2026-yil 1-iyun kuni o‘tkazilgan madaniyat, san’at va adabiyot xodimlari bilan sohalarni yanada rivojlantirish bo‘yicha kelgusidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlangan uchrashuvda ilgari surilgan tashabbuslarni amalga oshirish, shuningdek, ijodkorlarga munosib shart-sharoitlar yaratish hamda sohada xususiy sektor ishtirokini yanada kengaytirish maqsadida qaror qilaman:
I. Asosiy maqsadlar
1. Quyidagilar ushbu Farmonni qabul qilishdan ko‘zlangan asosiy maqsadlar etib belgilansin:
a) teatr, kino, raqs, opera, folklor, estrada, akademik va milliy cholg‘u, tasviriy va amaliy san’at hamda adabiyot kabi yo‘nalishlarda ijodiy birlashmalar faoliyatini yo‘lga qo‘yish va qo‘llab-quvvatlash;
b) ijodkorlarni rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash, ularning xalqaro tanlovlardagi ishtiroki sonini 2027-yilda 20 foizga, g‘oliblar sonini 30 foizga, 2030-yilga qadar ishtirokchilar sonini 5 baravarga, g‘oliblar sonini esa 2 baravarga oshirish;
v) shoir va yozuvchilar tomonidan har yili kamida 50 ta eng sara asarlar yaratilishini, milliy adabiyotning eng yaxshi 10 ta asari xorijiy tillarga tarjima qilinishini ta’minlash;
g) ijodkorlarni ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, ularga munosib shart-sharoitlar yaratish, jumladan, har yili 1 ming nafar ijodkorni uy-joy bilan ta’minlash, 3 ming nafarini bepul davolash;
d) nodavlat teatr va teatr-studiyalar sonini 2028-yilda 50 taga yetkazib, teatr sohasida xususiy sektor ishtirokini 25 foizga oshirish.
II. Sohada iste’dodlarni yuzaga chiqarishning yangi tizimini joriy etish
2. Madaniyat vazirligi, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi, Yozuvchilar uyushmasi va keng ijodkorlar jamoatchiligining 1-ilovaga muvofiq madaniyat, san’at va adabiyot sohalarida ijodiy birlashmalarni (keyingi o‘rinlarda – ijodiy birlashmalar) tashkil etish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullansin.
3. Belgilansinki:
a) ijodiy birlashmalarning ijodiy rahbarlari va ularga tashkiliy masalalarni hal etishda ko‘maklashuvchi hamrahbarlar Vazirlar Mahkamasi tomonidan tayinlanadi;
b) ijodiy rahbar o‘z yo‘nalishida yangi iqtidorlarni yuzaga chiqarishga mas’ul hisoblanadi;
v) ijodiy birlashmalarga biriktirilgan hamrahbarlar:
(i) ijodiy birlashma hamda uning yo‘nalishiga mos ijodkorlar va jamoalar faoliyatini samarali tashkil etish hamda ularni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashga mas’ul hisoblanadi;
(ii) ijodiy birlashma yo‘nalishi bo‘yicha mahalla – tuman – viloyat – respublika darajasidagi tanlovlar va madaniy tadbirlarning yillik reja-grafigini ijodiy rahbarlar bilan birgalikda tasdiqlaydi hamda ularni tashkil qiladi;
(iii) xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlarining gastrol safarlarini tashkil etishga hamda xalqaro festival va tanlovlarda ishtirok etishiga ko‘maklashadi;
g) hamrahbarlarga o‘zlari bevosita rahbar bo‘lgan muassasa (tashkilot, korxona) va uning tizim tashkilotlarining budjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan ijodiy birlashmalarga mablag‘ yo‘naltirishga ruxsat beriladi;
d) ijodiy birlashmalarning faoliyatini moliyalashtirishga yo‘naltirilgan homiylik xayriyalari metsenatlik ko‘magi hisoblanadi hamda ularga nisbatan qonunchilik hujjatlarida belgilangan imtiyozlar qo‘llanadi;
j) 2027-yildan boshlab ijodiy birlashmalarning yillik ijodiy hisoboti shaklida Milliy ijodkorlar qurultoyi o‘tkaziladi hamda unda ijodiy birlashmalarning yil davomida eng yaxshi natija ko‘rsatgan ijodkorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi tartibda rag‘batlantiriladi:
(i) ijodkorlarning badiiy kechasi, mahorat maktabi va ijod uylari tashkil etiladi;
(ii) bir yil davomida har oyda 5 million so‘m miqdorida gonorar to‘lanadi;
(iii) uch yil davomida O‘zbekiston bo‘ylab samolyot, poyezd va jamoat transportidan bepul foydalanadi, bunda tashish xarajatlari bo‘yicha olinmay qolgan daromadlar keyinchalik har oyda qoplab beriladi;
(iv) davlat tibbiyot muassasalarida davolanish xarajati to‘liq qoplanadi.
