Forumda Prezident Administratsiyasi rahbari o‘rinbosari Timur Butunbayev mamlakatimizda Barqaror rivojlanishning 6-maqsadi — “Toza suv va sanitariya” yo‘nalishida amalga oshirilgan islohotlar va ularning amaliy samaralari haqida ma’ruza qildi.

Eng muhimi, UN-Water baholashiga ko‘ra, 2026-yilda O‘zbekiston mazkur yo‘nalishda sezilarli natijaga erishgan uchta davlatdan biri sifatida e’tirof etildi. Ro‘yxatdan shuningdek Xitoy va San-Tome va Prinsipi ham o‘rin olgan.

Bu e’tirof tasodifiy emas. So‘nggi yillarda mamlakatda suv xo‘jaligini tubdan isloh qilish, sohani raqamlashtirish, suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etish, aholini toza ichimlik suvi bilan ta’minlash hamda suv resurslarini barqaror boshqarish bo‘yicha tizimli choralar amalga oshirildi.

Amaliy natijalar ham bundan dalolat beradi. Xususan, O‘zbekistonda suv stress ko‘rsatkichi 2017-yildagi 169 foizdan 2022-yilda 122 foizgacha pasayib, 47 punktga kamaydi.

Forum ishtirokchilariga O‘zbekistonning institutsional va huquqiy islohotlari, mintaqaviy suv diplomatiyasi hamda transchegaraviy suv resurslarini samarali boshqarish borasidagi tashabbuslari ham taqdim etildi.

BMTning bu e’tirofi O‘zbekiston suv xavfsizligini ta’minlash va suv resurslarini barqaror boshqarish yo‘lida amalga oshirilayotgan islohotlar xalqaro miqyosda ham yuqori baholanayotganining yana bir amaliy tasdig‘i bo‘ldi.