Markaziy bank maʼlumotiga koʻra, sentabr oyida qoʻmita tomonidan roʻyxatga olish va ruxsat berish yoʻnalishida 21 ta masala koʻrib chiqildi.

Jumladan, kredit tashkilotlari ustaviga kiritilgan oʻzgartishlarni roʻyxatdan oʻtkazish boʻyicha 2 ta, mikromoliya tashkilotlarini hisob roʻyxatidan oʻtkazish, akkreditatsiya va toʻlov tashkilotiga litsenziya berish boʻyicha 7 ta masala muhokama qilindi.

Shuningdek, kredit tashkilotlarining ustav fondidagi ulushiga egalik qilish uchun ruxsat berishga oid 3 ta masala koʻrib chiqildi. Tijorat banklari kuzatuv kengashi va boshqaruvi aʼzolari, shuningdek, muhim ahamiyatga ega xodimlar nomzodlarini koʻrib chiqish bilan bogʻliq 9 ta masala ham kun tartibidan oʻrin oldi.

Bundan tashqari, kredit va toʻlov tashkilotlarining moliyaviy holatiga oid 16 ta masala koʻrib chiqildi. Ularda Markaziy bank koʻrsatmalari va prudensial meʼyorlar talablariga rioya etilishi, banklar hamda nobank kredit tashkilotlarida oʻtkazilgan inspeksiya tekshiruvlari natijalari muhokama qilindi.

Shu bilan birga, moliyaviy xizmatlarni «tartibga solish qumdoni» doirasida sinovdan oʻtkazish masalalari ham koʻrib chiqildi.

Prudensial normativlar va qonunchilik talablariga rioya etilmagani, shuningdek, inspeksiya tekshiruvlari davomida aniqlangan qoidabuzarliklar uchun 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qoʻllanildi.