Joriy yil 14-may kuni Toshkent shahrida Xitoy, Qozogʻiston, Qirgʻiziston, Tojikiston, Turkmaniston va Oʻzbekistonning inson huquqlari sohasidagi ekspert, ilmiy, davlat va ishbilarmon doiralari vakillari ishtirokida “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha toʻrtinchi forumi boʻlib oʻtadi. Ushbu anjuman Oʻzbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligini keng nishonlash uchun butun mamlakatimizda tayyorgarlik koʻrilayotgan qizgʻin davrga toʻgʻri kelganida ham oʻziga xos ramziy maʼno bor.

 

Avvalo, mustaqillik tufayli Oʻzbekiston barcha davlat bilan teng huquqli va oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish layoqatiga ega boʻldi. Shuningdek, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizda mustahkamlab qoʻyilganidek, “Insonning huquq va erkinliklarini taʼminlash davlatning oliy maqsadidir”.

Oʻzbekiston ana shu konstitutsiyaviy normani roʻyobga chiqarish yoʻlida turli nufuzli xalqaro tashkilotlar va xorijiy davlatlar bilan yaqin hamkorlik munosabatlarini yoʻlga qoʻygan. Xitoy Xalq Respublikasi va mintaqamiz mamlakatlari bilan hamjihatlikda oʻtkazib kelinayotgan “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha anʼanaviy forumi bunga yaqqol amaliy misoldir.

Bu galgi forum “Yuqori sifatli rivojlanish orqali inson huquqlari sohasidagi taraqqiyotni birgalikda ilgari surish” mavzusiga bagʻishlanadi. Ayni mavzuda batafsil fikr yuritishdan oldin Oʻzbekiston bilan Xitoy va mintaqamiz mamlakatlari oʻrtasidagi hamkorlik aloqalari holati haqida muxtasar toʻxtalish oʻrinli deb oʻylayman.

Oʻzbekiston — Xitoy: inson huquqlari sohasida hamkorlik

Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bugun dunyo nafaqat turli tahdid va xatarlar, balki ulkan imkoniyatlarni ham oʻzida mujassam etgan global oʻzgarishlar davriga qadam qoʻydi. Bu olamshumul yangilanishlar pallasi aynan Oʻzbekiston — Xitoy munosabatlarida yangi davr boshlangan tarixiy qulay sharoitga toʻgʻri kelgani alohida diqqatni tortadi.

Gap shundaki, 2025-yil 30-avgust – 3-sentyabr kunlari Prezidentimiz rasmiy tashrif bilan Xitoyda boʻldi. Davlatimiz rahbari ushbu tashrifi doirasida, birinchidan, 31-avgust – 1-sentyabr kunlari Tyanszin shahrida oʻtkazilgan Shanxay hamkorlik tashkiloti davlat rahbarlari kengashi yigʻilishida ishtirok etdi. Ikkinchidan, 2-sentyabr kuni Pekinda XXR Raisi Si Szinpin bilan yuzma-yuz uchrashib, strategik sheriklikni chuqurlashtirish masalalarini muhokama qildi. Uchinchidan, 3-sentyabr kuni Ikkinchi jahon urushidagi gʻalabaning 80 yilligiga bagʻishlangan tantanalarda qatnashdi.

Oʻz navbatida, Prezidentimizning 2024-yil yanvar oyida Xitoyga davlat tashrifi yakunlari boʻyicha har ikki davlat rahbarlari tashabbusi bilan mamlakatlarimizning oʻzaro munosabatlari yangi davrda barcha sharoitda har tomonlama strategik sheriklikka koʻtarilishi uchun ulkan shijoat baxsh etildi. Davlatimiz rahbarining Pekin va Shenchjen shaharlaridagi muzokaralari yakunida 2023-2027-yillarga moʻljallangan hamkorlik dasturi qabul qilindi va 25 milliard dollardan ortiq qiymatdagi kelishuvlarga erishildi.

Hozir Oʻzbekiston bilan Xitoy buyuk sivilizatsiyaning qadimiy oʻlkalari sifatida ikki tomonlama hamkorlikning tarixiy yuksalish pallasida turibdi. Bunda, bir ­tomondan, Xitoy oʻzining modernizatsiyalashtirish uslubini tobora jadallashtirayotgani, boshqa tomondan, mamlakatimiz “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini barcha sohaga izchil tatbiq qilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Xalqaro hamkorligimiz samarasiga bir misol: BMT Bosh Assambleyasining 78-sessiyasida Oʻzbekiston va Xitoy tomonidan Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kunini belgilash boʻyicha taklif qilingan rezolyutsiya bir ovozdan maʼqullandi. Binobarin, 10-iyun — Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni deb eʼlon qilindi.

