Zero, so'nggi yillarda ikki mamlakat munosabatlari aniq iqtisodiy mazmun bilan boyidi. Kun tartibi markazida sanoat kooperatsiyasi, hududlararo aloqalar, qo'shma ishlab chiqarishlar va o'zaro savdoni kengaytirish turibdi.

Oliy darajadagi muntazam muloqotlar ikki tomonlama hamkorlik rivojiga amaliy turtki bermoqda. 2017-yildan buyon ikki mamlakat etakchilari sakkiz marta uchrashdi. 2024-yil fevralida Belarus Prezidenti Aleksandr Lukashenkoning O'zbekistonga rasmiy tashrifi muhim bosqich bo'ldi. Mazkur tashrif yakunlari bo'yicha qo'shma bayonot qabul qilinib, erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi” tayyorlandi.

2026-yil fevralda O'zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchinni qabul qildi. Uchrashuvda oliy darajadagi bo'lajak davlatlararo tadbirlarga tayyorgarlik doirasida hamkorlikning yangi yo'nalishlari belgilab olindi.

Amaliy ish ikki tomonlama hamkorlik bo'yicha hukumatlararo komissiya orqali olib borilmoqda. Komissiyaning 2026-yil may oyidagi 12-yig'ilishida tomonlar hamkorlikni yanada rivojlantirish bo'yicha “yo'l xaritasi”ni tayyorlashni boshladi va iyul` oyining birinchi o'n kunligida Minsk shahrida O'zbekiston va Belarus 3-hududlararo forumini o'tkazishga kelishib oldi.

Hududlararo hamkorlik ikki tomonlama kun tartibini kuchaytirmoqda. 2017-yildan buyon ikki mamlakat hududlari vakillarining 40 dan ortiq tashrifi amalga oshirildi. Korxonalar, sanoat maydonlari va ishbilarmon doiralar o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aloqalar kengaymoqda.

O'zbekiston va Belarus o'rtasida ikki tomonlama bitim doirasida erkin savdo rejimi amal qiladi. Shuningdek, har ikki davlat MDH erkin savdo hududiga kiradi. ShHT, BRIKS va YOII kabi ko'p tomonlama tuzilmalar doirasidagi muloqotni chuqurlashtirish ham alohida ahamiyatga ega. Bu maydonlarda iqtisodiy barqarorlik, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va transport bog'liqligini rivojlantirishga qaratilgan yondashuvlar ilgari surilmoqda.

Savdo aloqalari dinamikasi

Xalqaro keskinlik, etkazib berish zanjirlaridagi uzilishlar va dunyoning etakchi iqtisodiyotlari savdo siyosatidagi o'zgarishlar sharoitida davlatlarimiz o'rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar ijobiy dinamikani saqlab qolmoqda. 2017-2025-yillarda ikki tomonlama savdo hajmi 5,3 barobar oshib, 182,4 million dollardan 965 million dollarga etdi.

O'sish ikki yo'nalishdagi etkazib berishlar hisobiga ta'minlandi. O'zbekistonning Belarusga eksporti qariyb 7 barobar oshib, 27,4 million dollardan 186,5 million dollarga etdi. Belarusdan import esa 5 barobar ko'payib, 155 million dollardan 778,5 million dollarga etdi.

2025-yil yakunlariga ko'ra, o'zaro savdo 25 foiz o'sib, 965 million dollarga etdi. Bu avval belgilangan maqsadli ko'rsatkichlarga mos keladi.

Belarus O'zbekistonning asosiy savdo hamkorlari yigirmataligiga kiradi. MDH mamlakatlari orasida u O'zbekiston tashqi savdo aylanmasida Rossiya va Qozog'istondan keyin uchinchi o'rinni egallaydi. Keyingi bosqichda tovar aylanmasini 2030-yilga borib 2 milliard dollarga etkazish vazifasi turibdi. Buning uchun tomonlar qo'shma dastur ishlab chiqishga kirishdi.

Savdo tarkibi o'sish zaxiralari tovar nomenklaturasini kengaytirish va yuqori qo'shilgan qiymatga ega mahsulotlar etkazib berish bilan bog'liq ekanini ko'rsatadi. 2025-yilda O'zbekistonning Belarusga eksporti asosini 39,3 foiz sanoat tovarlari, 22,1 foiz tayyor buyumlar va 18,6 foiz oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etdi. Mashina va transport uskunalari ulushi 5,7 foiz, kimyo mahsulotlari 4,7 foiz, xizmatlar 6,5 foiz bo'ldi.