4. Iste’dodlarni aniqlash va rivojlantirish, ularning prodyuserlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlaydigan biznes loyihalarni moliyalashtirish maqsadida Madaniyat vazirligi huzurida yuridik shaxs maqomisiz “Ijodga investitsiya” davlat maqsadli jamg‘armasi (keyingi o‘rinlarda – Jamg‘arma) tashkil etilsin.
5. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Jamg‘armaga 2026-yil 1-iyulga qadar respublika budjeti hisobidan 200 milliard so‘m mablag‘ ajratish chorasini ko‘rsin hamda 2027-yildan boshlab davlat budjeti parametrlarida har yili kamida 200 milliard so‘m mablag‘ ajratilishini nazarda tutsin.
6. Madaniyat vazirligi 2026-yil 1-iyuldan boshlab Jamg‘arma hisobidan ochiq va shaffof tizim asosida eng istiqbolli loyihalarni moliyalashtirish tizimini yo‘lga qo‘ysin.
7. Madaniyat vazirligi Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi, Yoshlar ishlari agentligi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari bilan birgalikda 2027-yildan boshlab har yili teatr, cholg‘u, xor va raqs yo‘nalishida umumiy o‘rta ta’lim muassasalari o‘rtasida tuman – viloyat – respublika darajasida tanlovlarni o‘tkazib borishni yo‘lga quysin. Bunda:
(a) har bir yo‘nalish bo‘yicha respublika darajasidagi tanlovda g‘olib deb topilgan umumiy o‘rta ta’lim muassasasiga o‘z ijodini targ‘ib qilish, sahna dekoratsiyalari va liboslari, musiqa asboblari xarid qilish uchun Jamg‘arma mablag‘lari hisobidan 500 million so‘mdan grant beriladi;
(b) respublika tanlovi g‘oliblari madaniyat va san’at yo‘nalishlari bo‘yicha davlat ta’lim tashkilotlariga kirishda ijodiy imtihondan ozod etiladi va ularga maksimal ball beriladi.
8. 2026-yil 1-iyuldan boshlab O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga milliy cholg‘u asboblarini sotib olish xarajatlarining 30 foiz qismini Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab berish tizimi joriy qilinsin.
III. Sohani qo‘llab-quvvatlash mexanizmlarini yanada kengaytirish
9. Belgilansinki, 2026 yil-1-sentabrdan 2036-yil 1-yanvarga qadar:
(a) asosiy faoliyati konsert-tomosha, kinematografiya, bolalar uchun kontent yaratish bo‘lgan subyektlar, nodavlat teatr va teatr-studiyalar hamda madaniyat va san’at yo‘nalishidagi xususiy ta’lim tashkilotlari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, yer solig‘i, mol-mulk solig‘idan, ularda ishlovchi xodimlar jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘idan ozod qilinadi;
(b) xorijiy kompaniyalarning O‘zbekiston hududida kino mahsulotini yaratish bilan bog‘liq faoliyati natijasida olgan daromadlari O‘zbekiston Respublikasi norezidentlarining daromadlariga to‘lov manbaida soliq solishda soliq bazasiga kiritilmaydi.
10. Iqtisodiyot va moliya vazirligi Soliq qo‘mitasi hamda Madaniyat vazirligi bilan birgalikda bir oy muddatda ushbu Farmonning 9-bandida nazarda tutilgan soliq imtiyozlarini taqdim etish bo‘yicha qonun loyihasini Vazirlar Mahkamasiga kiritsin.
