Holat yuzasidan Navoiy viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi hamda FVDT xizmatlari tomonidan tezkor choralar koʻrilib, oqibatlarni bartaraf etish ishlari tashkil etildi. Bevosita hodisa qayd etilgan hududlarda viloyat rahbariyati boshchiligida tezkor ishlar olib borilmoqda.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, Xatirchi, Karmana va Nurota tumanlarining ayrim hududlarida sel oqimlari kuzatilib, 2 ta avtomobil, 5 bosh yirik shoxli mol sel oqimida oqib ketgani, shuningdek, 7 ta xonadonning tomorqa hududlariga suv kirgani aniqlangan.
Oqibatlarni bartaraf etish ishlariga jami 37 ta maxsus texnika va 173 nafar shaxsiy tarkib jalb etilgan.
Maʼlum qilinishicha, fuqarolar oʻrtasida tan jarohati olganlar va halok boʻlganlar qayd etilmagan.
Ayni paytda sel-suv oqimlari kuzatilingan hududlarda viloyat rahbariyati hamda tegishli xizmatlar masʼullari boshchiligida tezkor shtab faoliyati yoʻlga qoʻyilib, vaziyat nazoratga olingan holda oqibatlarni bartaraf etish ishlari davom ettirilmoqda.