Ushbu rezolyutsiya xalqaro hamjamiyat tomonidan qizgʻin kutib olindi va keng qoʻllab-quvvatlandi. Zero, Oʻzbekiston Xitoyning Global sivilizatsiya tashabbusini qatʼiy qoʻllab-quvvatlaydi. Eʼtiborlisi, Oʻzbekiston Xitoyning taklifiga binoan “Xalqaro sivilizatsiyalar oʻrtasidagi muloqot kuni” rezolyutsiyasini ishlab chiqishda asosiy guruh aʼzosi sifatida faol ishtirok etdi va rezolyutsiyaning qabul qilinishiga salmoqli hissa qoʻshdi.

Oʻzbekiston yagona Xitoy prinsipini maʼqullaydi. Biz birgalikda uch yovuz kuch — terrorizm, ekstremizm va separatizmga qarshi qatʼiy kurashmoqdamiz. Mamlakatlarimiz sivilizatsiyalararo muloqotni rivojlantirish borasida ham jahon ahliga munosib namuna boʻlmoqda.

Tinchlik va totuvlikni mustahkamlash yoʻlida

Markaziy Osiyo mintaqasidagi qoʻshni va qardosh mamlakatlar bilan hamkorligimiz ham izchil rivojlanmoqda. Binobarin, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamiz muqaddimasida xalqimiz “xalqaro huquqning umum­eʼtirof etilgan prinsip va normalariga asoslangan holda, Oʻzbekistonning jahon hamjamiyati, eng avvalo, qoʻshni davlatlar bilan doʻstona munosabatlarini hamkorlik, oʻzaro qoʻllab-quvvatlash, tinchlik va totuvlik asosida mustahkamlash hamda rivojlantirishga intilib”, Konstitutsiyani qabul qilgani alohida eʼtirof etilgani bejiz emas.

Bugun mintaqamiz xalqlari va davlatlarini umumiy saʼy-harakatlarimiz bilan Markaziy Osiyoni barqaror, iqtisodiy rivojlangan va yuksak taraqqiy etgan mintaqaga, oʻzaro ishonch va doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va manfaatli hamkorlik makoniga aylantirishdek yagona maqsad birlashtirmoqda. Prezidentimiz eʼtirof etganidek, “Markaziy Osiyoni tinch va gullab-yashnayotgan hududga aylantirish bundan buyon ham Oʻzbekiston tashqi siyosatining ustuvor maqsadi boʻlib qolaveradi”.

Endi “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish boʻyicha forumi mavzusiga qaytamiz. Ushbu forum joriy yilda toʻrtinchi marta oʻtkazilmoqda. Bu, bir tomondan, forumning allaqachon anʼanaviy ahamiyat kasb etganini koʻrsatsa, ikkinchi tomondan, Xitoy va Markaziy Osiyo mintaqasi davlatlari uchun bunday hamkorlik formati zarurligini amalda tasdiqlaydi.

Forumning muxtasar tarixiga nazar solaylik. Xususan, Birinchi “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumi 2023-yil 12-sentyabrda Pekin shahrida muvaffaqiyatli oʻtkazilib, mamlakatlarimiz oʻrtasidagi hamkorlikning yangi bosqichini boshlab bergandi.

Ikkinchi forum 2024-yilda qoʻshni Qozogʻistonning Ostona shahrida boʻlib oʻtdi. Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari ­oʻrtasida mushtarak taqdirlar hamjamiyatini barpo etish, inson huquqlari rivojlanishi va taraqqiyoti mavzusiga bagʻishlangan forumda mamlakatimiz delegatsiyasi muvaffaqiyatli ishtirok etdi.

Uchinchi forum 2025-yilda Xitoyning Sian shahrida boʻlib oʻtdi. Forum inson huquqlarini birgalikda rivojlantirish yoʻlida sivilizatsiyalararo almashinuv va oʻzaro boyitishni chuqurlashtirish mavzusiga bagʻishlandi.

Boʻlajak toʻrtinchi forumga ­Toshkent mezbonlik qilmoqda. Forumning tashki­lotchilari mehmonlar tomondan — Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamgʻarmasi, mezbon tomondan — Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazi.

