Barchangizni Butunjahon urbanizatsiya forumining 13-sessiyasida, global taraqqiyotning eng dolzarb masalalari muhokama qilinayotgan nufuzli muloqot maydonida koʻrib turganimdan behad mamnunman.
Bugungi anjuman “Kaspiy durdonasi” boʻlmish goʻzal Bokuda yuqori darajada tashkil etilgani va bizga koʻrsatilayotgan samimiy mehmondoʻstlik uchun Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Haydarovich Aliyevga chuqur minnatdorlik bildiraman.
Sizning rahbarligingizda butun Ozarbayjon diyorida, ayniqsa, Qorabogʻ zaminida ulkan bunyodkorlik ishlari jadal olib borilmoqda. Ozod qilingan hududlarda qisqa muddatlarda butun boshli shaharlar qayta tiklanib, yangi turar joy majmualari, zamonaviy infratuzilma obyektlari barpo etilyapti.
Fursatdan foydalanib, ana shunday olijanob ishlarga munosib hissa qoʻshishga Oʻzbekiston doim tayyor ekanini taʼkidlamoqchiman.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Kun tartibiga qoʻyilgan “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar” masalasi bugun har qachongidan ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda. Tahlillarga koʻra, XXI asr oʻrtalariga borib, sayyoramiz aholisining qariyb 70 foizi shaharlarda istiqomat qiladi.
Ayni paytda urbanizatsiya jarayoni oʻzi bilan birga qator ijtimoiy muammolarni ham kuchaytirib bormoqda.
Bugun dunyoda qariyb 3 milliard inson birlamchi yashash sharoitlaridan mahrum. Ularning bir milliarddan ziyodi norasmiy turar joylar va xarobalarda kun kechirmoqda, 300 milliondan ortiq odam esa umuman boshpanaga ega emas. Iqlim oʻzgarishlari, tahlikali xalqaro vaziyat va iqtisodiy inqirozlar global migratsiyaning yangi toʻlqinlarini paydo qilib, davlatlar va shaharlar oʻrtasida aholining qayta taqsimlanishiga olib kelmoqda. Oddiy qilib aytganda, urbanizatsiya jarayonlari global barqarorlik va xavfsizlikka toʻgʻridan-toʻgʻri taʼsir koʻrsatuvchi jiddiy omilga aylanmoqda.
Bularning barchasi hammamizdan qatʼiy va kechiktirib boʻlmaydigan choralar koʻrishni talab qilmoqda.
Aziz doʻstlar!
Shaharlarni barqaror rivojlantirish masalasi Yangi Oʻzbekiston uchun ham strategik ahamiyatga ega. Yaqin 15 yil ichida mamlakatimiz aholisi 38 milliondan 50 million nafarga, urbanizatsiya darajasi esa 51 foizdan 65 foizga yetishi kutilmoqda. Biz buni hududlarimizni mutanosib rivojlantirish va iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun noyob imkoniyat deb hisoblaymiz.
Shu maqsadda Oʻzbekistonda oxirgi oʻn yilda qurilayotgan uy-joylarning yillik soni 10 barobar oshib, 2025-yilda 238 mingta xonadonga yetdi, 2030-yilda ushbu raqamni yana 1,5 barobar oshiramiz; aholini arzon uy-joy bilan taʼminlash dasturlariga har yili budjetdan qariyb 2 milliard dollar mablagʻ ajratilmoqda; norasmiy turar joylar muammosini hal qilish uchun 2024-yilda alohida qonun qabul qilinib, 100 mingga yaqin uyga hujjat rasmiylashtirib berildi; eskirgan uy-joylarni yangilash maqsadida renovatsiya hisobiga quriladigan xonadonlar ulushini 15 foizdan 60 foizga yetkazish reja qilib olindi.
Ushbu jarayonlarni samarali boshqarish maqsadida Urbanizatsiya milliy qoʻmitasi tashkil etildi.
Bundan tashqari, “Yashil makon”, “Toza havo” dasturlari doirasida shaharlarda yashillik darajasini 2030-yilgacha 30 foizga yetkazish marrasini olganmiz.
