Matonat, sabr-toqat, mardlik va jasorat timsoli boʻlgan mushfiq onalar hamda otalarning matonati, sabr-bardoshiga taʼzim qilamiz. Olovli yillarning tirik afsonalari bosib oʻtgan hayot yoʻli haqidagi hikoyalarni tinglab, farovonlik va tinchlik-totuvlik hamma narsadan ustun ekanini anglab yetamiz, dorilamon kunlar uchun shukrona keltiramiz.

Oʻzbekiston tumani “Katta qaynar” mahalla fuqarolar yigʻinida umrguzaronlik qilayotgan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Usmonjon Rahimovning mashaqqatli va sharafli hayot yoʻli koʻplar uchun ibratli.

Soy sohillariga tutashgan xonadon bahorga monand yashillikka burkangan. Mevali bogʻlar qoʻynida asalarilar guldan gulga uchib oʻynaydi. Koʻzimiz hovli sathidagi ­soʻrida oʻtirgan, doʻppi kiygan, kichik jussali, oq yuzli va oppoq soqolli nuroniyga tushdi. Asr bilan yuzlashgan otaxon ancha bardam, koʻzi nurli. U bilan quchoq ochib soʻrashdik. Qulogʻi bir oz ogʻirlashgani uchun balandroq gapirishimizni tayinladi. Otaxon urushning dastlabki yillaridayoq frontga chaqirilganlardan.

— Urush boshlanganda 21 yoshda edim, — deya xotirlaydi oqsoqol. — Omoch bilan yer haydayotgan edim. Kolxozdan vakil kelib, rais soʻroqlayotgani va idoraga borishim kerakligini aytdi. Uyga ham kirmay, aytilgan joyga yetib borsam, qoʻlimga chaqiruv qogʻozi berildi. Oʻshanda otam 84, onam esa 75 yoshda edi. Yigirma kun deganda front chizigʻiga yetib bordik. Moskva atrofida jangda qanday harakat qilish, himoyalanish, hujumga oʻtish, transheyalar qazish va qurollardan foydalanish bilan bogʻliq mashqlarni bajardik. “Ortga qaytish yoʻq, qaytsang otilasan”, deyilardi. Xarkov ostonasida qoʻlimizga qurol bilan birga 30 dona oʻq va granata berildi. Oʻsha ogʻir damlar hamon yodimda. Dushman samolyotlari bomba yogʻdirdi, atrof kultepaga aylanib ketdi. Sanoqli askar tirik qolgandi oʻshanda...

Soʻzlarkan, otaxonning koʻzi namlanadi, dastroʻmol bilan mijjasiga ingan yoshlarni artadi va quruqshagan tomogʻini namlash uchun choy hoʻplaydi.

— Kursk viloyati uchun jangda fashistning 7 ta tankini yoʻq qilganman, — deya soʻzini davom ettiradi u. — Yonimda snaryad portladi. Oʻshanda meni halok boʻldi deb oʻylab, uyimga qoraxat joʻnatilgan ekan. Bir kundan soʻng tuproq uyumi ostidan behush holda kovlab olishgan. Qattiq yaralanib, gospitalda davolanganimdan soʻng yana janglarda ishtirok etib, Germaniyaga qadar yetib borganman. Urush yillari uyimizga yetti marta qoraxat kelgan ekan. Ota-onam bu alamga chiday olmagan...

Urushning olov yillari Usmonjon ota uchun birdan yakun topmadi. U rus-yapon frontida kechgan ogʻir janglarda ham ishtirok etib, mardlik va matonat koʻrsatdi. 1948-yili ona qishlogʻiga qaytib, jamoa xoʻjaligida ishladi. Urushdan keyingi yillari ham oson kechgani yoʻq. Ogʻir jismoniy mehnat, ochlik va yupunlik koʻplab qiyinchiliklarga sabab boʻlgan. Usmonjon ota Qoʻqon temir yoʻl tarmogʻida ishladi, oila qurdi. Ellik yetti yil mehnat qilib, nafaqaga chiqdi. Turmush oʻrtogʻi bilan 6 farzandni tarbiyalab, elga qoʻshdi. Bugun esa oʻnlab nabira, chevara va evaralar davrasida umrguzaronlik qilyapti.

 

— Bugungidek farovon, emin-erkin zamon hech qachon boʻlmagan, — deydi otaxon. — Bir burda nonga zor boʻlib, jon berganlarni koʻrganmiz. Shukrki, dasturxonimiz toʻkin, osmonimiz tinch. Barcha sharoit yetarli, hamma narsa bisyor, biror manzilga boraman desangiz, piyoda yurmaysiz. Keksalarni eʼzozlash, izzat-hurmat koʻrsatish, qadrlash va xotirlash yoʻlida qilinayotgan ishlar umrimizga umr qoʻshmoqda. Davlatimizga rahmat.

 

Urushning tirik guvohi boʻlgan Usmonjon ota hali bardam va soʻzga chechan. U maktabdan kelgan chevaralari Ramzxon hamda Shukurjonni ilgʻab, yoniga chorladi. “Oʻqishlaring aʼlomi?” deya bolalarning boshini silab, peshonasidan oʻpdi.

— Otam bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning hayot yoʻli biz uchun ibrat, — deydi Masturaxon Rahimova. — Otamdan oilaparvarlik, halol mehnat va shukronalik xislatlarini oʻrgandik. U uzoq yillar asalari boqqan. Ushbu hunar bugun ham oilamiz koriga yaramoqda. Hozir 20 dan ortiq asalari oilasi bor. Bu borada bilmaganlarimizni otamdan soʻrab oʻrganib, tajriba oshiryapmiz.

Xotira va qadrlash kuni arafasida bir asrlik umr dovonidan oshgan nuroniyni yoʻqlash, u bilan hamsuhbat boʻlish istagidagilarning qadami uzilgani yoʻq. Usmonjon ota kabi nuroniylarning shonli umr yoʻli va faoliyati xalqimizning bebaho maʼnaviy boyligiga aylanib, yosh avlodni vatanparvar insonlar etib kamol toptirishda jasorat hamda matonat maktabi boʻlib xizmat qilmoqda. Olovli yillar afsonasi boʻlgan Usmonjon ota urush yillarining suronli voqea-hodisalari bilan bogʻliq mahzun xotiralari haqida soʻzlab beradi, mehmonlarni alqab, duo qilishdan charchamaydi.

Rasuljon KAMOLOV,

“Yangi Oʻzbekiston” muxbiri