Prezidentimiz taʼkidlaganidek, pensionerlar va nafaqaxoʻrlarga gʻamxoʻrlik qilish, ularga munosib turmush sharoitini yaratish davlatimizning eng muhim vazifalaridan. Shu nuqtai nazardan, sohaga oid farmon va qarorlar imzolanishi, jumladan, Ijtimoiy himoya milliy agentligining tashkil etilishi hamda pensiya va nafaqalarni toʻlash tizimini takomillashtirishga qaratilgan meʼyoriy-huquqiy hujjatlar aholiga koʻrsatilayotgan xizmatlar sifatini tubdan yaxshilashga zamin yaratmoqda.

Pensioner uchun pensiya miqdori qanchalik muhim boʻlsa, uni qachon va qanday olishi ham shunchalik ahamiyatli. Dori-darmon, oziq-ovqat, kommunal toʻlovlar va kundalik xarajatning katta qismi aynan shu mablagʻ hisobidan qoplanadi. Shuning uchun pensiyaning bir necha kun oldin yoki keyin olinishi ham keksa inson hayotida sezilarli ahamiyat kasb etishi mumkin.

Soʻnggi yillarda yurtimizda pensiya va nafaqalarni yetkazib berish tizimi sezilarli darajada oʻzgardi: ilgari asosan naqd pul shaklida berilgan boʻlsa, bugun pensiyani bank kartasi orqali olish vaqtni tejash, xavfsizlikni taʼminlash hamda masofaviy toʻlovlarni oson bajarish imkonini beruvchi eng ommabop usulga aylandi.

2023 yil yanvarda pensiya va nafaqa oluvchilarning 51 foizi mablagʻini naqdsiz shaklda olgan boʻlsa, 2024 yil yanvarga kelib, bu koʻrsatkich 71 foizga yetdi. 2025 yil yanvarda ushbu ulush 78 foizni, 2026 yil yanvarda esa 86 foizni tashkil etdi.

Bu yil avgust holatiga koʻra, mamlakatimizdagi 4,5 million pensiya va nafaqa oluvchining 4,1 millioni yoki 90 foizi mablagʻini plastik karta orqali olmoqda. Demak, atigi bir necha yilda pensiya va ijtimoiy toʻlovlarni naqdsiz olish ulushi 51 foizdan qariyb 90 foizga yetdi. Bugun har oʻn pensiya va nafaqa oluvchining toʻqqiz nafari uchun mablagʻni olish sayyor kassani kutish bilan emas, balki mablagʻning bank kartasiga tushishi bilan bogʻliq.

Bu shunchaki naqd pul oʻrnini bank kartasi egallayotganini emas, aslida pensiya va nafaqa oluvchilarning oʻz mablagʻini mustaqil boshqarish imkoniyati kengayayotganini anglatadi.

Oy boshida pul pensionerning ixtiyorida

Naqdsiz pensiya va nafaqa olishning asosiy qulayliklaridan biri mablagʻning oy boshidayoq pensiya va nafaqa oluvchi tasarrufiga oʻtkazilishidir. Pensiya va nafaqani bank kartasi orqali oladigan fuqarolar mablagʻni oyning dastlabki besh kunida oladi. Bu kunlar dam olish yoki bayram kunlariga toʻgʻri kelgan taqdirda ham toʻlov oʻz vaqtida amalga oshiriladi.

Prezidentimizning 2022 yil 7 apreldagi “Davlat pensiyalari, nafaqalar, kompensatsiyalar va boshqa ijtimoiy toʻlovlarni toʻlash tizimini yanada takomillashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq, aholini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash va naqdsiz toʻlovlarni ragʻbatlantirish maqsadida naqdsiz pensiya va nafaqa oluvchilarning pensiya miqdoriga qoʻshimcha 1 foiz mablagʻ qoʻshib berilishi belgilab qoʻyildi. Ushbu qoʻshimcha mablagʻ fuqaroning pensiyasidan ushlanmaydi, balki davlat byudjeti va Pensiya jamgʻarmasi hisobidan qoplanadi. Bu esa bankomatdan naqd pul yechishdagi komissiya xarajatini toʻliq qoplash imkonini beradi. Yaʼni pensiya va nafaqa oluvchi kartaga oʻtgani uchun naqd puldan mutlaqo voz kechishi shart emas. Aksincha, unda tanlov paydo boʻladi: mab­lagʻni karta orqali ishlatish yoki zarur qismini naqdlashtirib olish.

