Ammo pala-partish, oʻzboshimchalik bilan davolanish organizmdagi hayotiy muhim aʼzolarda turli ogʻir darajadagi asoratlar yuzaga kelishiga sabab boʻlishi, toʻgʻri davolanish uchun qimmatli vaqt yoʻqotilishiga olib kelishi mumkin. Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi kombustiologiya va toksikologiya boʻyicha bosh shifokori oʻrinbosari Mardon NARZIYEV bilan suhbatimiz shu haqda boʻldi.
— Har qanday dori xavfsiz
emas, hatto retseptsiz beriladiganida ham qarshi koʻrsatmalar va nojoʻya
taʼsirlar mavjud. Shunga qaramay, oʻzboshimchalik bilan davolanish va uning
oqibatida yuzaga kelayotgan ogʻir asoratlar uchrab turibdi. Bu, tabiiyki,
kasallik ustidan nazorat yoʻqolishi, inson salomatligiga tahdid solishi, ayrim
hollarda noxush yakun topishi mumkin, shunday emasmi?
—
Odamlar koʻpincha “Agar ogʻriq boʻlsa, men tabletka ichishim kerak” tamoyili
asosida harakat qiladi va shifokor bilan maslahatlashmasdan dori-darmonni oʻzi
tanlaydi. Natijada u kasallik alomatlarini davolaydi, ammo asl sababini
bartaraf etmaydi. Masalan, yoʻtal virusli infeksiya va yurak yetishmovchiligi
alomati boʻlishi mumkin. Notoʻgʻri tanlangan dori yordam bermaydi. Bundan
tashqari, bu qimmatli davolanish vaqti yoʻqolishiga olib keladi.
Ayrim
dorilar kutilmaganda allergik reaksiya yoki anafilaktik shok chaqirsa,
baʼzilari jigar va buyrak faoliyatiga salbiy taʼsir qiladi. Boshqalari esa
yurak ritmi buzilishiga olib kelishi mumkin.
Oʻzboshimchalik
bilan davolanish shifoxonaga yotqizishni talab qiladigan jiddiy asoratlarga
olib kelgan holatlar mavjud. Shuning uchun hatto retseptsiz beriladigan
dorilarni qabul qilishda ham turli nojoʻya taʼsirlarni hisobga olish muhim.
Bir
necha dorini birga qabul qilish har bir dorining taʼsirini sezilarli darajada
oshirishi yoki susaytirishi mumkin. Oziq-ovqat va ichimliklar baʼzan dorilar
soʻrilishini oʻzgartiradi. Tibbiy maslahatsiz qabul qilingan dori davolash
samaradorligini pasaytirishi yoki organizm faoliyatini izdan chiqarish ehtimoli
katta. Ayniqsa, qonni suyultiruvchi dorilarni oʻzboshimchalik bilan ichish
mumkin emas. Sababi, qonning haddan ortiq suyuq boʻlishi jarohatlarda qon
toʻxtamay qolishiga, insult va boshqa kasalliklar rivojlanishiga olib keladi.
Yurak faoliyatiga taʼsir qiladigan dori-darmonlarni qabul qilish uchun, avvalo,
bemorlar kardiolog-terapevt mutaxassislar koʻrigidan oʻtishi kerak.
Aytaylik,
yoʻtal va burun bitishi oʻtkir respirator virusli infeksiya (shamollash)
tufayli yuzaga kelishi mumkin, bu koʻproq iliq suyuqlik ichish va uy sharoitida
parvarish bilan davolanadi. Ammo u pnevmoniya va sinusit tufayli ham kelib
chiqadi. Bu holatda antibiotik buyuriladi. Bemor yoki uning yaqini muayyan
alomat sababini mustaqil ravishda aniqlashi maqbul hisoblanmaydi. Oddiy
shamollash deb oʻylaganimiz ortida ham jiddiy xastalik boʻlishi ehtimoldan xoli
emas.