Belarusdan import tarkibida oziq-ovqat mahsulotlari (38,1 foiz), nooziq-ovqat xomashyosi (19,5 foiz), mashina va transport uskunalari (15,5 foiz) hamda sanoat tovarlari (11,1 foiz) ustunlik qildi. Mineral yoqilg'i va moylar ulushi 3,4 foiz, xizmatlar 5,5 foizni tashkil etdi.

Shakllangan savdo tarkibi ikki mamlakat iqtisodiyotlari bir-birini to'ldirayotganini aks ettiradi. Belarus oziq-ovqat, texnika, uskunalar va sanoat mahsulotlari etkazib berishda mustahkam o'ringa ega. O'zbekiston esa sanoat tovarlari, tayyor buyumlar, oziq-ovqat ­mahsulotlari, to'qimachilik va mashinasozlik mahsulotlarining ayrim turlari eksportini kengaytirmoqda.

2030-yilga borib, 2 milliard dollarlik maqsadli ko'rsatkichga chiqish barqaror eksport pozitsiyalarini kengaytirish, ishlab chiqaruvchilar va distrib`yutorlar o'rtasida to'g'ridan to'g'ri aloqalarni kuchaytirish, mahsulotlarni sertifikatlash va korxonalar kooperatsiyasini rivojlantirishni talab etadi.

Investitsiya va qishloq xo'jaligi

Savdo hajmi o'sishi bilan investitsiyaviy hamkorlik ham kuchaymoqda. 2017-yildan buyon O'zbekistonda Belarus` kapitali ishtirokidagi korxonalar soni qariyb 12 barobar oshdi. Bugun mamlakatimizda 63 ta qo'shma korxona va yuz foizli Belarus` kapitaliga ega 195 ta korxona faoliyat yuritmoqda.

2025-yilda Belarusdan investitsiyalar hajmi 76,5 million dollardan oshdi. 2016-2025-yillarda ularning jami hajmi 170,2 million dollardan ortiqni tashkil etdi. Belarusda esa O'zbekiston investitsiyalari ishtirokida 110 dan ortiq korxona faoliyat ko'rsatmoqda.

Belarus investitsiyasining asosiy yo'nalishlari to'qimachilik mahsulotlari, tayyor kiyim-kechak, charm va farmatsevtika mahsulotlari, qishloq xo'jaligi texnikasi, o'simlik va chorvachilik mahsulotlari hamda oziq-ovqat ishlab chiqarishi bilan bog'liq.

Sanoat kooperatsiyasi iqtisodiy hamkorlikning asosiy yo'nalishiga aylanmoqda. Bu jarayon mashinasozlik, elektrotexnika, farmatsevtika, oziq-ovqat sanoati, to'qimachilik, charm-poyabzal tarmog'i va qurilish materiallari ishlab chiqarishini qamrab olmoqda.

Qishloq xo'jaligi mashinasozligi eng ko'zga ko'ringan yo'nalishlardan biri bo'lib qolmoqda. Belarus traktorlari, kombaynlari va maxsus texnikasi O'zbekiston bozorida barqaror o'ringa ega. Toshkent viloyatida “BELARUS” traktorlarini qo'shma ishlab chiqarish yo'lga qo'yilgan. Minsk traktor zavodi bilan hamkorlikda Nurafshon shahrida “AGROMAX TECHNIC” MChJ loyihasi rivojlanmoqda.

Bu yo'nalishning amaliy ahamiyati mamlakatimiz qishloq xo'jaligini modernizatsiyalash bilan bog'liq. O'zbekistonning qishloq xo'jaligi texnikasi importi 410 million dollarga baholanadi, yillik talab esa qariyb 10 ming dona texnikani tashkil etadi. Yiliga 4 mingtagacha traktor ishlab chiqarish rejasi tayyor texnikani etkazib berishdan mahalliylashtirish, servis, butlovchi qismlar ishlab chiqarish va sanoat bazasini kengaytirishga o'tish imkonini beradi.

