Ushbu voqea bugungi kunda islomiy ilmiy va madaniy merosni taqdim etishning yangi darajasini shakllantirayotgan majmuaning beqiyos ko‘lami va ahamiyatining xalqaro miqyosdagi e’tirofi bo‘ldi.

Markazning tashkil etilishi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning islom sivilizatsiyasining boy merosini chuqur o‘rganish va keng targ‘ib qilishga qaratilgan tashabbusidir.

Hazrati Imom majmuasi hududida joylashgan ushbu markaz o‘zining ulug‘vor me’moriy ko‘rsatkichlari bilan ajralib turadi:

hudud maydoni — 10 gektar, binoning uzunligi — 161 metr, kengligi — 118 metr, gumbazning balandligi — 65 metr, xonalarning umumiy maydoni esa qariyb 50 ming kvadrat metrni tashkil etadi. Aynan shu xususiyatlar jahon rekordiga asos bo‘ldi.

Ginnesning rekordlar kitobiga kiritilganligi to‘g‘risidagi sertifikat tashkilot vakili Sheyda Subashi (Şeyda Subaşı) tomonidan tantanali ravishda topshirildi.

Markaz muzeyining turkiy dunyoning eng yaxshi muzeyi deb e’tirof etilishi xalqaro miqyosdagi tan olinishning yana bir tasdig‘i bo‘ldi.

Bugungi kunda Islom sivilizatsiyasi markazi shunchaki muzey emas, balki tarixiy merosni anglash va taqdim etishda yangi yo‘nalishlarni belgilab beruvchi keng ko‘lamli ilmiy-madaniy platformadir.