Kecha O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi bosh konsuli Aslam Akbarov Omsk shahridagi 1-sonli tez tibbiy yordam shifoxonasiga tashrif buyurib, 15 avgust kuni shaharning «Kvartaly Dravert» hududida sodir bo‘lgan yong‘inda jarohat olgan ikki nafar O‘zbekiston fuqarosining holidan xabar oldi. Bu haqida «Dunyo» AA xabar berdi.
Navbatchi shifokor ma’lumotiga ko‘ra, fuqaro I.Z. kuyish jarohatlari bilan reanimatsiya bo‘limiga o‘tkazilgan. Uning ahvoli og‘ir bo‘lib, sun’iy nafas olish apparatiga ulangan.
Ikkinchi fuqaro O.E. esa hozirda yiringli-septik bo‘limi reanimatsiyasida davolanmoqda. Uning ham ahvoli og‘ir deb baholanmoqda.
Ayni paytda rossiyalik shifokorlar moskvalik hamkasblari bilan videokonferensiya orqali konsilium o‘tkazmoqda. Rossiya tomoni jarohatlangan fuqarolarni davolash va sog‘lomlashtirish jarayoniga alohida e’tibor qaratmoqda.
Bugun, 17 avgust kuni ertalab Bosh konsulxona bosh konsuli shifoxonaning bosh shifokori, kuyish va yiringli-septik bo‘limlari mudirlari hamda tibbiyot xizmati rahbari bilan uchrashishi rejalashtirilgan.
Mazkur masala O‘zbekistonning Novosibirskdagi Bosh konsulxonasi tomonidan alohida nazoratga olingan.