaxassislar maslahatlarini o‘rgandi. Turli sohalardagi ilg‘or tajribalarni o‘z ishiga tatbiq etishga harakat qildi. Shu tariqa u avvalgi xatolarini takrorlamasdan yana choyxonachilik sohasiga qaytdi.

Bu safar maqsad aniq edi.

— Jizzax somsasi va jizini brend darajasiga olib chiqish uchun qo‘limdan kelgan hamma ishni qildim, — deydi Sunnat aka.

U Toshkent, Samarqand, Guliston va boshqa shaharlardagi tanish-bilishlariga qo‘ng‘iroq qildi. Choyxona ochganini aytib, ularni bir piyola choyga taklif qildi. Bu oddiy taklif ortida katta marketing g‘oyasi bor edi.

Choyxonaga kelgan odam taomni tatib ko‘radi, uning sifatiga baho beradi, keyin esa boshqalarga aytadi. Qisqa vaqt ichida Jizzaxning Qipchoq somsasi brend darajasiga chiqdi. Shu tariqa Jizzax somsasi va jizi haqidagi tasavvurlar kengaydi. Milliy taom tadbirkorlikning bir qismiga, tadbirkorlik esa turizmning bir yo‘nalishiga aylana boshladi.

Sunnat aka Jizzaxning gastronomik brendini shakllantirishga hissasini qo‘shishga harakat qildi. Bu izlanishlar uni yana bir katta g‘oya sari boshladi.

Turizmning salohiyatini yaxshi anglagan Sunnat Boyxo‘rozov endi o‘z mahallasiga yaqin Navro‘zbuloq adirligiga boshqacha nigoh bilan qaray boshladi. Bu yerda tabiatning o‘zi yaratgan betakror manzara bor edi. Ammo uning imkoniyatlaridan to‘liq foydalanilmasdi. 10-15 tup daraxt soyasida yoshlar pivo ichib o‘tirar, atrofda shisha siniqlari, bo‘sh plastik idishlar sochilib yotardi. Vaholanki, bir vaqtlar bu yerda xalq sayillari o‘tgan.

Sunnat aka adirlikning kelajakda qanday qiyofa kasb etishini tasavvur qildi. U shahar hokimligiga bordi. Adirlikni o‘zlashtirish, bu yerda o‘rmonzor tashkil etish va sayyohlar uchun munosib maskan yaratish g‘oyasini bildirdi. Tegishli hujjatlarni taqdim etdi. G‘oyani amalga oshirish oson kechmadi. Chunki adirlik oddiy yer emas. Bu yerda suv masalasi, ko‘chatlarni parvarishlash, yo‘l, infratuzilma kabi ko‘plab muammolarni hal qilish kerak edi. Ammo yillar o‘tdi. Qoyatoshlar orasida nihollar paydo bo‘ldi.

Archalar bo‘y cho‘za boshladi. Manzarali daraxtlar adirlikka yangi qiyofa berdi.

— Vaqt o‘taverar ekan, adirlikning eng yuqorisiga, qoyatoshlar orasiga ham archa va manzarali daraxt nihollari ekilyapti. Ular kuchli havo bosimi bilan yomg‘irlatib sug‘oriladi. Hozir adirlikda 20 ming tupga yaqin daraxt bor. Har yili 1500-2000 tup ko‘chat ekiladi. Sug‘orishni o‘zim nazorat qilaman, — deydi Sunnat aka. — Bu o‘rmonzorda vaqti kelib yuz ming tupdan ortiq daraxt o‘sadi. Bu raqamning o‘ziyoq loyiha ko‘lamini ko‘rsatib turibdi.

Navro‘zbuloqning salqin va musaffo havosi jazirama shahardan kelgan kishiga darhol ta’sir qiladi. Qirdagi so‘qmoqdan yuqoriga ko‘tarilganingiz sayin havoning salqinlashib borayotganini sezasiz.

— Adirlikda havo harorati Jizzax shahridagidan 10-15 daraja past, — deydi Sunnat aka.

Bugun Navro‘zbuloq Jizzax viloyati turizm loyihalari xaritasidan o‘rin olgan. Har yili bu yerga 5-6 ming sayyoh kelib, hordiq chiqaradi.

Kechagi tashlandiq adirlikning bugun sayyohlar qadam bosadigan maskanga aylangani o‘z-o‘zidan bo‘lgan ish emas.

Sunnat Boyxo‘rozovning o‘ziga xos yana bir jihati bor, u har bir ishning ertangi emas, o‘n yillardan keyingi natijasini ko‘z oldiga keltirib reja qiladi.

