Yangi yondashuvga ko‘ra, davlat nazoratining asosiy e’tibori tadbirkorlik subyektini tekshirishga emas, balki bozorga chiqarilgan mahsulotning xavfsizligi va belgilangan texnik talablarga muvofiqligiga qaratiladi.

Bu haqda O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi mutasaddilari ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida ma’lum qilindi.

Shu bilan birga, mutaxassislar aholi orasida keng tarqalgan bir tushunmovchilikka ham oydinlik kiritdi. Ya’ni endilikda har bir mahsulot majburiy sertifikatlanadi, degan talab yo‘q. Amalda ham barcha mahsulotlar uchun sertifikat talab qilinmaydi. Qaysi mahsulotlar majburiy sertifikatlanishi yoki boshqa shaklda muvofiqligi baholanishi qonunchilik, texnik reglamentlar va standartlar bilan belgilanadi.

Asosiy maqsad esa sertifikatning o‘zi emas, balki iste’molchiga xavfsiz mahsulot yetkazilishini ta’minlashdan iborat.

— Bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan Yevropa Ittifoqi va boshqa rivojlangan davlatlarda o‘z samarasini bergan bozor nazorati mexanizmlarini O‘zbekistonda joriy etish bo‘yicha ikki yangi qonun ishlab chiqildi. Ular — “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi hamda “Umumiy mahsulotlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonunlardir. Qonunlar qabul qilingach, davlat nazoratining asosiy e’tibori tadbirkorni emas, mahsulotning xavfsizligini nazorat qilishga qaratiladi. Shuningdek, mahsulotlarni deklaratsiyalash tizimi joriy qilinib, ishlab chiqaruvchi va import qiluvchilarning mas’uliyati oshiriladi. Xavfli mahsulotlarni bozordan chaqirib olish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilish majburiyati ham iqtisodiy operatorlar zimmasiga yuklatiladi, — dedi O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi bosh mutaxassisi Alisher Dodoyev.

Mahsulot xavfsizligi birinchi o‘ringa chiqadi

Matbuot anjumanida ta’kidlanganidek, mahsulotning sertifikatlangani yoki sertifikatlanmaganidan ko‘ra, uning inson salomatligi, mol-mulki va atrof-muhit uchun xavfsizligi muhim hisoblanadi.

Agar iste’molchi xarid qilgan mahsulot sifati yoki xavfsizligi bo‘yicha muammoga duch kelsa, u bu haqda tegishli organlarga murojaat qilishi mumkin. Buning uchun 1180 qisqa raqami orqali murojaatlar qabul qilinadi. Shuningdek, yozma yoki elektron shaklda ham murojaat yuborish imkoniyati mavjud.

Kelib tushgan murojaatlar tezkor tarzda o‘rganilib, hududlardagi inspektorlar tomonidan joyiga chiqqan holda tekshiruvlar tashkil etiladi. Agar mahsulot inson salomatligiga, atrof-muhitga yoki iste’molchilar manfaatiga xavf tug‘dirishi aniqlansa, qonunchilikda belgilangan tartibda tegishli choralar ko‘riladi.

Sertifikatlashtirishdan deklaratsiya tizimiga o‘tish

Matbuot anjumanida qayd etilgan eng muhim yangiliklardan biri — mahsulotlarni baholashning yangi mexanizmini joriy etishdir.

Hozirgi amaliyotda ko‘plab mahsulotlar uchinchi tomon hisoblangan sertifikatlashtirish organlari tomonidan tekshirilib, muvofiqlik sertifikati beriladi. Bunday holatda ma’lum darajada mas’uliyat ham sertifikatlashtirish organlari zimmasiga tushadi.

Yangi tizimda esa deklaratsiya mexanizmi keng joriy etiladi. Bunda ishlab chiqaruvchi yoki import qiluvchi tadbirkor mahsulotning amaldagi texnik reglamentlar va standartlar talablariga muvofiqligi hamda xavfsizligi uchun shaxsan javobgar bo‘ladi.

Deklaratsiya milliy bozor nazorati axborot tizimi orqali rasmiylashtiriladi. Keyinchalik mahsulotda xavf yoki nomuvofiqlik aniqlansa, uni bozordan chaqirib olish, qayta ishlash yoki zarur hollarda utilizatsiya qilish majburiyati ham aynan iqtisodiy operator zimmasiga yuklatiladi.