11. Quyidagilarni davlat budjeti mablag‘lari hisobidan har yili moliyalashtirish tizimi joriy etilsin:
a) yiliga kamida 50 ta eng sara asarlarni yaratish uchun shoir va yozuvchilarga ijodiy buyurtma berish;
b) opera, simfoniya kabi mumtoz va zamonaviy janrlar bo‘yicha har yili kamida 20 ta yangi asar yaratish uchun ijodkorlarga davlat buyurtmasi berish;
v) har yili milliy adabiyotning eng sara 10 ta asarini xorijiy tillarga tarjima qilish va mualliflar ishtirokida chet ellarda taqdimotlar o‘tkazish xarajatlarini qoplab berish;
g) Yozuvchilar uyushmasi tavsiyasi asosida chop etiladigan kitoblarni nashr etish uchun qog‘oz xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlarni qoplab berish;
d) she’riyat bilan san’atni uyg‘unlashtirgan holda tashkil etiladigan eng sara 100 ta she’riy konsertlarni o‘tkazish bo‘yicha davlat buyurtmasi berish.
12. Iqtisodiyot va moliya vazirligi ushbu Farmonning 11-bandida belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish uchun respublika budjeti hisobidan 2026-yilda 25 milliard so‘m, 2027-yildan boshlab har yili 50 milliard so‘m ajratsin.
13. Iste’dodlar va ularning ustozlarini qo‘llab-quvatlash bo‘yicha shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) madaniyat, san’at va adabiyot sohalaridagi nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari g‘olib va sovrindorlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi miqdorlarda bir martalik pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi:
(i) Gran-pri va 1-o‘rin g‘olibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 300 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 100 million so‘m miqdorida;
(ii) 2-o‘rin sohibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 200 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha – 50 million so‘m miqdorida;
(iii) 3-o‘rin sohibi – xalqaro tanlov bo‘yicha 100 million so‘m, respublika tanlovi bo‘yicha 25 million so‘m miqdorida;
b) tanlovlarning g‘olib va sovrindorlarini tayyorlagan o‘qituvchi (konsertmeyster)ning oylik maoshiga bir yil davomida 100 foizgacha ustama Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan to‘lanadi;
v) nufuzli xalqaro tanlovlarning g‘olib (sovrindor)lari va ularning o‘qituvchi (konsertmeyster)larining tanlovlarda ishtirok etishi xarajatlari to‘liq Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplanadi;
g) ushbu bandda nazarda tutilgan qo‘llab-quvvatlash choralari xususiy sektorda faoliyat yurituvchi shaxslarga nisbatan ham tatbiq etiladi;
d) ushbu bandda nazarda tutilgan nufuzli xalqaro va respublika tanlovlari Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilangan tartib asosida aniqlanadi.
IV. Soha vakillarining ijtimoiy ta’minotini yanada mustahkamlash
14. 2026-yil 1-iyuldan boshlab har yili 1000 nafar uy-joyga muhtoj madaniyat, san’at va ijodiy soha vakillariga birlamchi bozordan kvartira sotib olish uchun quyidagi tartibda ipoteka kreditlarini ajratish yo‘lga qo‘yilsin, bunda:
(a) Ipoteka dasturi doirasida ipoteka kreditlari ajratishda boshlang‘ich to‘lov kredit oluvchi tomonidan 2-ilovada belgilangan miqdorlarda shakllantiriladi, bunda shakllantiriladigan boshlang‘ich to‘lovning 50 foizi hamda kredit muddatining birinchi besh yili davomida to‘lanadigan kredit foizlarining 10 foizlik punktdan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi;
(b) boshlang‘ich to‘lovning 50 foizini qoplab berish Iqtisodiyot va moliya vazirligining “subsidiya.idm.uz” dasturiy ta’minot tizimi orqali avtomatlashtirilgan holda amalga oshiriladi.
15. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari madaniyat sohasi vakillarini zarur uy-joylar bilan ta’minlashga mas’ul etib belgilansin.