Yana
bir holat. Odamlar sogʻliq bilan bogʻliq muammolar yuzaga kelganda koʻpincha
poliklinikaga murojaat qiladi. Shifokordan har bir kasalga individual
yondashib, barcha jihatlarni inobatga olgan holda davo choralari tavsiya qilish
talab etiladi. Afsuski, ayrim hamkasblarimiz bemorga kerak-keraksiz
tekshiruvlar oʻtkazishi, shart boʻlmasa-da antibiotik buyurishi uchrab turibdi.
Oʻzboshimchalik
bilan davolanishning salbiy oqibati uzoq muddatdan keyin ham oʻz taʼsirini
koʻrsatadi. Misol uchun, antibiotik va
gormonal dorilarning salbiy taʼsiri keyinroq seziladi. Antibiotik
organizm uchun foydali mikroflorani yoʻq qilishi hamda jigar faoliyatiga zarar
yetkazishi mumkin. Antibiotikning asoslanmagan holatlarda keng qoʻllanishi
oqibatida keyinchalik odamda asab tizimi izdan chiqishi kuzatilishi tibbiyotda
isbotlangan. Chunki insonni ruhiy muvozanatda ushlab turadigan serotonin
moddasi asosan ichakda ishlab chiqariladi. Ichakdagi mikroflora organizmimizga
kerakli vitaminlarni oʻzlashtirishga yordam beradi.
Gormonlarni
uzoq vaqt qabul qilish boʻgʻim kasalliklari, koksartroz, jigar kasalliklari,
gepatit koʻpayib ketishiga ham olib kelyapti. Gormonlarning yana bir salbiy
taʼsiri, u endokrin kasalliklar, misol uchun, qandli diabet yuzaga kelishiga
turtki berishi mumkin. Shuningdek, buyrak usti bezi yetishmovchiligiga sabab
boʻlish ehtimolini ham istisno qila olmaymiz. Stressga moyillik kuchayadi.
Ayni
paytda elektron retsept amalda. Karbamazepin, dimedrol, psixotrop dori retsept
asosida beriladi. Shu sabab istagan odam uni sotib ololmaydi. Tajribamizdagi
ogʻriqli bir holatga toʻxtalmoqchiman. Oʻz joniga qasd qilish holatlari
oʻrganilganda, qon bosimini tushiradigan dorilar koʻp miqdorda isteʼmol
qilingani maʼlum boʻlgan. Aynan shu guruhga kiruvchi dorilar ham retsept orqali
berilishi yoʻlga qoʻyilsa, maqsadga muvofiq boʻlardi.
— Antibiotiklarni nazoratsiz
isteʼmol qilish keyinchalik qanday muammolarni keltirib chiqarishi mumkin?
—
Birinchi marta oʻylab topilganda penitsillin yalligʻlanishlarni samarali davolagan
boʻlsa, hozir taʼsiri deyarli sezilmay qolgan. Koʻplab yangi avlod dorilar
yaratildi, kuchli antibiotiklar isteʼmolga kiritildi. Gripp yoki oddiy
shamollash belgilari kuzatilganda kuchli antibiotik tavsiya etish salbiy
oqibatini koʻrsatdi. Organizmning chidamliligi juda pasayib ketdi. Bakteriyalar
antibiotiklarga moslashib, ular taʼsir qilmaydigan shakllarga aylandi. Natijada
oddiy infeksiyalarga ham baʼzan dori taʼsir qilmayapti.
Kelgusida
infeksiyalar tufayli bemorlarni saqlab qolish qiyinlashishi mumkin. Bu esa
oʻlim xavfini oshiradi. Iqtisodiy oqibatlari ham ogʻriqli. Kuchli va qimmat
dorilar, oylab shifoxonada yotish va qoʻshimcha tibbiy muolajalar har qanday
odamning tinkasini quritishi tabiiy. Chidamli bakteriyalar odamlar oʻrtasida
keng tarqalib, epidemiyani yuzaga keltirishi mahalliy va xalqaro miqyosda
sogʻliqni saqlash tizimiga muammo boʻlishi mumkin. Jarrohlik amaliyotlari,
organ koʻchirish, kimyoterapiyada infeksiyalarning oldini olish qiyinlashadi.