Agar tadbirkor ushbu talablarni bajarmasa, unga nisbatan iqtisodiy va boshqa qonunchilik choralari qo‘llaniladi.

Ikki yangi qonun qabul qilinishi kutilmoqda

Matbuot anjumanida ma’lum qilinishicha, Prezident tashabbusi asosida Yevropa Ittifoqi va boshqa rivojlangan davlatlar tajribasiga asoslangan bozor nazorati tizimini O‘zbekistonda joriy etish maqsadida ikki yangi qonun ishlab chiqilgan.

Bular:

• “Bozor nazorati to‘g‘risida”gi qonun;

• “Umumiy mahsulotlar xavfsizligi to‘g‘risida”gi qonun.

Ayni paytda mazkur qonunlar Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan ma’qullangan va Oliy majlis Senatiga ko‘rib chiqishga kiritilgan.

Ushbu qonunlar qabul qilingach, davlat nazoratining eski modeli o‘rniga bozor nazorati mexanizmi joriy etiladi. Bunda mahsulotlarning xavf tahlili asosida nazorat qilinishi, xavfli mahsulotlarni bozordan chaqirib olish, qayta ishlash yoki utilizatsiya qilishning aniq tartiblari belgilanadi.

Shuningdek, importyorlar, distribyutorlar va ishlab chiqaruvchilar ularning vakolatli vakillarining huquqlari, majburiyatlari hamda javobgarligi ham qonun bilan mustahkamlanadi.

Elektron savdo ham nazoratga olinadi

Yangi tizimda mahsulotlarni sotishning an’anaviy usullari bilan bir qatorda elektron savdo platformalari ham bozor nazorati doirasiga kiritiladi.

Agar internet orqali sotilayotgan mahsulot xavfli deb topilsa yoki belgilangan talablarga javob bermasa, unga nisbatan ham xuddi an’anaviy savdodagi kabi choralar qo‘llanadi.

Shuningdek, iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash, mahsulotni almashtirish yoki qaytarib olish mexanizmlari ham qonunchilikda mustahkamlanmoqda.

Jahon savdo tashkiloti talablariga mos tizim

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish munosabati bilan mamlakatda texnik jihatdan tartibga solish tizimi xalqaro talablarga moslashtirilmoqda.

Shu munosabat bilan oziq-ovqat va nooziq-ovqat mahsulotlari sohalari alohida yo‘nalishlarga ajratilmoqda.

Sanitariya, fitosanitariya va veterinariya bilan bog‘liq masalalar Oziq-ovqat xavfsizligi qo‘mitasi vakolatiga o‘tkazilgan bo‘lsa, nooziq-ovqat mahsulotlari yangi bozor nazorati mexanizmlari asosida nazorat qilinadi.

Matbuot anjumanida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi o‘rinbosari Suhbatjon Niyozov ham nazorat tadbirlari qanday tartibda amalga oshirilishi haqida ma’lumot berdi.

— Nazorat tadbirlari asosan xavf tahlili, kelib tushgan murojaatlar va mavjud ma’lumotlar asosida tashkil etiladi. Ayniqsa, qurilish materiallari va xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda. O‘rganishlar davomida qurilish sohasida tekshirilgan 227 turdagi mahsulotning 85 foizi texnik reglamentlar va xalqaro standartlar talablariga javob bermagani aniqlandi. Bunday hollarda mahsulotlar savdodan chaqirib olinadi, qurilish obyektlaridan olib tashlanadi, qayta ishlash imkoni bo‘lmaganlari belgilangan tartibda utilizatsiya qilinadi, — dedi Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi o‘rinbosari Suhbatjon Niyozov.

Nazorat inspeksiyasi: xavf tahlili asosida tekshiruvlar amalga oshiriladi

Matbuot anjumanida Texnik jihatdan tartibga solish sohasida nazorat inspeksiyasi rahbariyati ham sohadagi amaliy ishlar haqida ma’lumot berdi.

Ta’kidlanishicha, nazorat tadbirlari asosan xavf tahlili, kelib tushgan murojaatlar va aniqlangan nomuvofiqlar asosida amalga oshiriladi.

Ayniqsa, qurilish materiallari, metall buyumlar, temir-beton konstruksiyalari va boshqa xavfi yuqori bo‘lgan mahsulotlarga alohida e’tibor qaratilmoqda.

