“Tai chang special steel” MCHJ tomonidan amalga oshirilayotgan mazkur loyiha hudud sanoat salohiyatini oshirishga qaratilgan.

Loyiha strategik ahamiyatga ega bo‘lib, yuqori sifatli legirlangan po‘latdan yirik o‘lchamli metall prokat mahsulotlari ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yishni nazarda tutadi. Bu orqali import o‘rnini bosish va ichki bozorni mahalliy mahsulotlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Majmua uchun 14 gektar er maydoni ajratilgan. Qurilish ishlari zamonaviy texnologiyalar va xalqaro standartlar asosida olib boriladi. Umumiy qiymati 50,8 mln AQSh dollarini tashkil etuvchi korxona to‘liq ishga tushgach, yiliga 600 ming tonna mahsulot ishlab chiqarish quvvatiga ega bo‘ladi.

Yangi korxona ichki talabni qondirish bilan birga eksport imkoniyatlarini ham kengaytirishga xizmat qiladi. Bu esa Ohangaron tumani iqtisodiyoti o‘sishi, sanoat infratuzilmasining mustahkamlanishi va yangi ishlab chiqarish zanjirlarining shakllanishiga turtki beradi.

Loyihani 2027 yilda foydalanishga topshirish rejalashtirilgan. Uning ishga tushirilishi natijasida 200 ta doimiy ish o‘rni yaratiladi.

Tadbirda tuman hokimi Bahrom Norqobilov ishtirok etib, mamlakatda investitsiya muhitini yaxshilash va hududlarda sanoatni rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida ma’lumot berdi.