16. Bir hududdan boshqa hududga kelib ishlayotgan va ushbu hududda o‘z uy-joyiga ega bo‘lmagan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga uy-joy ijarasi to‘lovlarining bir qismini quyidagi miqdorlarda qoplab berish tartibi joriy etilsin:
(a) Toshkent shahrida – bazaviy hisoblash miqdorining 6 baravari;
(b) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda – bazaviy hisoblash miqdorining 4 baravari.
17. Iqtisodiyot va moliya vazirligi mazkur Farmonning 14- va 16-bandlarida nazarda tutilgan xarajatlar uchun 2026-yildan boshlab har yili Davlat budjetidan 50 milliard so‘m ajratsin.
18. 2026-yil 1-iyuldan boshlab ijodiy birlashmalarning tavsiyasi asosida Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan quyidagi xarajatlarni qoplab berish yo‘lga qo‘yilsin:
a) har yili 1 ming nafargacha Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan davolanish bo‘yicha imtiyozga ega bo‘lmagan, biroq o‘z faoliyatida yaxshi natijalarga erishgan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga yuqori texnologik operatsiyalarni o‘tkazish;
b) har yili 2 ming nafargacha madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga sug‘urta mukofoti bazaviy hisoblash miqdorining 100 baravaridan ortiq bo‘lmagan ixtiyoriy tibbiy sug‘urta badallari uchun xarajatlarning 50 foizini qoplab berish;
v) har yili 100 nafargacha sohada kamida 10 yil ishlagan madaniyat, san’at va adabiyot sohalari vakillariga O‘zbekiston kasaba uyushmalari federatsiyasi sanatoriylarida bepul davolanish.
19. Belgilansinki:
(a) 2026-yil 1-sentabrdan boshlab budjetdan moliyalashtiriladigan teatr va konsert-tomosha muassasalarida faoliyat yurituvchi raqs jamoasining badiiy rahbari, baletmeysteri, repetitorlari, balet artistlarining lavozim maoshlarini mehnatga haq to‘lashning bazaviy lavozim maoshlari miqdoriga va (yoki) Yagona tarif setkasi bo‘yicha mehnatga haq to‘lashning tasdiqlangan razryadlariga asosan belgilashda tarif koeffitsiyentlari miqdori Davlat budjeti hisobidan 2 baravarga oshirilgan holda qo‘llanadi;
(b) davlat muassasalarida raqs san’ati sohasida faoliyat yuritayotgan raqqos va raqqosalarni imtiyozli ish staji bilan pensiyaga chiqarishda talab etiladigan 20 yillik ish stajining kamida 15 yili raqqos va raqqosalik faoliyatidan iborat bo‘lgan taqdirda, qolgan 5 yili uchun baletmeyster va balet bo‘yicha repetitor faoliyati bilan shug‘ullangan davrni inobatga olishga ruxsat beriladi.
20. Nogironligi bo‘lgan shaxs deb topilgan yosh ijodkorlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida 2026-yil 1-sentabrdan boshlab hududlarda inklyuziv ijodiy ustaxonalar tashkil qilinsin. Bunda inklyuziv ijodiy ustaxonalarni tashkil etish hamda ularni darsliklar va ijod uchun zarur anjomlar bilan ta’minlash xarajatlarini moliyalashtirish uchun Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan har yili 30 milliard so‘m ajratib boriladi.
21. 2026-yil 15-iyundan boshlab 3-ilovaga muvofiq davlat mukofotlari bilan taqdirlangan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasi hududidagi aeroport va temir yo‘l vokzallaridagi “VIP” zallardan bepul foydalanish huquqi berilsin.
V. Sohada nodavlat sektor faolligini oshirish
22. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga ko‘ra 2026-yil 1-sentabrdan boshlab:
a) nodavlat teatr va teatr-studiyalarning quyidagi xarajatlari Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan qoplab beriladi:
(i) har yili 50 ta sahna asari yaratish xarajatlari;
(ii) har oyda xususiy binoni ijaraga olish xarajatlarining bazaviy hisoblash miqdorining 50 baravarigacha bo‘lgan qismi;
b) davlat madaniyat obyektlari ularning bo‘sh vaqtlarida nodavlat teatr va teatr-studiyalarga spektakl namoyish etish uchun ijara to‘lovisiz foydalanish uchun beriladi. Bunda tomosha zallari uchun talabgorlar ikkita yoki undan ko‘p bo‘lgan taqdirda, ular orasida tanlov o‘tkaziladi;
v) ushbu bandning “a” kichik bandida belgilangan tadbirlarni moliyalashtirish uchun har yili Davlat budjetidan qo‘shimcha 10 milliard so‘m ajratiladi.
