Bir-birimizni ana shunday yaqinlik, uygʻun qadriyatlar bilan birga oʻzaro hurmat, yaxshi qoʻshnichilikning koʻp asrlik anʼanalari birlashtirib turadi. Qadimdan bir zaminda yonma-yon, ahil qoʻshni boʻlib yashab kelayotgan birodar xalqlar oʻrtasida asrlar davomida shakllangan quda- andalik anʼanalari hamon davom etib kelmoqda.

Tojikiston bugun ham Oʻzbekistonning davr sinovidan oʻtgan ishonchli hamkori, doʻstidir. Hozir koʻp qirrali hamkorlik­ning barcha yoʻnalishida ulkan taraqqiyot ku­zatilmoqda. Ayniqsa, 2016-yildan boshlab Oʻzbekiston — Tojikiston munosabatlari tarixida tubdan yangi davr boshlandi. Siyo­siy, iqtisodiy, madaniy aloqalar shiddatli rivojlanib, oʻzaro doʻstlik, qoʻshnichilik va hamkorlik darajasi mazmun jihatidan bo­yidi, davlatlarimiz oʻrtasidagi munosabat­lar haqli ravishda strategik sheriklikdan ittifoqchilik maqomiga koʻtarildi.

2016-2025-yillarda Oʻzbekiston — Toji­kiston oʻrtasidagi iqtisodiy aloqalarning keskin kengayishi ham aynan ana shu yuksak ittifoqchilik maqomi darajasida yuz berdi. Munosabatlar siyosiy, iqtisodiy va madaniy jabhalarda jadal rivojlanmoqda. Oʻzaro savdo hajmi oshib, sanoat kooperatsiyasi, energetika va transport yoʻnalishlarida mu­him, foydali loyihalar amalga oshirilmoq­da. Masalan, ikki davlat oʻrtasidagi tashqi savdo qiymati 2016-yilda bor-yoʻgʻi 197,1 million dollarga teng boʻlgan. Bu koʻrsatkich davlatlarimizning mavjud iqtisodiy imko­niyatidan juda kam edi. 2016-2025-yillarda Oʻzbekiston — Tojikiston tovar almashuvi hajmi 912,3 million dollarga yetdi yoki 4,6 baravar oshdi.

Joriy yil 19-fevral kuni Dushanbeda Tojikiston va Oʻzbekiston Bosh vazirlari ishtirok etgan Savdo-iqtisodiy hamkorlik boʻyicha 13-hukumatlararo komissiya yigʻi­lishida hamkorlik barcha yoʻnalishda jadal rivojlanayotgani qayd etildi va uni kel­gusida yanada kengaytirish masalalari mu­hokama qilindi. Bu jarayonda har ikki dav­latning chegaradosh hududlari oʻrtasidagi aloqalarni rivojlantirish juda muhim va ayni borada qator chora-tadbirlar koʻrilyap­ti. Jumladan, Surxondaryo bilan Xatlon, Samarqand bilan Soʻgʻd viloyatlari oʻrtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va ma­daniy-gumanitar hamkorlik toʻgʻrisida bi­timlar imzolandi.

2018-yil aprelda Samarqand shahrida Soʻgʻd viloyati ishbilarmon doiralari ishti­rokida sanoat yarmarkasi oʻtkazilgandi. Anʼ­anaga aylangan mana shunday sanoat yarmarka­lari qoʻshni viloyatlarning ishbilarmonlari oʻrtasida oʻzaro kooperatsiya aloqalarini oʻr­natish va mustahkamlashga xizmat qilmoqda. Tadbirlar doirasida ikki viloyat tadbir­korlari oʻrtasida juda koʻp biznes va hamkor­lik shartnomalari imzolanmoqda. Savdo-iq­tisodiy aloqalar rivojida davlatlarimiz oʻrtasidagi 17 ta chegara-nazorat punktining barchasi toʻliq faoliyat yurita boshlagani mu­him ahamiyat kasb etyapti.

Oʻzaro savdo tarkibi kengaymoqda

2016-yilgacha boʻlgan davrda ikki dav­lat oʻrtasida oʻzaro savdodagi mahsulotlar nomenklaturasi cheklangan boʻlib, bu qoʻshni mamlakatlar salohiyatidan ancha past edi. It­tifoqchilik maqomi oʻzaro savdo tarkibiga ham juda katta ijobiy taʼsir koʻrsata bosh­ladi.

