Poytaxtning Kongress-markazida davlatimiz rahbarini Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev hamda BMTning Aholi punktlari boʻyicha dasturi ijrochi direktori Anaklaudiya Rossbax qutladilar.

Ishtirokchilarning birgalikda suratga tushish marosimi boʻlib oʻtdi.

Bu galgi forumning mavzusi – “Barcha uchun uy-joy: xavfsiz va barqaror shaharlar hamda hamjamiyatlar”. Unda davlatlar va hukumatlar, xalqaro tashkilotlar hamda rivojlanish institutlari rahbarlari ishtirok etmoqda.

Forum kun tartibidan shaharlarni barqaror rivojlantirish, aholini zamonaviy va arzon uy-joy bilan taʼminlash, shahar muhiti sifatini oshirish, iqlim barqarorligini mustahkamlash, ijtimoiy va transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda uy-joyni moliyalashtirish mexanizmlarini takomillashtirish masalalari oʻrin olgan.

Oʻzbekiston Prezidenti forum doirasidagi Yetakchilar sammitida nutq soʻzlaydi.