Ichki ishlar vazirligining ma’lum qilinishicha, 23 sentyabr kuni soat 11:45 larda dastlab 21 nafar o‘quvchi ko‘ngil aynishi va bosh og‘rig‘i kabi alomatlar bilan G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasiga olib keltilgan.

Keyingi o‘rganishlarda 10-11 sinflarda tahsil oluvchi jami 22 nafar o‘quvchida zaharlanish alomatlari kuzatilgani aniqlangan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, maktabga tutash hududdagi fermer xo‘jaligi tomonidan shu kuni soat 09:00 larda paxtaning erta yetilishini ta’minlash maqsadida «Agro Augron» nomli vosita sepilgan. O‘quvchilar mazkur vosita ta’sirida havo orqali zaharlangan bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.

Ularga birlamchi «oshqozon dispepsiya sindromi» tashhisi qo‘yilgan. Hozirda 7 nafar o‘quvchi G‘uzor tuman tibbiyot birlashmasida davolanmoqda. Sog‘lig‘i yaxshilangan 15 nafar o‘quvchiga uyiga javob berilgan.

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 201-moddasi birinchi qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tegishli ekspertizalar tayinlanib, Qashqadaryo viloyati IIB Tergov boshqarmasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda, deyiladi rasmiy axborotda.