Hozirgi
paytda yangi antibiotik kashf etish dunyo tibbiyotida katta muammoga
aylanyapti. Bu pnevmoniya yoki boshqa yalligʻlanish kasalliklari paydo
boʻlganda antibiotiklar samara bermasligi ehtimoli juda ham katta degani. Bu
esa bemorni saqlab qololmaslikka olib kelishi mumkin.
Antibiotiklar
nafaqat tirik mikroblarni, balki tirik hujayralarni ham oʻldirishi yoki nekrozga uchrashiga olib kelishi hech gap
emas. Antibiotikdan keyin buyrak qurib qolishi yoki yurakka taʼsiri koʻrsatishi
koʻp kuzatilgan. Oʻpkada organizmning immunitetiga qarshi kurashadigan saprofit
mikroblarini yoʻq qilishi, allergiya kuchayishiga sabab boʻlishi isbotlangan.
Ayniqsa, yoshlarda kuzatilayotgan bronxial astma, allergik rinit yoki teri
kasalliklari — bular antibiotiklarni pala-partish qoʻllash oqibatida yuzaga
kelyapti.
Shamollashni
dorisiz davolash oson boʻlmasligi mumkin, chunki uni keltirib chiqaradigan
turli viruslar mavjud. Ammo shifokor bilan maslahatlashgan holda kasallikni
antibiotiksiz, tabiiy yoʻl bilan yengishga harakat qilish lozim. Immunitetni
qoʻllab-quvvatlash, toʻgʻri ishlashiga yordam berish uchun vitaminlar,
minerallar, oʻtlar va immunitetni oshiruvchi boshqa qoʻshimchalardan
foydalanilsa, maqsadga muvofiq boʻladi.
Antibiotiklar
viruslarga taʼsir qilmaydi. Virusli infeksiyalar, shamollashda koʻproq suyuqlik,
misol uchun, naʼmatak, asalli choy, sharbat va shoʻrva ichish suvsizlanishning
oldini oladi. Tomoqni iliq tuzli yoki isteʼmol sodasi solingan suv bilan
tez-tez chayish foyda beradi. Koʻproq dam olish tavsiya etiladi. Shunda
organizmning infeksiyaga qarshi kurashish imkoniyati ortadi. Xonani shamollatib
turish va havoni namlash infeksiyaga qarshi samara beradi, isitma boʻlganda
shifokor tavsiyasi bilan ogʻriq qoldiruvchi va isitma tushiruvchi dorilardan
foydalanish mumkin.
— Internet va ijtimoiy tarmoqlardagi tibbiy
tavsiyalar haqida fikringizni bilmoqchi edim.
—
Ilmiy dalillarsiz internet va ijtimoiy tarmoqlardagi “moʻjizaviy tuzalish”
haqidagi fikrlarga ishonish kerak emas. Agar reklamada dori “tez”,
“kafolatlangan” yoki “universal” davolashi vaʼda qilinsa, bu ehtiyotkorlik
bilan yondashish uchun sababdir. Toʻgʻri, ayrim tavsiyalar malakali shifokorlar
tomonidan beriladi. Baʼzan tabiblar, biologik faol qoʻshimcha sotuvchilar
tavsiyalariga ham koʻzimiz tushadi. Ammo shifokor koʻrigi va nazoratisiz turli
tavsiyalardan foydalanish oʻrinli emas. Bu bemorning ahvolini ogʻirlashtirib
qoʻyishi mumkin.
Ayniqsa,
keyingi paytda ijtimoiy tarmoqlarda tana vaznini kamaytirish boʻyicha shubhali
reklamalar koʻpayib ketdi. Ana shu targʻibotlarga ishonib tekshirilmagan
muolajalarni olayotgan, natijada ogʻir ahvolga tushib qolayotgan
yurtdoshlarimiz bizga tez-tez murojaat qilyapti. Bu ogʻriqli muammo. Hech
qachon, hech narsa qilmay, yotgan holda ozish mumkin emas. Shifokor koʻrigi,
bir qancha tekshiruvlardan soʻng muolaja olish, toʻgʻri ovqatlanish, sogʻlom
turmush tarziga rioya qilish tavsiya etiladi.