Jumladan, Milliy statistika qoʻmitasi dastlabki hisob-kitoblariga koʻra, Oʻzbe­kistonning 2025-yilda Tojikistonga eks­port qilgan mahsulotlari umumiy hajmi 683,1 million dollarga yetgan boʻlsa, uning tarkibida 222,7 million dollarlik sanoat mahsulotlari (turli trikotaj va plastmassa mahsulotlari, metall prokati va boshqalar), 58,7 million dollarlik mashina va trans­port jihozlari (elektrotexnika va boshqa jihozlar), 53,1 million dollarlik mineral mahsulotlar (benzin, bitum, gaz), 53 million dollarlik kimyoviy mahsulotlar (polimer, sulfat, silikat, oʻgʻit, boʻyoq), 48,2 million dollarlik oziq-ovqat mahsulotlari (chorva uchun ozuqa, tuxum, qandolatchilik mahsulot­lari, tayyor goʻsht mahsulotlari va boshqalar), 21 million dollarlik turli tayyor mahsulot­lar (qurilish materiallari, tayyor kiyim, ipak matolari), 147,4 million dollarlik xizmatlar (asosan temir yoʻl transporti) ka­bilardan iborat boʻldi.

Tojikistonning Oʻzbekistonga ekspor­ti nomenklaturasi ham tobora kengayib bormoqda. Masalan, 2025-yilda qoʻshni dav­latning mamlakatimizga umumiy ekspor­ti qiymati 229,3 million dollarga yetdi. Uning tarkibi ruda va konsentratlar (rux, mis va qimmatbaho metallar — 108,9 mil­lion dollarlik), toshkoʻmir (22,3 million dollarlik), elektr energiyasi (17,9 million dollarlik), paxta tolasi (17,6 million dol­larlik), meva-cheva (7,4 million dollarlik), qora metall (5,1 million dollarlik), uy par­randasi (2,4 million dollarlik), plastmassa chiqindilari (1,8 million dollarlik), jami 6,6 million dollarlik oltingugurt, dala shpati va xizmatlar (asosan temir yoʻl xizma­ti)dan iborat.

Ulkan maqsadlarga birgalikda erishish mumkin

2016-2025-yillarda ikki davlat oʻrtasida­gi savdo-iqtisodiy munosabatlar shiddatli rivojlanganini qayd etdik. Shunga qaramay, iqtisodiy aloqalar kengayishi uchun har ikki davlat ham ulkan imkoniyatlarga ega. Jumla­dan, 2025-yil yakunida Tojikistonning Oʻzbe­kiston umumiy tovar aylanmasidagi ulushi 2017-yildagi 0,9 foizdan 1,1 foizga oʻsdi. Bu koʻrsatkich mamlakatimiz eksporti tarkibida 1,5 foizdan 2 foizga, importida esa 0,4 foiz­dan 0,5 foizga yetdi, xolos.

Toʻgʻri, oxirgi yillarda iqtisodiy ham­korlik darajasidagi oʻsish surʼati keskin oshmoqda. Masalan, 2025-yili tovar aylanma­si 2024-yildagiga nisbatan 22,5 foiz, eksport 24,1 foiz, import 13,8 foiz oʻsishiga erishil­di. Bunday oʻsish surʼatining davom etishi ikkala davlat oʻrtasidagi tovar aylanmasi hajmini keskin oshirib, 2 milliard dollar­ga yetkazishdek ulkan maqsadga tezda erishish mumkinligini koʻrsatib turibdi.

Buning uchun davlatlarimiz oʻrtasidagi iqtisodiy hamkorlikni kengaytirishning qator zaxira va imkoniyatlaridan samarali foydalanish taqozo etiladi.

Sanoat sohasida hamkorlikni rivojlan­tirish oʻzaro iqtisodiy aloqalarni kengay­tirishning ustuvor yoʻnalishlaridan. Jum­ladan, xomashyoni chuqur qayta ishlash boʻyicha qoʻshma klasterlar tashkil etish va ularda ish­lab chiqarilgan mahsulotlarni birgalikda uchinchi davlatlarga eksport qilish mumkin.

Toʻqimachilik ham iqtisodiy hamkor­likni yanada kengaytirishning istiqbol­li sohasi. Yaqin yillargacha Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan paxta xomashyosining 10-15 foizigina yurtimizda qayta ishlanar, qol­gan 85-90 foizi xorijga tola va ip-kala­va shaklida eksport qilinardi. Natijada paxta tolasini qayta ishlashdan keladigan foydaning asosiy qismi ham xorijdagi mato ishlab chiqaradigan, tayyor kiyim ti­kadigan va ularni sotadigan kompaniyalar hisobiga tushar edi.

