Bu haqida Bosh prokuratura matbuot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov ma’lum qildi.

16 aprel kuni soat taxminan 01:40 larda O‘rtachirchiq tumani IIB Navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, O‘rtachirchiq tumani, «O‘rtaovul» MFYdagi uyda yong‘in xavfsizligi qoidalari buzilishi sabab portlash sodir bo‘lib, yong‘in kelib chiqqan.

Oqibatda 30 yoshli erkak Z.M. va uning 6 yoshli o‘g‘li, 3 va 2 yoshli qizlari kuyish va yong‘in is-gazidan zaharlanish sababli hodisa joyida vafot etgan. Erkakning 27 yoshli turmush o‘rtog‘i G. M. va 54 yoshli onasi B.M. esa yong‘indan qochish maqsadida xonadon derazasidan sakrab, turli xildagi tan jarohatlari olgan bo‘lib, ular Nurafshon shahri tibbiyot birlashmasiga yotqizilgan.

Holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 259-moddasi (yong‘in xavfsizligi qoidalarini buzish) 2-qismi «a», «b» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlarini olib borish uchun Toshkent viloyati IIBB huzuridagi tergov boshqarmasiga yuborilgan.

Hodisa joyidan Respublika sud ekspertiza markazi ekspertlari, viloyat IIB ekspert kriminalisti va viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi ekspertlari tomonidan yong‘indan shikastlangan buyumlar, alimun sim bo‘laklari va boshqa ashyoviy dalillar olingan.

Shuningdek, holat yuzasidan tuman prokuraturasi tomonidan tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi, hududiy elektr tarmoqlari korxonasi O‘rtachirchiq tuman bo‘limi va «HududgazToshkent» gaz ta’minoti filiali O‘rtachirchiq tuman bo‘limi hodimlarining xatti-harakatlari yuzasidan xizmat tekshiruvi tayinlangan.