23. Belgilansinki, 2026-yil 1-iyuldan boshlab Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan:
a) Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda (Nukus shahri va viloyatlar markazlari bundan mustasno) konsert-tomosha tadbiri tashkil etilgan va bir tadbir doirasida 1 000 tadan ortiq bilet sotilgan taqdirda, konsert-tomosha tashkilotchilariga sotilgan biletlar qiymatining 20 foiziga teng bo‘lgan miqdorda subsidiya beriladi;
b) davlat va nodavlat teatrlarga o‘zi faoliyat yuritayotgan joyda sahnalashtirilgan spektakl uchun sotilgan har bir chiptaga qo‘shimcha 10 ming so‘m, boshqa hududga chiqqan holda namoyish etilgan taqdirda, 20 ming so‘m miqdorida subsidiya beriladi.
24. Belgilansinki, 2026-yil 1-oktabrdan boshlab har yili 500 ming nafar o‘qituvchi, shifokor, davlat xizmatchisi, faol o‘quvchi va talabalarga hamda Ijtimoiy reyestrga kiritilgan 100 mingta oilalarning bir nafar farzandiga, shuningdek, nogironligi bo‘lgan bolalarga teatr, kino va konsert tadbirlari uchun bepul vaucher beriladi, bunda:
a) vaucher qiymatidagi mablag‘lar shaxslarning nomiga ochiladigan ijtimoiy karta orqali taqdim etiladi;
b) vaucher berish bilan bog‘liq xarajatlar tegishli ravishda Davlat budjeti mablag‘lari hamda Ijtimoiy himoya davlat jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
VI. Kinoindustriya sohasini yanada rivojlantirish
25. Xususiy kinostudiyalarning mustaqil faoliyatini yo‘lga qo‘yish hamda sohada erkinlik va raqobat muhitini shakllantirish maqsadida:
(a) Milliy kinematografiya, kinokompaniya va kinoteatrlar tarmog‘ini yanada rivojlantirishga ko‘maklashish bo‘yicha respublika komissiyasi, Milliy kinematografiyani rivojlantirish markazi, Kinematografiya agentligi huzuridagi Badiiy kengash faoliyati hamda har bir filmga maslahatchilar guruhini biriktirish amaliyoti tugatilsin;
(b) davlat buyurtmasi asosida yaratiladigan filmlarning mavzusidan kelib chiqib, soha mutaxassislaridan iborat haq to‘lanadigan ekspert guruhlari tashkil qilib borilsin. Bunda Badiiy kengash tomonidan ma’qullangan va (yoki) ishlab chiqarishga tushirilgan loyihalarni yakunlash ushbu kengash tomonidan amalga oshiriladi va ular bo‘yicha ekspert guruhlarining xulosasini olish talab etilmaydi;
(v) “O‘zbekfilm” kinokonserni” davlat muassasasiga “milliy” maqomi berilsin hamda uning faoliyati mahalliy va xalqaro kinostudiyalarga xizmat ko‘rsatuvchi kinokonsern sifatida yo‘lga qo‘yilsin;
(g) Iqtisodiyot va moliya vazirligi O‘zbekiston kinoarboblari ijodiy uyushmasi tomonidan o‘tkaziladigan “Oltin Humo” milliy kino taqdimoti nufuzini oshirish maqsadida 2027-yildan boshlab har yili 5 milliard so‘m ajratib borilishini ta’minlasin.
26. Shunday tartib o‘rnatilsinki, unga muvofiq davlat buyurtmasi asosida kino, shu jumladan, Bolalar kontentini rivojlantirish markazi loyihalari yaratilishida:
(a) marketing va reklama xarajatlari uchun film budjetining 30 foiz miqdorigacha mablag‘larni ajratishga ruxsat beriladi;
(b) xarid shartnomalarini ekspertizadan o‘tkazish talabi bekor qilinadi;
(v) filmlar namoyishidan tushgan mablag‘larning 50 foizi prodyuser va ijodiy guruhga qo‘shimcha rag‘bat sifatida beriladi.