Shu oʻrinda Xitoyning Inson huquqlarini rivojlantirish jamgʻarmasi Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Milliy markazining yaqin hamkorlaridan ekanini taʼkidlash lozim. 1994-yilda tashkil etilgan ushbu tuzilma Xitoyning Pekin shahrida joylashgan jamoat tashkilotidir. Jamgʻarma faoliyati Xitoyning milliy oʻziga xosligini inobatga olgan holda inson huquqlari konsepsiyasini ilgari surish va rivojlantirish, shuningdek, ushbu mavzu yuzasidan xalqaro muloqotni yoʻlga qoʻyishga qaratilgan.

Binobarin, har bir insonning oʻz huquqlaridan toʻliq foydalanish imkoniyatini taʼminlash butun insoniyatning umumiy maqsadidir. Xitoy va Markaziy Osiyoning beshta davlati rivojlanayotgan mamlakatlar sifatida taraqqiyotga birgalikda koʻmaklashish va inson huquqlarini ilgari surish masalalarida keng mushtarak qarashlarga ega.

Bu haqda fikr yuritganda, Xitoy va Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida inson huquqlari sohasida samarali hamkorlik aloqalari izchil rivojlanayotganini taʼkidlash lozim. Tabiiyki, bunda tashkil topganiga 77 yil boʻlayotgan Xitoy Xalq Respublikasining shu tarixan qisqa davrda oʻz taraqqiyotida misli koʻrilmagan darajada ulkan yutuqlarga erishgani Oʻzbekiston va mintaqamizdagi qoʻshni davlatlar uchun gʻoyat muhim.

Barqarorlik, taraqqiyot, yuksalish va yorugʻ kelajak sari

Xitoy keyingi yillarda qashshoq va qoloq mamlakatdan jahon iqtisodiy oʻsishini taʼminlaydigan beqiyos kuch-qudrat manbaiga aylandi. Bunda mamlakatning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish yoʻlida qoʻlga kiritgan olamshumul natijalari katta ahamiyat kasb etdi va bugun ayni samarador omillar butun dunyoning diqqat-eʼtiborini oʻziga jalb etmoqda.

Ushbu davlat dunyodagi beqarorliklarning oldini olishga qaratilgan koʻplab global tashabbuslarni ilgari surib kelmoqda. Barqarorlikka oid bu gʻoyalar mamlakatda asriy islohotlar sinovidan muvaffaqiyatli oʻtgani bilan ahamiyatlidir.

Xitoy hukumati milliy modernizatsiyani hayotga tatbiq etish jarayonida asosiy eʼtiborni xalq farovonligini taʼminlashga qaratmoqda. Yaʼni islohot va taraqqiyot, avvalo, har bir xitoylikning munosib yashashiga xizmat qilsin degan yondashuvga tayanilmoqda. Xuddi shu konsepsiya Xitoyda kambagʻallikka barham berishda hal qiluvchi oʻrin tutgani eʼtiborga sazovor.

Natijada Xitoy xalqi 40 yil ichida qashshoqlik va yoʻqchilik domidan qutulib, endi munosib va barqaror turmush sharoitida hayot kechirmoqda. BMT maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan davrda 700 milliondan ortiq xitoylik kambagʻallik holatidan chiqishga muvaffaq boʻlgan.

Innovatsiyalarga tayanadigan davlat sifatida Xitoy iqtisodiy taraqqiyot surʼatini muntazam oshirib bormoqda. Mamlakat hatto “yashil iqtisodiyot”ni rivojlantirish sohasida ham muayyan natijalarga erishgani tufayli allaqachon ekologik toza mahsulotlarning jahondagi yirik bozoriga aylanib ulgurdi.

Boshqacha aytganda, yangi Xitoyning 77 yillik rivojlanish yoʻli barqarorlik,­ ­taraqqiyot, yuksalish va yorugʻ kelajakka qatʼiy ishonchning yorqin namunasidir. Taraqqiyotning xitoycha modeli sotsializm va bozor iqtisodiyoti qonuniyatlarini oʻzida omuxtalashtirgan boʻlib, oʻz navbatida, bunday noyob usul Xitoyning iqtisodiy jihatdan eng qudratli davlat maqomini egallashini taʼminlamoqda.

Xitoy erishgan ulugʻvor yutuqlar haqida soʻz borganda, faqat iqtisodiy samaralar tafsiloti bilan cheklanmay, ijtimoiy siyosat, infratuzilmalar va texnologiyalar sohalarida qoʻlga kiritilgan ­yangidan-­­yangi marralar xususida ham fikr yuritish ­lozim deb oʻylaymiz.

