Davlatimiz rahbari Belarus yetakchisini tavallud kuni bilan samimiy tabriklab, unga mustahkam sogʻliq, baxt-saodat va muvaffaqiyatlar, doʻst Belarus xalqiga esa tinchlik-osoyishtalik va ravnaq tiladi.
Oʻz navbatida, Belarus Prezidenti Oʻzbekiston yetakchisi va koʻp millatli xalqini yaqinlashib kelayotgan Mustaqillik kuni bilan samimiy qutlab, bardavom taraqqiyot va farovonlik tiladi.
Joriy yil 8-9-iyul kunlari Prezidentimizning Minsk shahriga rasmiy tashrifida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish doirasida Oʻzbekiston – Belarus strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirishning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Samarali muloqot va almashinuvlar, shu jumladan, ikki mamlakat hududlari darajasida amalga oshirilayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi.
Yil boshidan buyon tovar ayirboshlash hajmi 28 foizga oshdi. Qishloq xoʻjaligi, mashinasozlik, farmatsevtika, elektrotexnika, yengil sanoat va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida kooperatsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.
Yetakchilar boʻlajak ikki tomonlama uchrashuv va tadbirlar rejasini ham muhokama qildilar.