VII. Hududlarda madaniyat tadbirlarini tashkil etish va kitobxonlikni rivojlantirish
27. 2026-yil 1-iyuldan boshlab Toshkent shahar, Samarqand va Namangan viloyatlari hokimliklari huzurida madaniy tadbirlarni tashkil etish direksiyalari (keyingi o‘rinlarda – direksiyalar) faoliyati yo‘lga qo‘yilsin.
28. Belgilansinki:
(a) direksiyalar tegishli hokimliklar muassisligida mas’uliyati cheklangan jamiyatlar shaklida tashkil etiladi, boshqa tadbirkorlarga direksiya ustav fondiga o‘z pul mablag‘lari bilan ishtirok etishiga ruxsat beriladi;
(b) direksiyalar tegishli hududda joylashgan, madaniy, ommaviy, konsert-tomosha tadbirlari tashkil etilishi mumkin bo‘lgan binolar, majmualar, pavilonlar, stadionlar, sahnalar, zallarga (keyingi o‘rinlarda – madaniyat obyektlari) ega bo‘lgan barcha davlat muassasalari, shu jumladan, konsert, teatr, madaniyat saroylari bilan majburiy ravishda, shunday bino va inshootlarga ega xususiy tashkilotlar bilan esa o‘zaro kelishuvlar asosida xizmat ko‘rsatish to‘g‘risida shartnomalar imzolaydi;
(v) direksiyalar tuzilgan shartnomalar asosida har bir madaniyat obyektining har kunlik ish rejimi, ularning band va bo‘sh vaqtlari haqida onlayn rejimda ma’lumot olib turadi;
(g) direksiyalar madaniyat obyektlarining bo‘sh vaqtidan samarali foydalanish maqsadida ularda madaniy tadbirlar o‘tkazilishini tashkil etadi, o‘zi jalb qilgan tadbir tashkilotchilari bilan madaniy maskanlarning mulkdorlari nomidan shartnomalar tuzadi;
(d) direksiyalar tomonidan mulkdor nomidan tuzilgan shartnomalarga asosan madaniyat obyektlarini tadbirlar uchun ijaraga berishdan tushgan mablag‘larning xizmat ko‘rsatish shartnomasida tomonlar o‘zaro kelishuv asosida belgilaydigan qismi direksiyalarga o‘tkazib beriladi;
(j) direksiyalar o‘zlari tuzgan shartnoma asosida o‘tkaziladigan ommaviy tadbirlarga ruxsat olish bo‘yicha tartib-taomillarning bajarilishini bevosita o‘zi ta’minlaydi.
29. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari Madaniyat vazirligining takliflari asosida 2026-yil yakuniga qadar 50 tadan 100 tagacha chekka va olis hududlardagi mahallalarda namunali mahalla kutubxonasi va kitob do‘konlarini tashkil qilsin. Bunda Yoshlar ishlari agentligi:
a) Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi, Yozuvchilar uyushmasi bilan birgalikda namunali mahalla kutubxonalarining badiiy, ilmiy-ommabop, ma’rifiy, hujjatli va biografik adabiyotlar bilan to‘ldirilishini;
b) Alisher Navoiy nomidagi O‘zbekiston milliy kutubxonasi bilan birgalikda ushbu kutubxonalar faoliyati to‘liq raqamlashtirilishini ta’minlasin;
v) 2027-yil 1-yanvardan boshlab ushbu kutubxonalarda “Mutolaa” platformasidan foydalanish uchun shart-sharoitlar yaratsin.
30. 2026-yil 1-iyuldan boshlab Muqimiy nomidagi O‘zbekiston davlat akademik musiqali teatri, Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatri va O‘zbek Milliy qo‘g‘irchoq teatriga moliyaviy, ijodiy va tashkiliy masalalarni mustaqil hal qilish vakolati berilsin.
