Zero, zamonaviy davlatning asosiy boyligi uning yer ostidagi koni yoki moddiy resurslarigina emas. Eng katta strategik resurs bu — bilimli, salohiyatli, sadoqatli va oʻz kasbiga daxldor kadrlar.

Seulda boʻlib oʻtgan birinchi “Markaziy Osiyo — Koreya Res­publikasi” sammitida Oʻzbekis­ton tomoni ilgari surgan muhim tashabbuslardan biri — inson kapitalini rivojlantirishda “buyurtma — oʻqitish — band­lik” tamoyilini joriy etish taklifi ham aynan shu haqiqat­ning ifodasidir.

Bu — kadrga munosabatni oʻzgartirish falsafasi. Yaʼni, avvalo, iqtisodiyot va davlat boshqaruviga qanday mutaxassis kerakligi aniqlanadi. Keyin shu ehtiyojdan kelib chiqib, in­son oʻqitiladi, bilimi va koʻ­nikmasi shakllantiriladi. Eng muhimi, olingan bilim amaliyot bilan uygʻunlashib, inson oʻz sa­lohiyatini namoyon qiladigan ish oʻrniga ega boʻladi.

Shunday ekan, gap shunchaki kadr tayyorlash haqida emas. Gap inson taqdirini mehnat bo­zori ehtiyoji bilan uygʻunlashtirish haqida. Soliq tizimida ham inson kapitali — bosh strategik resurs. Bu yondashuv soliq tizimi uchun ham alohida ahamiyat kasb etadi.

Chunki zamonaviy soliq maʼmuriyatchili­gi faqat qonunni bilish yoki raqamlar bi­lan ishlashdan iborat emas. Bugun soliqchi raqamli texnologiyalarni tushunadigan, tahlil qiladigan, muloqotga tayyor, oʻzga­rishlarga moslasha oladigan va eng muhimi, davlat va jamiyat oldidagi masʼuliyatini chuqur his etadigan mutaxassis boʻlishi ke­rak.

Shu maʼnoda, 2030-yilga qadar belgilan­gan strategik vazifalar doirasida soliq tizimida kadrlar salohiyatini rivojlan­tirish, xodimlarni ijtimoiy qoʻllab-quv­vatlashni kuchaytirish, malaka oshirish tizimini takomillashtirish va kadrlar qoʻ­nimsizligiga barham berishga qaratilgan ishlar inson kapitaliga berilayotgan eʼti­borning amaliy ifodasidir.

Zero, kadrlar qoʻnimsizligi faqat HR muammosi emas. Bu institutsional xotira, tajriba va tizim samaradorligi masala­sidir. Bir xodim ketganda uning lavozimi boʻshaydi, xolos deb qarash masalaning mo­hiyatini tor tushunishdir. U bilan birga tajriba, koʻnikma, jamoaviy aloqalar va yillar davomida shakllangan institutsio­nal bilimning muayyan qismi ham ketishi mumkin.

Shuning uchun zamonaviy HR siyosati xo­dimni ishga qabul qilish bilan emas, uning tizimda oʻzini qadrlangan, rivojlanayotgan va kelajagini koʻrayotgan inson sifatida his qilishi bilan oʻlchanadi.

“TOP-100”: yosh kadrga berilgan ishonch

Shu nuqtayi nazardan, Soliq qoʻmitasi­ning Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamenti tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan bir qator tizimli lo­yihalari alohida ahamiyat kasb etadi.

Avvalo, kadrlar zaxirasini shakllan­tirish, istiqbolli yosh mutaxassislarni aniqlash va salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan ishlar yoʻlga qoʻyildi. Soliq ti­zimida istiqbolli yosh kadrlarni aniqlash va rahbarlik salohiyatini rivojlantirishga qaratilgan “TOP-100 yosh soliq kadrlari” loyihasi yosh mutaxassislarga ishonchning amaliy koʻrinishidir.

Ularning aksariyati rahbarlik lavozim­lariga jalb etilayotgani bir haqiqatni koʻr­satadi: yoshlik tajribasizlik degani emas, agar unga imkoniyat, bilim va ishonch beril­sa, yosh kadr oʻzgarishlarning asosiy drayve­riga aylanishi mumkin. Bu yerda eng muhim jihat — lavozimning oʻzi emas. Muhimi, kelajak rahbarlarini bugundan tayyorlash.

Dunyo tajribasi — milliy amaliyotga

Salohiyatli kadrni shakllantirishning yana bir muhim omili tajriba almashinuvi­dir. Mamlakatimizdagi Soliq oliy maktabi imkoniyatlari bilan birga rivojlangan davlatlarning nufuzli oliy taʼlim muas­sasalarida stajirovkalar tashkil etilishi, xorijiy tajribani oʻrganish va ilgʻor yonda­shuvlarni soliq maʼmuriyatchiligiga imple­mentatsiya qilish jarayonlari kadrlar dunyo­qarashini kengaytirishga xizmat qilmoqda. Chunki bugungi soliqchi faqat oʻz tizimidagi jarayonlarni emas, dunyo soliq maʼmuriyatchi­ligi qayerga qarab borayotganini ham bilishi kerak.

Texnologiya oʻzgarayotgan bir paytda bi­limni yangilamaslik kechagi usul bilan bugungi muammoni hal qilishga urinish­dir.

Yosh kadrlarga eʼtiborning yana bir muhim namunasi sifatida avgust oyida Samarqand shahrida oʻtkazilgan “Yosh soliqchi — 2026” forumini qayd etish mumkin. Kuchli eks­pertlar ishtirokida oʻtkazilgan muloqotlar, fikr va tajriba almashinuvi yakunida yoʻl xaritasining shakllantirilishi esa tadbir­ni oddiy forum doirasidan chiqarib, amaliy natijaga yoʻnaltirdi.