Oʻzbekistonda paxta yetishtirish, tashish, saqlash, qayta ishlash va tayyor mahsulot ish­lab chiqarish sohalari soʻnggi yillarda yagona nuqtaga birlashtirildi, yaʼni paxta-toʻqima­chilik klasterlari tizimi tashkil etildi. Mazkur klasterlar faoliyatining yoʻlga qoʻ­yilishi paxtachilik va toʻqimachilik sohalari rivojida yangi sahifa ochdi. Xomashyoni yetish­tiruvchi va qayta ishlovchi tizimlar faoliyati samaradorligi sezilarli darajada oshdi.

Xullas, paxta-toʻqimachilik sohalarini klasterlar shaklida birgalikda rivojlan­tirish borasida Oʻzbekistonda katta tajriba toʻplandi. Shundan kelib chiqib aytish mum­kinki, hamkorlikda ikki davlat hududida sanoat kooperatsiyasi asosida toʻqimachilik klasterlari tashkil etish katta istiqbolga ega. Zero, tayyor mahsulotlarni xorijga sotish har ikki tomon — oʻzbek va tojik ishbilar­monlariga, dehqonlarga, sanoat ishchilariga qoʻshimcha katta foyda olish imkonini beradi.

Soʻnggi yillarda qator davlatlarda ka­salliklarni davolashda kimyoviy dorilarni kamroq ishlatib, tabiiy oʻsimlik va giyohlar­dan koʻproq foydalanilyapti. Oʻzbek va tojik zamini esa tabiiy dorilar ishlab chiqarish uchun xomashyo boʻlgan turli-tuman oʻsimlik va shifobaxsh giyohlarga oʻta boy. Ana shu tabiiy boylikdan farmatsevtika sanoatida oqilona foydalanish bugun inson salomatligini saq­lash uchun katta ahamiyat kasb etadi. Shu maq­sadda davlatlarimiz farmatsevtika sohasida juda salmoqli ishlar qilyapti. Jumladan, Oʻzbekistonda farmatsevtika tarmogʻini ri­vojlantirishga yoʻnaltirilgan investitsiya loyihalarini amalga oshirishga xorijiy va mahalliy investitsiyalarni faol jalb etish uchun qulay shart-sharoit yaratish, dorivor oʻsimliklar xomashyosini yetishtirish uchun noyob sharoitni inobatga olgan holda mahal­liy dorivor vositalar bozorini yurtimizda ishlab chiqarilgan yuqori sifatli dori-dar­mon bilan toʻldirish maqsadida 2017-yili Prezidentimizning maxsus farmoni bilan “Nukus-farm”, “Zomin-farm”, “Kosonsoy-farm”, “Sirdaryo-farm”, “Boysun-farm”, “Boʻstonliq-farm” va “Parkent-farm” erkin iqtisodiy zonalari tashkil etilgandi.

Farmatsevtika sohasida tashkil etilgan 7 ta erkin iqtisodiy zona orqali dorivor oʻsimliklar xomashyosini oʻziga xos tabiiy sharoitlarda yetishtirish va qayta ishlash borasida sohadagi ishlab chiqarish va re­surs salohiyatidan kompleks hamda samarali foydalanishni taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli zamonaviy farmatsevtika mahsulot­lari va dori vositalarini ishlab chiqarish­ni tashkil etish kabi vazifalarni bajarish maqsad qilingan. Demak, tomonlarda farma­sevtika sohasi boʻyicha ham samarali hamkor­lik qilish imkoniyati katta.

Oʻzbekiston va Tojikiston mintaqada xomashyo va qayta ishlanmagan qishloq xoʻ­jaligi mahsulotlarining yirik eksport­chilari. Shuning uchun ularni qayta ishlash uchun qoʻshma ishlab chiqarish quvvatlarini yaratish ham oʻzaro hamkorlikning istiqbol­li yoʻnalishidir. Ikki mamlakat ulkan Yev­roosiyo hududida meva-sabzavotlarning juda koʻp turini yetishtirish va ularni qayta ish­lanmagan, quritilgan va qayta ishlangan holda eksport qilish hajmi boʻyicha yetakchi mavqega ega.