VIII. Ta’lim tizimini takomillashtirish
31. 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida 10 tadan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida, tajriba tariqasida, musiqa, tasviriy san’at va texnologiya darslarini ilg‘or xorijiy tajribaga muvofiq “Art” o‘quv dasturi asosida takomillashtirilgan holda o‘qitish yo‘lga qo‘yilsin. Bunda umumiy o‘rta ta’lim muassasalarini “Art” yo‘nalishlariga mos holda jihozlash xarajatlari mahalliy budjet mablag‘lari hisobidan amalga oshiriladi.
32. Belgilansinki, 2026/2027-o‘quv yilidan boshlab:
(a) bolalar musiqa va san’at maktablari o‘qituvchilari mehnatiga haq to‘lash miqdorlari umumiy o‘rta ta’lim muassasalari xodimlarining mehnatiga haq to‘lash miqdorlariga tenglashtiriladi;
(b) umumiy o‘rta ta’lim muassasalari hamda bolalar musiqa va san’at maktabi o‘qituvchilari ish haqiga o‘quvchilarining cholg‘ularni ijro etishi darajasidan kelib chiqib, har oyda 20 foizgacha ustama to‘lash tartibi joriy etiladi;
(v) bolalar musiqa va san’at maktablari hamda ixtisoslashgan maktablar bilan umumiy ta’lim muassasalari o‘rtasida ijodiy hamkorlik yo‘lga qo‘yiladi hamda ijodiy jamoalar tomonidan umumiy o‘rta ta’lim muassasalarida davriy ravishda konsert-tomosha dasturlari va mahorat darslari o‘tkazib boriladi;
(g) har bir umumiy o‘rta ta’lim muassasasida musiqa va san’at yo‘nalishida kamida 4 tadan to‘garak tashkil qilinadi.
33. Iqtisodiyot va moliya vazirligi, Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, Madaniyat vazirligi, Badiiy akademiya ikki oy muddatda yosh ijodkorlarning startap loyihalarini qo‘llab-quvvatlash uchun madaniyat va san’at yo‘nalishidagi 10 ta oliy ta’lim muassasasiga Davlat budjeti va Oliy ta’limni rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan teng ulushlarda 50 milliard so‘m ajratilishini ta’minlasin.
34. Kasbiy ta’lim agentligi tizimidagi Respublika musiqa va san’at texnikumi hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk texnikumi oliy maktab sifatida qayta nomlangan holda Madaniyat vazirligi tizimiga o‘tkazilsin, bunda Respublika musiqa va san’at oliy maktabi hamda Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada va sirk oliy maktabida:
(a) bitiruvchilarga kasbiy ta’lim to‘g‘risida davlat namunasidagi diplom beriladi;
(b) iqtidorli bitiruvchilarga belgilangan tartibda o‘z o‘qishini tegishli bakalavriat ta’lim yo‘nalishi bo‘yicha oliy ta’lim tashkilotlarining ikkinchi bosqichidan davom ettirish imkoni yaratiladi;
(v) talabalarga taniqli ijodkorlar biriktiriladi va ularga oliy ta’lim tashkiloti professor-o‘qituvchisiga teng miqdorda mehnatga haq to‘lash shartlari qo‘llanadi.
35. O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti huzuridagi Pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish tarmoq markazi hamda O‘zbekiston davlat konservatoriyasi huzuridagi Musiqa sohasi pedagoglarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish markazi negizida Madaniyat vazirligi huzurida Madaniyat va san’at xodimlari malakasini oshirish va qayta tayyorlash instituti tashkil qilinsin.
IX. Farmon ijrosini tashkil etish, ta’minlash va nazorat
36. Madaniyat, san’at va adabiyot sohalarini kompleks rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlar dasturi 4-ilovaga muvofiq tasdiqlansin.
37. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining va O‘zbekiston Respublikasi Hukumatining ayrim hujjatlariga 5-ilovaga muvofiq o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilsin.
38. Madaniyat vazirligi ikki oy muddatda qonunchilik hujjatlariga mazkur Farmondan kelib chiqadigan o‘zgartirish va qo‘shimchalar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.
39. Ushbu Farmonning ijrosini samarali tashkil qilishga mas’ul va shaxsan javobgar etib madaniyat vaziri O.A. Nazarbekov belgilansin.
40. Farmon ijrosini nazorat qilish va mas’ul tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirish O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri A.N. Aripov zimmasiga yuklansin.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti
Sh. Mirziyoyev