Tadbir doirasida parlamentlararo komissiya majlisi, mahalliy vakillik organlari
hamda yoshlar parlamentlari o‘rtasida uchrashuvlar, shuningdek, O‘zbekiston va
Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes-forumi tashkil etiladi.
O‘zbekiston Oliy Majlisi Senati va Belarus Milliy majlisi Respublika
Kengashi o‘rtasidagi Parlamentlararo hamkorlik komissiyasining uchinchi
majlisida parlamentlararo hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari va istiqboldagi
vazifalar muhokama etiladi.
O‘zbekiston-Belarus parlamentlararo forumining yalpi majlisida ikki davlat parlamentlari palatalari rahbarlari, hukumat, vazirlik va idoralar, oliy ta'lim muassasalari hamda biznes vakillari ishtirok etadi.
Yalpi majlisda bandlik va kambag‘allikni qisqartirish, oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar, ijtimoiy himoya, ona va bola salomatligi, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlari o‘rtasida hamkorlik masalalariga e'tibor qaratiladi.
O‘zbekiston va Belarus tadbirkor ayollarining to‘rtinchi biznes-forumi
doirasida o‘tkaziladigan to‘rtta asosiy sho‘ba yig‘ilishlarida sanoat
kooperatsiyasi, qo‘shma investitsiyalar, mehnat salohiyatidan samarali
foydalanish, agrosanoat majmuasidagi hamkorlik, oziq-ovqat xavfsizligi va
biotexnologiyalar, gumanitar va ijtimoiy sohalardagi sheriklik, shuningdek,
turizm sohasida qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama etiladi.
Forum yakunida Xiva deklaratsiyasini qabul qilish, shuningdek, tijorat shartnomalari va hamkorlik to‘g‘risidagi bitimlar (memorandumlar)ni imzolash va almashish nazarda tutilgan.
O‘zbekiston va Belarusning «Made in Uzbekistan» va «Made in Belarus» brendlari ostida milliy mahsulotlar ko‘rgazmasi ham tashkil etiladi, deb xabar beradi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.