— Har bir ishni 10 yillar avval rejalashtirishga o‘rganib qolganman, — deydi u.

Puxta hisob-kitoblardan keyin adirlikda qiymati 13,5 milliard so‘m bo‘lgan “Salomatlik markazi” qurib bitkazildi. Markazdagi eng yirik suv havzasi jahon standartlariga mos bo‘lib, bu yerda suzish bo‘yicha respublika va xalqaro miqyosdagi musobaqalarni tashkil etish imkoniyati mavjud.

Shunday qilib, Navro‘zbuloqning qiyofasi yanada ko‘rkamlashmoqda. Bu yerda tabiat va turizm bilan bir qatorda sport, sog‘lomlashtirish va ommaviy dam olish yo‘nalishlarini rivojlantirish uchun imkoniyatlar yaratilmoqda.

Bir vaqtlar shisha siniqlari sochilib yotgan adirlikning bugun odamlar sog‘lig‘ini tiklaydigan, daraxtlar o‘sadigan va yangi loyihalar tug‘iladigan maskanga aylanayotgani ham ana shu izchil mehnat samarasidir.

Insonning eng katta yutug‘i qilgan ishi bilan birga uning davomchilarini ham tarbiyalay olganidir.

2025-yilda Sunnat Boyxo‘rozov davlatimiz rahbari tomonidan “Faol tadbirkor” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandi. Choyxona ishlarini o‘g‘li Ruhiddinga topshirdi. Ota izidan borayotgan Ruhiddin ham yaqinda “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” nishoni sohibi bo‘ldi.

Demak, bir vaqtlar fotoapparat bilan maktab tadbirlarini suratga olib yurgan bolaning mehnat va izlanishga asoslangan hayot falsafasi farzandiga ham yuqqan. Bu, ehtimol, har qanday mukofotdan qimmatliroqdir.

Navro‘zbuloq adirlaridagi archazorlarni aylanib yurar ekanmiz, ko‘zimiz bir niholga tushdi. U qoyatoshni yorib chiqib, bosh ko‘targan edi. Oddiy nihol. Ammo uning ko‘rinishida katta ma’no bor edi.

— Buni ilk bor ko‘rganimda, o‘zim ham hayratga tushgandim, — dedi Sunnat aka.

Tabiat mo‘jizalarga boy. Lekin bu manzara inson hayoti haqida ham ko‘p narsa aytadi. Zero, inson taqdirida ham “toshlar” — qiyinchiliklar, taqiqlar, omadsizliklar, nohaqliklar, so‘ngan umidlar bo‘ladi. Ammo ba’zi odamlar ana shu “toshlar” orasidan ham yo‘l topadi.

Sunnat Boyxo‘rozovning hayoti bunga misol. U suratkashlikdan boshladi, asalarichilik qildi, texnika bilan shug‘ullandi, tadbirkorlikka qadam qo‘ydi, kasod bo‘ldi. Yana turdi, chiqindidan biogumus yaratdi, Jizzax somsasini brend sifatida targ‘ib qildi, tashlandiq adirlikda daraxt ekishga kirishdi, qoyatoshlar orasiga nihol o‘tqazdi.

Bugun esa uning orzulari minglab daraxtlar shaklida ko‘z o‘ngimizda bo‘y cho‘zmoqda. Shu bois, Navro‘zbuloqdagi toshni yorib chiqqan niholga qarab, bir fikr xayolga keladi: inson mehr bilan ish boshlasa, sabr bilan davom ettirsa va o‘z orzusiga ishonchini yo‘qotmasa, toshloq yer ham unga daraxt beradi.

Ehtimol, Sunnat akaning “Men barvaqt tug‘ilganman”, degan gapiga ham shu nuqtayi nazardan qarash kerakdir.

U barvaqt tug‘ilgan emas, balki o‘z davridan bir oz oldinroq fikrlagan, uning bolalikdagi fotostudiyasi bugun bo‘lmasligi mumkin edi. Ammo uning daraxtlari bor, uning g‘oyalari bor, uning ortidan borayotgan farzandi bor. Eng muhimi, bir vaqtlar tashlandiq bo‘lib yotgan adirlikda kelajakda yuz ming tup daraxt o‘sishiga ishonch bor.

Daraxt esa shunday, uning soyasidan o‘zingiz emas, keyingi avlod ham bahramand bo‘ladi. Navro‘zbuloqdagi nihollar shuning uchun qadrli. Ular bugungi kun uchun emas, ertangi kun uchun ekilyapti.

Toshlar orasida ham.

Asad MUSTAFOYEV,

jurnalist