Shaharlarni obodonlashtirish va aholi turmush tarzini yaxshilashda fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarishi boʻyicha anʼanaviy tuzilma – mahalla institutiga keng tayanamiz.
Xonimlar va janoblar!
Ikki million aholiga moʻljallangan “Yangi Toshkent” megaloyihasi biz amalga oshirayotgan urbanizatsiya strategiyasining yaqqol namunasidir. Ushbu loyihada zamonaviy shaharsozlikning eng ilgʻor yechimlari – “yashil”, “aqlli”, “xavfsiz”, “15 daqiqali” shahar tamoyillari toʻliq hisobga olingan.
Birinchi bosqichning oʻzida bu yerda qiymati 25 milliard dollardan ortiq investitsiya loyihalarini boshladik.
Loyiha konsepsiyasi taqdimoti forum doirasida tashkil etilgan “Urban Expo” koʻrgazmasida namoyish etilmoqda.
Eng muhimi, bu kabi loyihalar nafaqat poytaxtda, balki “Yangi Oʻzbekiston” massivlari nomi ostida mamlakatimizning barcha hududlarida amalga oshirilmoqda. Hozirgacha 61 ta ana shunday massiv bunyod etildi, 2030-yilga borib esa ularning soni 100 taga yetadi.
Shu oʻrinda urbanizatsiya va shaharsozlik sohasidagi ishlarimizda bizga yaqin koʻmakdosh boʻlib kelayotgan BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax xonimga hamda Jahon banki, Osiyo taraqqiyot banki va boshqa yetakchi moliya institutlariga oʻz tashakkurimni izhor etaman.
Hurmatli forum ishtirokchilari!
Bugun muhokama qilinayotgan masalalar yuzasidan bir qator taklif va tashabbuslarni ilgari surmoqchiman.
Birinchidan, barcha hududlarda aholi uchun teng yashash sharoitlarini yaratish kichik va oʻrta shaharlarni uygʻun rivojlantirishni talab qilmoqda.
Shu sababli hamkor davlatlarni shaharlarni rivojlantirishda “mutanosib urbanizatsiya” tamoyilini keng joriy etishga chaqiraman.
Ikkinchidan, shahar boshqaruvida sunʼiy intellekt va raqamli transformatsiya imkoniyatlaridan barcha davlatlar teng foydalana olishi zarur.
Ushbu sohada texnologiya, standartlar va tajribalarni tizimli almashishga qaratilgan xalqaro “Aqlli va xavfsiz shaharlar alyansi”ni tuzishni taklif qilaman.
Uchinchidan, yoshlar va aholining ehtiyojmand qatlamlarini sifatli hamda arzon uy-joylar bilan taʼminlash juda muhim.
Shu maqsadda kelgusi yilda Samarqand shahrida uy-joy qurilishiga moliya va investitsiyalarni jalb etishdagi yangicha yondashuvlar yuzasidan xalqaro forum oʻtkazishga tayyormiz.
Toʻrtinchidan, global iqlim oʻzgarishlarini inobatga olgan holda “yashil shaharlar”ni barpo etishning umumiy tamoyillari va standartlarini qabul qilish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Shaharlarning tabiat bilan uygʻun rivojlanishini ragʻbatlantirish maqsadida BMT-Habitatning “Yashil shahar” xalqaro mukofotini taʼsis etishni taklif qilaman.
Beshinchidan, urbanizatsiya darajasining oʻsishi shaharlardagi oʻzini oʻzi boshqarishning anʼanaviy tuzilmalari rolini yanada oshirmoqda.
Shu munosabat bilan Butunjahon urbanizatsiya forumining 15-sessiyasini 2030-yilda Yangi Toshkent shahrida oʻtkazishni va uning bosh mavzusini “Shaharlarning barqaror rivojlanishida mahalla institutining oʻrni” deb nomlashni taklif etaman.
Hurmatli anjuman ishtirokchilari!
Bugungi tadbir oʻzaro manfaatli va istiqbolli masalalar yuzasidan birgalikda yechimlar topishga, yangi tashabbuslarga yoʻl ochish va soha rivojiga salmoqli hissa qoʻshishiga ishonaman.
Soʻzimning yakunida forum ishiga ulkan muvaffaqiyatlar tilayman.