Yurtdoshlarimizda
tibbiy madaniyat, sogʻlom turmush tarzi qaror topishida shunga ixtisoslashgan
markazlarning oʻrni alohida. Masalan, vazn ortishining oldini olish uchun,
birinchi navbatda, jismoniy faollikni oshirish, toʻgʻri ovqatlanish
madaniyatini shakllantirish, dorilarni tartibsiz va shifokor nazoratisiz qabul
qilmaslik, stressga moyillikni pasaytirish tavsiya etiladi.
— Dori-darmon reklamasi
odamlarning oʻzboshimchalik bilan davolanishiga qay darajada taʼsir koʻrsatadi?
— Reklamaning taʼsiri yaxshigina sezilyapti
desak, xato boʻlmaydi. Reklama dorining foydasini taʼkidlaydi, natijada baʼzi
odamlar uni xavfsiz va hamma uchun mos deb qabul qilishi mumkin. Bu esa shifokorga
murojaat qilmay, dori ichishga undaydi. Reklama qilingan dorini ichish bilan
tuzalib qoladigandek, inson oʻzida kasallikni yengib oʻtishga kuch topgandek
tuyuladi. Bu dorini nazoratsiz, nojoʻya taʼsirlarini obdan oʻrganmasdan qabul
qilishga olib boradi. Garchi kasallik alomatlari oʻxshash boʻlsa-da, har bir
bemor individual, ichki imkoniyatlari turlicha. Shifokor tavsiyasisiz, oʻzi
bilganicha dori ichishning oqibatlari ayanchli boʻlishi mumkin.
Biologik
faol qoʻshimcha dori emas, kasallikni davolashga moʻljallanmagan. Har qanday
dorini xarid qilishdan oldin axborot manbasini tekshirish muhim. Ishonchli
reklama dori tarkibi, qarshi koʻrsatmalar va mutaxassis maslahati zarurligi
haqidagi maʼlumotni oʻz ichiga oladi.
— Shifokor tashxisi nima uchun
muhim?
—
Mutaxassis kasallikni aniq belgilaydi. Bir xil belgilar turli kasalliklarda
uchrashi mumkin. Misol uchun, isitma va yoʻtal oddiy shamollash, virusli
infeksiyalar bilan birga boshqa jiddiy kasalliklarda ham uchrashi bor gap.
Baʼzan inson oʻzini juda holsiz sezadi. Bu vitamin yetishmasligi, kamqonlik
yoki onkologik kasalliklar belgisi boʻlishi ehtimoli bor. Buni tekshirmasdan
turib aniq tashxis qoʻyib boʻlmaydi. Bosh ogʻrishining sabablari turlicha.
Vaqtida aniqlangan sabab kasallik kuchayishi va surunkali tusga oʻtishi,
salomatlikka, inson hayotiga xavf soladigan boshqa jiddiy xastaliklar yuzaga
kelishining oldini oladi.
Dorini
kichik bolalarning qoʻli yetmaydigan joyga qoʻyish kerak. Tajribamizda
kattalarga buyurilgan dorini ichib, zaharlangan bolalar ham uchrab turadi.
Baʼzan ota-onalarning beparvoligi, tibbiy madaniyat yetishmasligi tufayli sodir
boʻladigan bunday voqealar ayanchli oqibat bilan yakun topadi. Bir oilaning
quvonchi, hayotimiz davomchisi boʻlgan bolalar salomatligi hamma narsadan
muhim. Unga daxl qilishga hech kimning haqqi yoʻq. Shunday ekan, dori-darmonni
saqlash va qabul qilishga malaka va bilim bilan yondashmoq kerak.
“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri
Risolat MADIYEVA suhbatlashdi.