Meva-sabzavotlarni qayta ishlash, jumla­dan, sanoat usulida quritish sohasida qoʻsh­ma korxonalar tashkil etish arzon, sifatli va xorijiy bozorlarda xaridorgir tayyor oziq-ovqat mahsulotlarini katta hajmlar­da ishlab chiqarish imkoniyatini yaratadi. Bu mahsulotlarni MDH va Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, Xitoy, Hindiston va boshqa davlatlarga eksport qilish mumkin.

Shu bilan birga, Oʻzbekiston — Tojikis­ton investitsiya kompaniyasining moliyaviy imkoniyatlaridan qoʻshma ixtisoslashgan tar­moqlarni yaratish uchun foydalanish mumkin. Qoʻshma korxonalarda ishlab chiqarilayotgan tayyor mahsulotlar hajmining oshishi tan­narxning pasayishi va MDH mamlakatlari bozoriga ham, Xitoy bozoriga ham eksport qilish imkoniyatini kengaytirishga xizmat qiladi.

Oʻzbek va tojik dehqonlari asrlar da­vomida sayqallangan yuksak ziroatchilik sivilizatsiyasini yaratgan. Bu ikki makonda qishloq xoʻjaligi sugʻorma dehqonchilik anʼ­analari asosida shakllangan va rivoj top­gan. Ana shu ulkan tajribaga tayangan holda har ikki davlat hududida yangi yerlarni oʻz­lashtirish, irrigatsiya va melioratsiya, yer-suv resurslaridan tejamkorlik bilan foydala­nish, agrar tarmoqqa raqamli texnologiyalar, innovatsiya yutuqlari va sunʼiy intellektni joriy etish sohalarida oʻzaro manfaatli hamkorlik qilish imkoniyatlari mavjud.

Tojikiston oʻzida ishlab chiqarilmaydi­gan tayyor mahsulotlar, xususan, avtomobil, maishiy texnika, ayniqsa, kir yuvish mashi­nasi, konditsioner, katta hajmli muzlat­kich, baʼzi oziq-ovqat, toʻqimachilik va kimyo mahsulotlari eksportini oshirish uchun istiqbolli bozordir. Qoʻshni davlat bilan umumiy chegara va rivojlangan transport infratuzilmasi mavjudligi mahsulotlarni tashish xarajati pasayishiga asos boʻladi.

Tojikistonda gidroenergetika inshoot­larini birgalikda qurish va ishlatish hamda transchegaraviy suv resurslaridan birga­likda foydalanish sohasidagi hamkorlik­ni kengaytirish muhim ahamiyat kasb etadi. Chunki bu yoʻl bilan nisbatan arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish va suv resursla­ridan samarali foydalanish mumkin.

Shuningdek, oziq-ovqat sanoati korxona­larini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etish asosida katta miqdorda eksportbop tayyor mahsulotlar ish­lab chiqarish va uni uchinchi davlatlar, jum­ladan, Afgʻonistonga eksport qilish imkoni mavjud. Buning uchun Tojikiston bilan che­garadosh hududlarda agrologistika markaz­lari va omborxonalarni birgalikda tashkil etish maqsadga muvofiq.

Oʻzbekiston va Tojikiston hududida koʻp asrlar davomida barpo etilgan noyob qadimgi yodgorliklar mavjud. Ikki xalq oʻrtasida bu osori atiqalarni, ayniqsa, islom madaniyatiga mansub majmualarni ziyorat qilishga intilish katta. Shu bois, mazkur sohada hamkorlikni kengaytirish, ziyorat turizmini rivojlanti­rish uchun qulay shart-sharoit yaratish, ayniqsa, shunday yodgorliklar joylashgan hududlarga toʻgʻridan toʻgʻri samolyot va avtobus qatnovini yoʻlga qoʻyish iqtisodiy barqarorlik bilan birga oʻzaro ishonch va yaxshi qoʻshnichilik ru­hini mustahkamlash, bordi-keldilarni yanada yaxshilashga zamin yaratadi.

Umuman olganda, oʻzaro savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada kengaytirish, uning haj­mini 2 milliard dollarga yetkazish ikki mamlakat iqtisodiy oʻsishi, xalqlarimiz fa­rovonlashuviga sezilarli taʼsir koʻrsatadi. Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emo­mali Rahmonning Oʻzbekistonga davlat tash­rifi va unda qabul qilinadigan kelishuvlar esa ikki davlat va xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada kuchaytirish, ittifoqchilik maqomini mustahkamlashga xizmat qiladi.

Odil OLIMJONOV,

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar

markazi bosh ilmiy xodimi,

iqtisodiyot fanlari doktori,

professor