“NURA Electric” yuqori va past kuchlanishli elektrotexnika uskunalarini toʻliq texnologik sikl asosida ishlab chiqarishga ixtisoslashgan yirik korxonadir. Uning faoliyati energetika tarmogʻini mahalliy mahsulotlar bilan taʼminlash, importga bogʻliqlikni kamaytirish va sohada sanoat kooperatsiyasini kengaytirishga xizmat qilmoqda.
20 gektar maydonda barpo etilgan zavodga 50 million dollar investitsiya kiritilgan. Bu yerda 1 mingdan ortiq ish oʻrni yaratilib, 1,5 mingdan ziyod turdagi mahsulot ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyilgan. Jumladan, 0,4-500 kilovolt kuchlanishli taqsimlash qurilmalari, nimstansiyalar, qayta tiklanuvchi energiya manbalari uchun avtomatika shkaflari, elektr shinalar va metall konstruksiyalar tayyorlanmoqda. Korxonaning yillik quvvati 25 mingdan ortiq uskunani tashkil etadi.
Zavod zamonaviy texnologiyalar bilan jihozlangan. Xususan, bu yerda Yaponiyaning “Amada” kompaniyasiga mansub raqamli boshqaruvli dastgoh va presslar, shuningdek, Turkiyaning “Durma” va “Teslabend” kompaniyalarining yuqori texnologik uskunalari oʻrnatilgan. Ularning umumiy soni 120 tadan oshadi.
Korxonaning ishlab chiqarish va boshqaruv jarayonlari “SAP ERP” yagona raqamli platformasi orqali muvofiqlashtiriladi. Jarayonlarni optimallashtirish hamda mahsulot va butlovchi qismlarni mahalliylashtirish hisobiga mahsulot tannarxini 10 foizgacha pasaytirishga erishilgan.
Majmuada akkreditatsiyadan oʻtgan sinov laboratoriyasi faoliyat yuritmoqda. Mahsulotlar xalqaro ISO standartlari talablariga muvofiq ishlab chiqariladi. Korxona uskunalarni toʻliq butlash, mahsulotlarni oʻz laboratoriyasida sinovdan oʻtkazish va kecha-kunduz servis xizmati koʻrsatish imkoniyatlariga ega.
Malakali muhandis-texnik kadrlar tayyorlash maqsadida “Oʻzenergoinjiniring” aksiyadorlik jamiyati va Toshkent davlat texnika universiteti bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Har yili universitetning 100 nafardan ortiq talabasi korxonada haq toʻlanadigan ishlab chiqarish amaliyotini oʻtaydi.
Davlatimiz rahbari zavodda mahalliy xomashyo va zamonaviy texnologiyalar asosida ishlab chiqarilgan transformator stansiyalari, taqsimlash qurilmalari hamda boshqa energetika uskunalari koʻrgazmasini koʻzdan kechirdi.
Shuningdek, korxonada amalga oshirilayotgan ishlar, ishlab chiqarish quvvatlari va istiqboldagi rejalar yuzasidan taqdimotlar bilan tanishdi, xodimlar bilan suhbatlashib, ular uchun yaratilgan mehnat sharoitlari haqidagi fikr-mulohazalarini tingladi.
Prezidentimiz korxonaning ishlab chiqarish imkoniyatlari va mahsulotlar sifatini yuqori baholadi. Ichki bozor talabini qondirish bilan birga Markaziy Osiyo va boshqa xorijiy bozorlarga eksportni kengaytirish, sohaga yuqori malakali mahalliy mutaxassislarni jalb etish yuzasidan tavsiyalar berdi.
– Biz faqat mahsulot emas, injiniring xizmatlarini ham eksport qilishimiz kerak. Buning uchun o‘zimizda shakllanayotgan loyihalashtirish va sinov laboratoriyalari imkoniyatlaridan keng foydalanishimiz zarur, – dedi davlatimiz rahbari.
Ehtiyot va butlovchi qismlar turini koʻpaytirish, ularni ishlab chiqarish hajmini oshirish hamda servis xizmatlari koʻlamini kengaytirish zarurligi qayd etildi.
Energetika sohasidagi loyihalarda mahalliylashtirish darajasini oshirish muhimligi alohida taʼkidlandi. Xususan, loyihalarni ishlab chiqishda mahalliy loyiha institutlarining ulushini kamida 50 foizga yetkazish vazifasi qoʻyildi.
– O‘zimizning loyihachilarimizga ishonishimiz, ularga sharoit yaratishimiz kerak. Xorijda o‘qigan, tajriba orttirgan yoshlarimiz bor. Ularning atrofida mutaxassislarni birlashtirib, buyurtma bilan ta’minlasak, bu sohani rivojlantirishga qodirmiz, – dedi Prezidentimiz.
Shu maqsadda hududlarda energetika sohasiga ixtisoslashgan loyiha institutlarining filiallari tashkil etilishi belgilandi.