Raqobat qo‘mitasi tomonidan Vazirlar Mahkamasining «Tashqi yozuvlarni tartibga solish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida»gi qarori loyihasi (ID-9160) tayyorlangan.

Hujjat bilan amaliyotda turli kelishmovchiliklarga sabab bo‘layotgan ayrim tushunchalarga aniqlik kiritilmoqda. Xususan, «tashqi axborot vositasi», «tashqi yozuv», «axborot ko‘rsatkichi», «peshlavha», «e‘lon» va «ma‘lumotlar taxtasi» kabi atamalarga ta’rif berilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, savdo, umumiy ovqatlanish va maishiy xizmat ko‘rsatish obyektlarida korxona nomi hamda faoliyat turini ko‘rsatuvchi peshlavhalar tashqi reklama obyekti hisoblanmaydi.

Masalan, dorixona, sartaroshxona, supermarket, shifoxona yoki qurilish mollari do‘koni ekanini bildiruvchi yozuvlar shunday peshlavhalar jumlasiga kiradi.

Tadbirkorlik subyekti egallab turgan binoning kirish qismida joylashtirilgan, uning nomi va faoliyat turini ko‘rsatuvchi yozuvlar, shuningdek, shu tadbirkorning mahsulotlari haqida bino vitrinasida berilgan axborot reklama hisoblanmaydi. Bunday hollarda reklama joyi pasportini olish, tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarni rasmiylashtirish va buning uchun to‘lovlarni amalga oshirish talab etilmaydi.

Loyihada tashqi muhitga qaratilgan, tijorat maqsadini ko‘zlamaydigan axborot vositalari va tashqi yozuvlarni reklama mazmunidagi axborotdan farqlash ham nazarda tutilgan. Bunday vositalarga reklama yoki tijorat xususiyatiga ega axborot va tasvirlarni joylashtirish orqali ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Ma‘lumot uchun, reklama — e‘tiborni muayyan obyekta jalb qilish, unga qiziqishni shakllantirish yoki qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, bozorda bevosita yoki bilvosita foyda olish maqsadida uni ilgari surish uchun mo‘ljallangan axborotdir.

Qo‘mita ma‘lumotiga ko‘ra, xususiy mulk bo‘lgan binolarda tashqi reklama konstruksiyalarini joylashtirish huquqini beruvchi reklama joyi pasportini mahalliy hokimliklar, Toshkent shahrida esa shahar hokimligi huzuridagi Raqamli rivojlanish departamenti rasmiylashtiradi.

Raqobat qo‘mitasi esa reklama mazmunining qonunchilik talablariga muvofiqligi ustidan davlat nazoratini amalga oshiradi.

Qo‘mita yuridik shaxslar, tadbirkorlik subyektlari, kompaniyalar, tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari va keng jamoatchilikni qaror loyihasi muhokamasida faol ishtirok etishga chaqirdi. Kelib tushgan takliflar loyihani takomillashtirishda inobatga olinishi bildirilingan.

Loyiha muhokamasi joriy yilning 25 aprelidan boshlangan bo‘lib, 10 mayga qadar davom etishi belgilangan.