Eng katta farq esa vaqtda. Naqdsiz shaklda pensiya va nafaqa oluvchi fuqaro mablagʻini oy boshida oladi va uni mustaqil tasarruf eta boshlaydi. Pensionerlar uchun ham shunisi qulay. Yillar davomida pensiyasini naqd pulda olib, roʻzgʻor tebratishga oʻrgangan. Bank xodimlari har oy mahallalarga kelib, tasdiqlangan grafik boʻyicha pensiya tarqatib kelgan va bu tizim hozir ham davom etyapti. Ilgari pensionerlar mahallasiga navbat qachon kelishini poylab, keyin mahalla idorasi yoki tayinlangan joyda yigʻilib, navbat kutib oʻtirardi. Tabiiyki, bu kutishlar baʼzan aholining ancha-muncha vaqtini olardi. Bugun esa pensiyani bank kartasida olish aholiga mutlaqo yangicha yengillik va erkinlik bermoqda. Toʻgʻri, avvaliga koʻpchilik plastik kartalardan foydalanishga bir oz ikkilangan. Chunki yillar davomida shakllangan odatni oʻzgartirish oson kechmaydi. Lekin vaqt oʻtib, bu tizimning afzalligini oʻz tajribasida koʻrganidan soʻng aholi zamonaviy yechimlar ishini qanchalik yengillashtirishini anglab yetdi.

Naqdsiz toʻlov ortida katta infratuzilma shakllanmoqda

Albatta, pensiyani kartaga oʻtkazishning oʻzi yetarli emas. Pensioner kartadagi mab­lagʻni kundalik hayotda ishlata olishi uchun bankomat, toʻlov terminali va boshqa moliyaviy infratuzilma ham mavjud boʻlishi kerak. Bu yoʻnalishda ham soʻnggi yillarda sezilarli oʻsish kuzatilmoqda.

2026-yil avgust holatiga koʻra, Oʻzbekis­tonda muomaladagi bank kartalari soni
75 milliondan oshgan. Savdo va xizmat koʻrsatish nuqtalarida 450 mingdan ziyod toʻlov terminali, mamlakat boʻyicha esa qariyb 47 mingta bankomat va infokiosk ishlamoqda. Birgina 2026-yilning yanvar-iyul oylarida toʻlov terminallari orqali 387 trillion soʻmdan ziyod mablagʻ aylangan. Bu raqam karta endi faqat bankdan pul olish vositasi emas, balki kundalik hisob-kitobning odatiy qismiga aylanayotganini koʻrsatadi.

Pensiya va nafaqa toʻlovlariga xizmat koʻrsatishda Xalq bankining oʻrni alohida. Naqd pensiyalarni aholiga yetkazib berish vazifasi ham aynan ushbu bank zimmasiga yuklatilgan. Shu bilan birga, bank naqdsiz pensiya oluvchilar uchun zarur infratuzilmani ham kengaytirib bormoqda.

Markaziy bankning 2026-yil iyun holatidagi banklar kesimidagi maʼlumotlariga koʻra, Xalq bankida 3087 ta bankomat va 162 ta ADM mavjud boʻlib, bu tijorat banklari orasida eng yuqori koʻrsatkichdir.

Ayrimlar nega naqd pulga ehtiyoj sezadi?

Pensiya oluvchilarning qariyb 11 foizi hali ham mablagʻini naqd oladi. Rasmiy koʻrsatkichlar yaxlitlanganini hisobga olganda, gap qariyb yarim millionga yaqin inson haqida ketmoqda. Ularning barchasini “karta ishlatishni xohlamaydiganlar” sifatida baholash adolatli boʻlmaydi. Pensiya va nafaqa oluvchilar orasida yoshi ancha ulugʻ, bank kartasi yoki bankomatdan mustaqil foydalanishga qiynaladigan, harakatlanish imkoniyati cheklangan, nogironligi boʻlgan, doimiy parvarishga muhtoj yoki yotoq holatidagi insonlar ham bor.

Bir pensioner uchun kartadan foydalanish oddiy jarayon boʻlishi mumkin. Boshqasi uchun esa bankomatgacha borishning oʻzi muammo. Kimdir PIN kodni eslab qolish yoki bankomatda operatsiya bajarish uchun farzandining yordamiga muhtoj. Ayrim keksalar uchun esa qoʻlidagi naqd pul hamon kartadagi raqamdan koʻra tushunarli va ishonchli.

Shu sababli naqd pensiyaga ehtiyojni faqat odat bilan izohlash toʻgʻri emas. Ayrim insonlar uchun bu shunchaki tanlov emas, balki yoshi, salomatligi yoki yashash sharoitidan kelib chiqadigan zarurat. Bunday fuqarolarga pensiyani Xalq bankining sayyor kassalari belgilangan grafik asosida yetkazadi. Naqd pensiya va nafaqa toʻlovi oy davomida tasdiqlangan grafik boʻyicha amalga oshiriladi. Pensioner va nafaqa oluvchi sayyor kassaga oʻzi bora olmasa, mablagʻ toʻgʻridan toʻgʻri uyiga yetkazib beriladi.