Bu oʻrinda, ayniqsa, Xitoy aholisining nihoyatda koʻpligi va global muammolarning halokatli taʼsiriga qaramay, milliy iqtisodiyotni jadal rivojlantirish va barqarorlikni saqlab turishdek ikkita noyob muvaffaqiyatga erishilgani har qancha tahsinga loyiq. Bugun Xitoy jahon iqtisodiyotining yuragidir. Sayyoramiz hayotining pandemiyadan keyingi ogʻir va murakkab sharoitlarida ham mamlakat iqtisodiyoti barqaror rivojlanayotgani buni amalda tasdiqlab berdi.

Hozir esa oʻz iqtisodiyotining barqarorligi xususiyati bilan jahon iqtisodiyotining rivojlanishi uchun munosib hissa qoʻshmoqda. Binobarin, bir tomondan, mamlakat jahon bozoriga tobora koʻplab tovarlar yetkazib berayotgan boʻlsa, ikkinchi tomondan, tashqi bozorlardan ham koʻpdan koʻp mahsulotlarni muntazam xarid qilmoqda.

Shu omillarning oʻzi ham yangi Oʻzbekistonning yangi Xitoy bilan har tomonlama hamkorlikni rivojlantirishi gʻoyat manfaatli ekanidan dalolat beradi, nazarimizda. Yurtlarimiz va xalqlarimiz oʻrtasida necha ming yillik tarixiy hamkorlik aloqalari mavjudligi esa, albatta, alohida mavzu.

Shuningdek, Xitoy tomoni 2025-yilda Samarqandda ikkinchi Oʻzbekiston — Xitoy hududlararo forumi oʻtkazilishini toʻliq qoʻllab-quvvatladi. Samarqand forumida Xitoy va mintaqa davlatlaridan vakillar ham ishtirok etgani bizga mamnuniyat bagʻishladi.

Xitoyliklarda bunday maqol bor: “Mehnat-mashaqqat chekmasang, tuproq ichidan oltinni ajratib olishing mushkul”. Oʻzbek xalqining mana bu maqollari shu mantiqqa oʻta uygʻun, yaʼni “Toqqa chiqmasang, doʻlana qayda?” yoki “Tekinga osmondan chalpak yogʻmaydi”.

Mintaqa davlatlari oʻrtasida inson huquqlari boʻyicha hamkorlik

Bugun Markaziy Osiyo tarixning chetida emas, u oʻz strategik kun tartibini shakllantirayotgan, jadal rivojlanayotgan mintaqaga aylanmoqda. Siyosiy iroda, yuqori darajadagi oʻzaro ishonch va qoʻshma iqtisodiy ­tashabbuslar mintaqada barqaror rivojlanish uchun yangi imkoniyatlar ochdi.

Mintaqa xalqlarini ming yillik qardoshlik va yaxshi qoʻshnichilik, quda-andachilik rishtalari bogʻlab turadi. Xalqlarimiz hamisha bir-biriga yelkadosh va hamjihat boʻlib yashab kelgan. Prezidentimiz taʼbiri bilan aytganda, bizni yagona tarix, yagona din, umumiy madaniyat va anʼanalar birlashtiradi.

Keyingi yillarda Oʻzbekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchrashuvlarini oʻtkazish yoʻlga qoʻyildi. Bugun ushbu uchrashuvlar mintaqada oʻzaro hamjihatlik va hurmat, yaqin qoʻshnichilik va strategik sheriklik ruhidagi mutlaqo yangi siyosiy muhitni mustahkamlash, muhim hayotiy masalalarni hal qilish va koʻp qirrali hamkorligimizni sifat jihatidan yangi mazmun bilan toʻldirish borasida samarali platformaga aylandi.

Mintaqamiz davlatlari oʻrtasidagi madaniy aloqalarning faollashishi natijasida xalqlarimiz yanada yaqinlashmoqda. Mintaqa doirasidagi siyosiy muloqotlar va parlamentlararo almashuvlar doimiy tus olmoqda.

Markaziy Osiyo yetakchilari tomonidan, jumladan, qonun ustuvorligi, inson huquqlari va asosiy erkinliklarini ragʻbatlantirish hamda himoya qilish barcha uchun birdek muhim fundamental qadriyat ekani muntazam taʼkidlab kelinmoqda. Bu oʻrinda, albatta, fikrni ifoda etish erkinligi va jamoat birlashmalariga uyushish huquqini taʼminlash, fuqarolik jamiyati va mustaqil ommaviy axborot vositalari uchun sogʻlom muhit yaratish, huquq himoyachilarini muhofaza qilish, ayollar, bolalar va mehnat migrantlari huquqlarini hurmat qilish oʻzaro hamkorlik munosabatlarimizning tub negizini tashkil qilishi haqida soʻz bormoqda.

