Reytingga koʻra, jami 97 ta vazirlik, idora, muassasa va mahalliy davlat hokimiyati organlari faoliyati baholandi. Baholash 84 ta mezonni oʻz ichiga olgan 8 ta indikator asosida amalga oshirildi.
Yakuniy natijalarga koʻra, 66 ta davlat organi “yashil”, 22 tasi “sariq” va 9 tasi “qizil” toifaga kiritildi. 2022-yildagi ilk natijalar bilan solishtirilganda, “yashil” toifadagi tashkilotlar soni 3,5 barobarga oshgan. Shu bilan birga, “sariq” toifadagilar 2 barobarga, “qizil” toifadagilar esa 3 barobarga kamaygan.
Vazirliklar kesimida eng yuqori koʻrsatkichni Raqamli texnologiyalar vazirligi qayd etdi — 92,6 ball. Keyingi oʻrinlarda Adliya vazirligi (91,7), Suv xoʻjaligi vazirligi va Ichki ishlar vazirligi (89,0 balldan) joylashdi. Shuningdek, yuqori koʻrsatkichlar Oliy taʼlim, fan va innovatsiyalar vazirligi (88,4), Sogʻliqni saqlash vazirligi (87,2), Togʻ-kon sanoati va geologiya vazirligi hamda Sport vazirligi (86,6) tomonidan qayd etildi. Reytingning oʻrta qismida Maktabgacha va maktab taʼlimi vazirligi (82,6), Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi (82,1), Iqtisodiyot va moliya vazirligi (79,2) hamda Energetika vazirligi (76,2) oʻrin olgan. Quyiroq koʻrsatkichlar Kambagʻallikni qisqartirish va bandlik vazirligi (73,9), Favqulodda vaziyatlar vazirligi (69,2), Transport vazirligi (67,9) va Madaniyat vazirligi (64,7) hissasiga toʻgʻri keldi. Eng past natijalar Qishloq xoʻjaligi vazirligi (58,5), Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi (57,1) hamda Tashqi ishlar vazirligi (56,0) tomonidan qayd etildi.
Maʼlum qilinishicha, mazkur reyting davlat organlari faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni oshirish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda hisobdorlikni taʼminlashga qaratilgan “Ochiqlik indeksi” baholash tizimi doirasida shakllantirilgan.
Joriy yilda 9 ta bank faoliyati baholandi va ulardan 8 tasi “yashil” toifadan joy oldi. Eng yuqori samaradorlik koʻrsatkichlari “Turonbank”, “Biznesni rivojlantirish banki” va “Oʻzsanoatqurilish” ATBlarga toʻgʻri keldi. “Aloqabank” esa “qizil” toifadan oʻrin oldi.
Shuningdek, 8 ta qoʻmita faoliyati “yashil” deb baholandi. Eng yuqori natijalar Raqobatni rivojlantirish va isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish qoʻmitasi, Soliq qoʻmitasi hamda Bojxona qoʻmitasi hissasiga toʻgʻri keldi. Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi, Din ishlari boʻyicha qoʻmita va Veterinariya va chorvachilikni rivojlantirish qoʻmitasi “sariq” toifada qayd etildi.
2025-yil yakunlari boʻyicha aksiyadorlik jamiyatlari kesimida jami 20 ta tashkilot baholanib, 13 tasi “yashil”, 5 tasi “sariq” va 2 tasi “qizil” toifaga kiritildi. “Yashil” toifada eng yuqori koʻrsatkichlar “Oʻzbekgidroenergo”, Navoiy kon-metallurgiya kombinati va “Oʻzavtosanoat” hissasiga toʻgʻri keldi. “Uzbekistan Airports”, “Hududiy elektr tarmoqlari”, “Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari”, “Uztransgaz” va “Oʻzbekkoʻmir” “sariq” toifadan joy oldi. “Toshshahartransxizmat” hamda “Oʻzbekiston temir yoʻllari” esa “qizil” toifada qayd etildi.