Besh oyda yuzlab qonunbuzilishlar aniqlandi

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2026-yilning yanvar–may oylarida davlat nazorati sezilarli darajada kuchaytirildi.

Hisobot davrida 222 ta korxonada davlat nazorati o‘tkazildi. Jami 252 turdagi mahsulot o‘rganildi va ularning 214 tasi, ya’ni qariyb 85 foizi texnik reglamentlar hamda davlat standartlari talablariga javob bermasligi aniqlandi. Nomutanosib deb topilgan mahsulotlar qiymati 4,3 milliard so‘mdan oshdi.

Metrologiya sohasida ham jiddiy kamchiliklar kuzatildi. Tekshirilgan 8 258 ta o‘lchash vositasining 6 635 tasi belgilangan tartibda qiyoslanmagani ma’lum bo‘ldi.

Shuningdek:

• 48 ta holatda umumiy qiymati 12,5 milliard so‘mlik mahsulotlar sertifikatlashtirish talablari buzilgan holda sotilgan;

• 20 turdagi mahsulot texnik reglament va davlat standartlari talablariga javob bermagan;

• asosiy qonunbuzilishlar qurilish materiallari, kimyo sanoati, elektrotexnika, yengil sanoat, metallurgiya, mashinasozlik hamda isitish qozonlari ishlab chiqarish sohalarida qayd etilgan.

Nazorat natijalari bo‘yicha 223 nafar mas’ul shaxsga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik bayonnomalari rasmiylashtirilgan. 61 ta korxonaga nisbatan qariyb 8 milliard so‘mlik moliyaviy jarimalar qo‘llash uchun hujjatlar rasmiylashtirilgan.

Ma’muriy ishlar bo‘yicha 206 nafar mas’ul shaxsga 172,5 million so‘m jarima tayinlangan. Shu kunga qadar 174 nafar shaxsdan 84,6 million so‘m undirilgan, qolgan ishlar sudlarda ko‘rib chiqilmoqda.

Moliyaviy jarimalar bo‘yicha esa 47 ta korxonaga 6,6 milliard so‘mlik ixtiyoriy to‘lov talabnomalari yuborilgan. Hozirgacha 31 ta tadbirkorlik subyekti 394,8 million so‘m to‘lagan. Shuningdek, 15 ta korxonaga nisbatan 1,4 milliard so‘mlik da’vo arizalari sudlarga kiritilgan.

Nazorat xaridlari davomida 163 ta mahsulot namunasi laboratoriyalarda sinovdan o‘tkazildi. Dastlabki natijalarga ko‘ra, 61 ta mahsulot sifat va xavfsizlik talablariga javob bermagan, 73 tasi belgilangan talablarga muvofiq deb topilgan. Yana 29 ta mahsulot bo‘yicha laboratoriya sinovlari davom etmoqda.

Sertifikatlashtirish tizimi ham tahlil qilindi. 51 ta sertifikatlashtirish idorasi tomonidjan rasmiylashtirgan 500 ta muvofiqlik sertifikati o‘rganildi. Ularning 485 tasida turli kamchiliklar aniqlanib, 39 ta idoraga 94 ta taqdimnoma, 29 ta idoraga esa 53 ta ko‘rsatma xati yuborildi.

Yangi islohotlar mahsulotlarni sertifikatlashtirishdan voz kechishni anglatmaydi. Asosiy o‘zgarish shundaki, har bir mahsulot uchun majburiy sertifikat talab qilinmaydi va nazorat markazida endi hujjat emas, mahsulotning xavfsizligi turadi.

Yangi bozor nazorati tizimida ishlab chiqaruvchi, importyor, distribyutor va boshqa iqtisodiy operatorlarning mas’uliyati kuchaytiriladi. Xavfli mahsulotlarni bozordan chaqirib olish, qayta ishlash, utilizatsiya qilish hamda iste’molchilarga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha aniq mexanizmlar joriy etiladi.

Bu islohotlar mamlakatda mahsulot sifati va xavfsizligini oshirish, halol raqobat muhitini shakllantirish, Jahon savdo tashkiloti talablariga mos bozor tizimini yaratish hamda eng muhimi, iste’molchilar huquqlarini yanada ishonchli himoya qilishga xizmat qilishi kutilmoqda.

Zulxumor Akbarova