“Enco Group” tomonidan “energokomplekt” kompaniyasi bilan hamkorlikda yuqori kuchlanishli kabel` mahsulotlar ishlab chiqarishga qaratilgan hamkorlik fikrimizga yana bir yorqin misoldir. Loyiha Ohangaron tumanida mis klasterini rivojlantirish bilan bog'liq va O'zbekistonning xomashyoni chuqur qayta ishlash vazifasiga mos keladi. Bu eksport salohiyatiga ega tayyor sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini oshirish imkonini beradi.

Qarshi shahrida davlatlarimiz hamkorligida yana bir qo'shma korxona — “UzShoes” samarali faoliyat yuritmoqda. Loyiha charm-poyabzal sanoatida kooperatsiya imkoniyatlari mavjudligini ko'rsatadi. Bu sohada O'zbekiston xomashyo bazasi va ishlab chiqarish quvvatlariga, Belarus` esa sanoat qayta ishlovi va tayyor mahsulotni bozorga olib chiqish bo'yicha tajribaga ega.

2026-yil may oyida Toshkentda ikki mamlakatning soha vazirliklari o'rtasida oziq-ovqat sohasida hamkorlik to'g'risida bitim imzolangandi. Amaliy kun tartibiga keyinchalik O'zbekistonga maqsadli etkazib berish uchun Belarusda chorvachilik klasterlarini tashkil etish masalasi ham kiritildi.

Istiqbolli yo'nalishlar

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazining baholashicha, O'zbekiston va Belarus` hamkorligini yanada rivojlantirish uchun eng yuqori salohiyat ikki mamlakat imkoniyatlari bir-birini to'ldiradigan tarmoqlarda jamlangan.

Agrosanoat sohasida imkoniyatlar, avvalo, O'zbekiston meva-sabzavot mahsulotlari etkazib berishini kengaytirish va Belarus` texnologiyalarini qishloq xo'jaligiga joriy etish bilan bog'liq.

Uzoq muddatli samarani texnologik hamkorlik berishi mumkin. Bu yo'nalish “aqlli” dehqonchilik, GPS texnologiyalari, tuproq va hosildorlikni monitoring qilish sensorlari, uchuvchisiz texnologiyalar, selektsiya, urug'chilik, ozuqa ishlab chiqarish va naslchilik chorvachiligini qamrab oladi. O'zbekiston uchun bu agrar sektor mahsuldorligini oshirish bilan bog'liq bo'lsa, Belarus` uchun agrotexnologiyalar va servis echimlari bozorida ishtirokini kengaytirish imkoniyatini ochadi.

elektrotexnika va kabel` mahsulotlar sohasida istiqbollar Belarus bozorining yuqori import sig'imi va O'zbekiston sanoat salohiyatining o'sishi bilan bog'liq. Belarus transformatorlar, elektr kabellari, televizor va monitorlar, elektr isitkichlar, elektr plitalar, muzlatkichlar va konditsionerlarni o'z ichiga olgan keng turdagi elektrotexnika mahsulotlarini import qiladi. Ushbu pozitsiyalar bo'yicha umumiy import sig'imi 850 million dollardan oshadi. O'zbekiston elektrotexnika sanoati rivojlanayotganini hisobga olganda bu yo'nalish tayyor mahsulot eksportini kengaytirish yo'nalishlaridan biriga aylanishi mumkin.

Belarusning texnika, transformator, kabel` mahsulotlari va elektronika ishlab chiqaruvchilari bilan kooperatsiya alohida ahamiyatga ega. “Atlant”, “Brestgazoapparat”, Minsk elektrotexnika zavodi, “energokomplekt”, “Integral” va “Planar” kompaniyalari bilan hamkorlik istiqbollidir. ehtimoliy loyihalar mahalliylashtirish va elektronika sohasida ilmiy ishlab chiqarish bazasini yaratishni qamrab olishi mumkin.

Farmatsevtika yo'nalishi hamkorlikning texnologik segmentlaridan biri hisoblanadi. Belarus` dori-darmon, vaktsinalar, immunologik preparatlar va tibbiy buyumlarni o'z ichiga olgan keng turdagi farmatsevtika va tibbiyot mahsulotlarini import qiladi. Ushbu pozitsiyalar bo'yicha umumiy import sig'imi 460 million dollardan oshadi.

