Shu tariqa O‘zbekiston va Armaniston poytaxtlari o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaaloqa so‘nggi o‘n yilliklardan keyin ilk bor tiklandi.

2-iyun kuni Toshkent xalqaro aeroportiga "Shirak Avia" aviakompaniyasining Yerevandan amalga oshirilgan ilk reysi kelib qo‘ndi. Samolyot bortida 127 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Aviatsiya an’anasiga ko‘ra, havo kemasi suv arkasi bilan kutib olindi, ekipaj a’zolariga esa gullar topshirildi. Shu kuni poytaxt aeroportida Toshkentdan Yerevanga yo‘l olgan ilk reys yo‘lovchilarini ro‘yxatdan o‘tkazish marosimi ham tantanali ravishda tashkil etildi. Armaniston poytaxtiga amalga oshirilgan ilk reys bilan 177 nafar yo‘lovchi jo‘nab ketdi.

Yangi yo‘nalish ikki davlat poytaxtlarini to‘g‘ridan to‘g‘ri bog‘lab, O‘zbekiston va Armaniston o‘rtasida turizm, biznes aloqalari hamda madaniy hamkorlikni rivojlantirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratadi. Parvozlar Boeing 737 turidagi samolyotlarda haftasiga bir marta amalga oshiriladi. Mazkur yo‘nalishda avval yo‘lovchilar Moskva, Istanbul, Tbilisi va boshqa shaharlar orqali tranzit reyslardan foydalanishga majbur bo‘lgan.

"Shirak Avia" — Yerevandagi Zvartnots xalqaro aeroportida joylashgan Armaniston aviakompaniyasi hisoblanadi. Aviatashuvchi qator xalqaro yo‘nalishlarda parvozlarni amalga oshiradi hamda Boeing 737 oilasiga mansub samolyotlardan foydalanadi.