Shu nuqtayi nazardan qaraganda, naqdsiz pensiya va nafaqa ulushi 100 foizga chiqishi shart, degan yondashuvning oʻzi toʻgʻri maqsad boʻlmasligi mumkin. Muhimi, naqdsiz xizmatdan foydalana oladigan insonga qulay raqamli imkoniyat yaratish va undan foydalana olmaydigan fuqaroni ham xizmatdan chetda qoldirmaslikdir.

Ahamiyatlisi, raqamlashtirish endi faqat karta orqali pensiya oluvchilarga tegishli emas. Naqd pensiyani yetkazib berish jarayonining oʻzi ham elektron mexanizmga oʻtmoqda.

Prezidentimizning 2025-yil 26-iyundagi “Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Gʻaznachilik xizmati qoʻmitasi hamda byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi tomonidan zamonaviy xizmatlarni joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoni hamda sohani raqamlashtirishga oid topshiriqlariga asosan, naqd pensiya toʻlovlarida fuqaroni Face ID — yuzni biometrik identifikatsiya qilish orqali tasdiqlash va elektron imzo olish mexanizmi bosqichma-bosqich joriy etildi. Sayyor kassa xodimi maxsus planshet/qurilma orqali pensionerning shaxsini biometrik tasdiqlab, shundan keyingina toʻlovni amalga oshiradi.

Bunday mexanizmdan maqsad aniq: pensiya mablagʻi aynan oʻz egasiga yetkazilganini tasdiqlash, hisob-kitoblarning shaffofligini taʼminlash va turli suiisteʼmolchiliklar hamda “soxta toʻlovlar” xavfini kamaytirishdir.

Texnologiya insonga moslashishi kerak

Soʻnggi yillarda pensiya tizimidagi oʻzgarishlarning yoʻnalishi aniq: naqdsiz pensiya asosiy toʻlov usuliga aylandi. Bank kartalari, terminallar va bankomatlar soni muntazam koʻpaymoqda.

Pensiya taʼminoti shunchaki oddiy bank xizmati emas. Bu tizimdan smartfon va bank kartasidan bemalol foydalanadigan 60 yoshli inson ham, uyidan mustaqil chiqa olmaydigan 90 yoshli pensioner ham foydalanadi. Shuning uchun keyingi bosqichda raqamlashtirishning asosiy vazifasi barchani yagona texnologiyaga majburan oʻtkazish emas, balki turli imkoniyatga ega insonlar uchun bir xil darajada qulay xizmat yaratish boʻlishi kerak.

Kartadan foydalana oladigan pensioner mablagʻini oy boshida olib, oʻz xohishiga koʻra tasarruf etsin. Naqd pulga ehtiyoj sezadigan, harakatlanishi cheklangan yoki bank infratuzilmasidan mustaqil foydalana olmaydigan pensioner esa pensiyasini ortiqcha ovoragarchiliksiz olsin.

Bu jarayonda Xalq bankining vazifasi ham faqat pensiya mablagʻini yetkazib berish bilan cheklanib qolmaydi. Millionlab pensionerlarning naqd va naqdsiz toʻlovlar oʻrtasidagi tanlovini amalda taʼminlash, sayyor kassa xizmatini saqlash bilan birga bank infratuzilmasini kengaytirish muhim ijtimoiy vazifaga aylanmoqda. Zero, ijtimoiy sohada raqamlashtirishning haqiqiy natijasi qancha karta tarqatilgani, nechta bankomat oʻrnatilgani yoki qancha jarayon Face ID orqali amalga oshirilayotgani bilangina oʻlchanmaydi. Eng muhim mezon — oʻzgarish­lar inson hayotini qanchalik yengillashtirayotganida.

Pensiya tizimidagi bu kabi tizimli islohotlar davlat ijtimoiy siyosatining inson manfaatlariga yoʻnaltirilganini amalda isbotlamoqda. Raqamlashtirish va zamonaviy bank xizmatlarining ijtimoiy sohaga integratsiya qilinishi mamlakatda aholi farovonligini oshirish va nuroniylarimizga munosib gʻamxoʻrlik koʻrsatish borasidagi davlat siyosatining muhim uzviy qismidir.

Rustam POʻLATOV,

moliyaviy tahlilchi
Hamkorlik materiali