Eng asosiysi, xalqaro siyosiy lugʻatda mintaqaviy taraqqiyotni taʼminlashga xizmat qiluvchi oʻziga xos modelni aks ettiradigan “Markaziy Osiyo ruhi” atamasi paydo boʻldi. Bugun biz global va mintaqaviy siyosat kun tartibidagi koʻplab dolzarb masalalar boʻyicha yagona pozitsiyada turib harakat qilmoqdamiz.

Natijada qisqa muddatda dunyoda mintaqamizga nisbatan ishonch va hamkorlikka intilish kuchaydi. “Markaziy Osiyo +” formatida 10 dan ortiq hamkorlik muloqoti yoʻlga qoʻyilgani buni tasdiqlaydi.

Mintaqa mamlakatlarining inson huquqlari sohasida oʻzaro hamkorlik borasidagi tajribasi ham eʼtiborga loyiq. Avvalo, Markaziy Osiyo mamlakatlari Konstitutsiyasida “Davlat inson huquqlarini hurmat qiladi va taʼminlaydi” degan tamoyil aniq-tiniq belgilab qoʻyilgan.

Shuningdek, Qozogʻistonda 2023-yilda mamlakat Prezidenti tomonidan tasdiqlangan Inson huquqlari va qonun ustuvorligi sohasidagi uchinchi harakatlar rejasi amalga oshirilmoqda. Qirgʻiziston hukumati 2022-2024-yillar uchun Inson huquqlari boʻyicha harakatlar rejasini qabul qildi va amalga oshirdi. Tojikiston hukumati 2023-yilda Inson huquqlari boʻyicha milliy strategiyani qabul qildi. Turkmaniston Prezidenti tomonidan 2021-2025-yillarga moʻljallangan Inson huquqlari boʻyicha milliy harakatlar rejasi tasdiqlandi.

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasining Milliy strategiyasi 2020-yilda qabul qilingan bu sohadagi ilk hujjatdir. Joriy yilda davlat dasturi doirasida bu boradagi ikkinchi dasturiy hujjat — “Inson huquqlari — 2030” strategiyasi ishlab chiqilmoqda.

Bugungi mintaqaviy hamkorligimiz darajasi, shubhasiz, Markaziy Osiyo mintaqasi xalqaro munosabatlarning mustaqil subyekti maqomida oʻzini namoyon etishga dadil kirishganini amalda isbotlaydi. Binobarin, XXI asrning uchinchi oʻn yilligida Markaziy Osiyo xalqaro hayotning mustaqil subyekti sifatida qayta tiklanishi oʻzida muhim jarayonlarni ham ifodalovchi, ham aks ettiruvchi olamshumul voqeadir.

Poytaxtimizda oʻtkaziladigan forum doirasidagi muzokaralar ishtirokchilardan katta kuch-gʻayrat, faollik va tashabbuskorlikni talab etadi. Chunki mavzu doirasidagi masalalar koʻlami keng va gʻoyat masʼuliyatlidir. Forumda, jumladan, Xitoy va Markaziy Osiyo davlatlarining inson huquqlari sohasidagi hamkorligining asosiy ustuvor yoʻnalishlari koʻrib chiqiladi. Rivojlanish huquqini roʻyobga chiqarish maqsadida kambagʻallikni qisqartirish va aholi farovonligini yaxshilash boʻyicha loyihalarni amalga oshirish, ekologiyani muhofaza qilish, “yashil” rivojlanish va inson huquqlarini himoya qilish, inson huquqlari rivojiga koʻmaklashuvchi raqamli intellektual texnologiyalarni ilgari surish kabi sohalardagi hamkorlik istiqbollari keng muhokama qilinadi.

Yanada muhimi, “Xitoy — Markaziy Osiyo” inson huquqlarini rivojlantirish forumining “Toshkent tashabbusi” deb nomlangan yakuniy hujjati qabul qilinishi kutilmoqda. Ushbu hujjatda oʻz aksini topadigan tashabbuslar Xitoy va mintaqamiz davlatlarining inson huquqlari sohasidagi hamkorlik munosabatlarini yangi bosqichga koʻtarishi shubhasiz.

Akmal SAIDOV,

Inson huquqlari boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi

Milliy markazi direktori, akademik