Bunday kooperatsiya formati dori-darmonni mahalliylashtirishni kuchaytiradi, ilmiy ishlab chiqarish hamkorligini kengaytiradi va farmatsevtika sanoatining eksport salohiyatini oshiradi.

Oziq-ovqat sanoatida “Santa Bremor” va “Savushkin produkt” kompaniyalari bilan loyihalar qiziqish uyg'otadi. Gap Toshkent va Xorazm viloyatlarida baliq mahsulotlari ishlab chiqarish, shuningdek, Buxoro, Navoiy va Sirdaryo viloyatlarida sutni qayta ishlashni rivojlantirish haqida bormoqda.

To'qimachilik, tikuvchilik va charm-poyabzal tarmoqlarida imkoniyatlar Belarus bozorining yuqori import sig'imi bilan bog'liq. Belarusning to'qimachilik va kiyim-kechak importi 1,4 milliard dollarga baholanadi. Ushbu import kiyim-kechak, trikotaj matolar, paxta gazlamalari, uy to'qimachiligi va gilamlarni qamrab oladi.

Belarusning charm-poyabzal mahsulotlari bo'yicha umumiy import sig'imi 400 million dollardan oshadi. Bu poyabzal, charm-galantereya va yarim tayyor mahsulotlar etkazib berishni kengaytirish uchun keng imkoniyatlar ochadi.

Qurilish materiallari sohasida istiqbollar O'zbekistonda industrial qurilishga yuqori talab va Belarusning tayyor qurilish echimlari ishlab chiqarish imkoniyatlari bilan bog'liq. Sendvich panellar, plastik quvurlar va metall mahkamlagichlar bo'yicha Belarusning umumiy import sig'imi 350 million dollardan ko'p.

O'zaro yetkazib berishni oshirish barqaror yo'nalishlar — tashish jarayonlarini raqamlashtirish, chegaradagi tartib-taomillarni maqbullashtirish va ombor infratuzilmasini rivojlantirishni talab qiladi. Amaliy yo'nalishlar sifatida Belarus` temir yo'lining “elektron tashish” tizimini joriy etish, ikki mamlakat logistika uyushmalari hamkorligi, avtomobil` yo'llarida elektron to'lov yig'ishni qo'llash, chegarada yuk avtotashuvlari masalalarini hal etish, Mogilyov vagonsozlik zavodi bilan vagon tarkibini ishlab chiqarish, yig'ish va ta'mirlash bo'yicha qo'shma korxonalar tashkil etish ko'rib chiqilishi mumkin.

Xulosa

Jahon iqtisodiyoti o'zgarib borayotgan sharoitda O'zbekiston va Belarus o'rtasidagi hamkorlik strategik ahamiyat kasb etmoqda. Gap Belarus va Markaziy Osiyoning eng jadal rivojlanayotgan bozorlaridan biri bo'lgan O'zbekiston o'rtasida barqaror sanoat kooperatsiyasini shakllantirish haqida bormoqda. Jahon banki baholashicha, 2026-2028-yillarda O'zbekiston iqtisodiyotining o'sish sur'ati o'rtacha yillik 6 foizdan yuqori bo'ladi. Ichki talab, sanoat salohiyati va investitsiya faolligining kengayishi Belarus` korxonalari uchun qishloq xo'jaligi mashinasozligi, agrosanoat majmuasi, farmatsevtika, qurilish materiallari ishlab chiqarish, oziq-ovqatni qayta ishlash hamda logistika sohalarida yangi imkoniyatlar yaratadi.

Belarus` uchun O'zbekiston yo'nalishi mahsulot etkazib berish hajmini kengaytirish, ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va uzoq muddatli sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish imkoniyatlari ortib borayotgani bilan ahamiyatlidir.

O'zbekiston Prezidentining Belarus Respublikasiga tashrifi sanoat kooperatsiyasini yanada kengaytirish va ikki mamlakat o'rtasida to'plangan salohiyatni amalga oshirishda muhim bosqich bo'lishi shubhasiz. Asosiy vazifa yangi qo'shilgan qiymat zanjirlarining ajralmas qismiga aylanadigan mustahkam ishlab chiqarish poydevorini yaratishdan iborat.

Xurshid ASADOV,

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi

huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktori o'rinbosari