Xususan, Qashqadaryo viloyati Ekologiya bosh boshqarmasi Shahrisabz tuman bo‘limi hamda tuman IIB xodimlari "Hisor" MFY Qoratut qishlog‘ida yashovchi Y.Q. Tanxoz daryosidan 412 dona O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Amudaryo gul balig‘i (farel) hamda 6 dona oddiy qorabaliq ovlaganligini aniqlashdi.  

Holat natijasida “Ekologik nazorat to‘g‘risida”gi, “Tabiatni muhofaza qilish to‘g‘risida”gi, “Hayvonot dunyosini muhofaza qilish va undan foydalanish to‘g‘risida”gi hamda “Ov qilish va ovchilik xo‘jaligi to‘g‘risida”gi Qonunlar, shuningdek, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasining tabiiy suv havzalarida baliq ovlash qoidalarini tasdiqlash to‘g‘risida”gi 2024-yil 9-fevraldagi 80-sonli qarori talablari buzilgan. 

Ma'lumot uchun, 11-martdan 31-maygacha Amudaryo va Sirdaryoda, 26-apreldan 10-iyungacha Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatidagi tabiiy suv havzalarida hamda boshqa barcha tabiiy suv havzalarida 16-apreldan 31-maygacha baliq ovlash taqiqlangan. Chunki bu davr baliqlarning ko‘payish davri bo‘lib, ularni ovlash baliqlarning soni keskin kamayib, ayrim turlari yo‘qolib ketishiga sabab bo‘ladi.  

Yuqoridagi huquqbuzarlik natijasida tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 12 milliard 749 million 340 ming so‘mni tashkil etdi. Hujjatlar tegishli chora ko‘rilishini ta'minlash maqsadida Qashqadaryo viloyati prokuraturasiga yuborildi.