Chunki har qanday gʻoyaning haqiqiy qiy­mati uning qanchalik chiroyli aytilganida emas, qanchalik amalga oshirilganida namoyon boʻladi.

Kuni kecha Zominda oʻtkazilgan “HR xavf­larni boshqarish” treningi ham tizimda kadrlar masalasiga munosabat tubdan oʻzga­rayotganini koʻrsatadi. Xavfni boshqarish uchun, avvalo, uni tan olish va aniqlash kerak.

Shu maʼnoda, tizim xodimlari oʻrtasida “Inson resurslari sohasidagi xatarlarni aniqlash” mavzusida oʻtkazilgan soʻrovnoma ham muhim qadam boʻldi. Natijalar mehnat muhiti, xodimlarning tashkilotga daxl­dorlik hissi, ichki motivatsiyasi va kasbiy rivojlanishi bilan bogʻliq ayrim yoʻna­lishlarda qoʻshimcha choralar zarurligini koʻrsatdi.

Bu natijalarni muammo emas, rivojla­nish nuqtalarini aniqlash imkoniyati si­fatida qabul qilish joiz. Zero, kuchli tash­kilot muammosi yoʻq tashkilot emas. Kuchli tashkilot muammosini yashirmaydigan, uni aniqlaydigan va yechim izlaydigan tashki­lotdir.

Inson kapitalini rivojlantirishning uchinchi muhim yoʻnalishi — “ustoz-shogird” anʼanalarini takomillashtirish. Texnolo­giyani kitobdan oʻrganish mumkin. Qonunni darslikdan oʻqish mumkin. Ammo kasbning nozik jihatlari, qaror qabul qilish ma­daniyati, masʼuliyat, muloqot va tizimda yillar davomida shakllangan amaliy taj­ribani faqat insondan insonga oʻtkazish mumkin.

Shu bois, “ustoz-shogird” tizimi — oʻt­mishdan qolgan anʼana emas. U institutsio­nal xotirani saqlashning zamonaviy mexa­nizmi. Bugungi ustozning shogirdi ertaga rahbar boʻlishi mumkin. Ertangi rahbar esa keyingi avlodga oʻz tajribasini beradi. Shu tariqa tizimda nafaqat kadr, balki maktab ham shakllanadi.

Bosh mezon — natija

Eng muhim jihatlardan biri ushbu ja­rayonlarni tizimli tashkil etish maqsadi­da Inson resurslarini rivojlantirish va boshqarish departamentining alohida stra­tegiyasi qabul qilinib, har bir yoʻnalish boʻ­yicha yoʻl xaritalari va reglamentlar ishlab chiqilganidir.

Demak, yoʻnalish belgilandi. Tashkiliy va uslubiy asoslar hamda mexanizmlar shakllantirildi. Kadrlar zaxirasi yara­tilmoqda. Yoshlarga imkoniyat berilmoq­da. Xorij tajribasi oʻrganilmoqda. HR xavflari aniqlanmoqda. “Ustoz-shogird” tizimi takomillashtirilmoqda. Endi eng muhim bosqich — natija. Chunki davlat boshqaruvida har qanday strategiyaning haqiqiy mezoni hujjatlar soni emas, in­son hayoti va mehnatida seziladigan oʻzga­rishdir.

Kelajakka investitsiya

Seulda ilgari surilgan “buyurtma — oʻqitish — bandlik” tamoyilini kengroq falsafiy maʼnoda talqin qilsak, bu asli­da bir savolga javobdir: davlat kelajak­ni nimadan quradi? Javob oddiy: inson­dan!

Zavod qurish mumkin. Texnologiya so­tib olish mumkin. Dastur yaratish mumkin. Ammo ularni ishlatadigan, takomillash­tiradigan va yangi gʻoyalarga aylantiradi­gan inson boʻlmasa, barcha investitsiyaning samarasi cheklanadi. Shuning uchun inson kapitali xarajat emas. Inson kapitali — investitsiya.

Soliq tizimida bu falsafa yanada muhim. Chunki zamonaviy soliq maʼmuriyatchiligining yuzi uning binolari yoki texnik vositalari emas, insonlari. Bilimli soliqchi — adolatli va samarali maʼmuriyatning poydevori. Oʻzini qadrlangan his qilgan xodim tizimga sadoqat bilan xizmat qilishga intiladi. Doimiy oʻqib- oʻrganadigan mutaxassis islohotlarning faol ishtirokchisiga aylanadi.

Yosh kadrga ishonch bildirilsa kelajak rahbari shakllanadi. Ustozning tajribasi shogirdga oʻtsa, tizimning institutsional xo­tirasi saqlanadi. Shu maʼnoda, bugun soliq tizimida kadrlar bilan bogʻliq qilinayotgan ishlar oddiy HR jarayonlari emas. Bu — ke­lajak davlat xizmatchisining qiyofasini shakllantirish jarayoni.

Seul sammitida aytilgan “buyurtma — oʻqitish — bandlik” formulasi esa ana shu jarayonga yana bir muhim mezonni qoʻshadi: insonni shunchaki ish bilan taʼminlash emas, uning salohiyatini mamlakat taraqqiyotiga bogʻlash. Zero, kuchli davlatni faqat kuchli iqtisodiyot emas, kuchli insonlar barpo eta­di. Bugun kadrlarga sarmoya kiritayotgan har bir tizim aslida ertangi kunga sarmoya ki­ritmoqda.

Toʻrabek TOʻRAYEV,

Soliq qoʻmitasi

Inson resurslarini rivojlantirish va

boshqarish departamenti direktori