Soʻnggi yillarda mamlakatimizda biznes yuritish muhitini yaxshilash boʻyicha keng koʻlamli islohotlar amalga oshirildi. Soliq yuki qisqartirildi, koʻplab litsenziya va ruxsat berish tartiblari soddalashtirildi, davlat xizmatlari raqamlashtirildi, tadbirkorlarni tekshirish tizimi qayta koʻrib chiqildi.

Shu bilan birga, tadbirkorlar bilan doimiy muloqotlar, ular bildirgan fikrlar va tahlillar koʻrsatmoqdaki, bugun tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan muammolar ortiqcha maʼmuriy talablar, huquqni qoʻllashdagi ziddiyatlar va byurokratik yondashuvlar bilan bogʻliq.

Prezidentimiz huzurida tadbirkorlar bilan oʻtkazilgan muloqotlar, joylardagi oʻrganishlar va bildirilgan takliflar asosida biznes muhitini yanada yaxshilash, tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan omillarni bartaraf etish hamda qonunchilikni takomillashtirishga qaratilgan taqdimot oʻtkazildi. Taqdimotda sohadagi dolzarb masalalar atroflicha muhokama qilinib, mutasaddilarga aniq vazifalar belgilab berildi.

Jumladan, soʻnggi vaqtlarda tadbirkorlar va jamoatchilik tomonidan muhokama qilinayotgan eng dolzarb masalalardan biri peshlavhalar va tashqi axborot obyektlarini reklama sifatida baholash amaliyotidir.

Amaldagi tartibga koʻra, ayrim holatlarda tadbirkorlik subyektining nomi, faoliyat turi yoki brend belgisi ham reklama sifatida baholanib, tadbirkordan alohida pasport rasmiylashtirish va tegishli toʻlovlarni amalga oshirish talab qilinmoqda edi.

Natijada biznes subyektlari qoʻshimcha maʼmuriy va moliyaviy bosimga duch kelmoqda. Ayrim hududlarda mahalliy hokimliklar tomonidan reklama pasporti rasmiylashtirilmagani sababli peshlavhalarni demontaj qilish holatlari kuzatilmoqda. Bu esa tadbirkorning mulkiga zarar yetkazish bilan birga uning iqtisodiy faolligiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

Masalan, Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi umumiy ovqatlanish tarmogʻida brend belgilari olib tashlanishi natijasida buyurtmalar soni 10 foiz, oylik tushum esa oʻrtacha 100 million soʻmga kamaygan. Bu raqamlar ortida faqat bitta tadbirkorning zarari emas, balki xizmat koʻrsatish sohasidagi iqtisodiy faollikning pasayishi ham mujassam.

Reklama joyi pasportini olmagan yuridik shaxslarga BHMning 50 baravari miqdorida jarima qoʻllanilishi belgilangan boʻlib, 2025-yilning oʻzida 384 shaxsga nisbatan jami 8,2 milliard soʻm jarima qoʻllangan.

Aslida esa koʻplab xorijiy davlatlarda peshlavha reklama emas, balki tadbirkorlik subyektini identifikatsiya qilish vositasi hisoblanadi. Shu nuqtayi nazardan, tadbirkorlik subyektining nomi va faoliyat turi haqidagi axborotni reklama hisoblamaslik, buning uchun pasport talabini bekor qilish hamda “dizayn-kod” talablarini bosqichma-bosqich joriy etish, avvalo, madaniy meros hududlarida qoʻllash boʻyicha takliflar biznes muhitini erkinlashtirishda muhim ahamiyatga ega boʻldi.

Tadbirkorlik faoliyatining barqaror rivojlanishidagi yana bir muhim masala soliq sohasida huquqiy barqarorlik yetarli darajada taʼminlanmaganidadir. Ayrim soliq imtiyozlari Prezident farmonlari va hukumat qarorlari bilan berilgan boʻlsa-da, ular Soliq kodeksiga kiritilmagani sababli amaliyotda turli nomuvofiqliklar yuzaga kelmoqda.

Bu esa tadbirkor uchun eng muhim omil — huquqiy ishonch tamoyiliga salbiy taʼsir koʻrsatadi. Chunki tadbirkor investitsiya kiritayotganda qabul qilingan qarorlarning barqarorligiga tayanadi. Agar bu qarorlar keyinchalik boshqacha talqin qilinib, qoʻshimcha soliq va penyalar hisoblansa, bu investitsiya muhitiga ham salbiy taʼsir koʻrsatadi.

Jumladan, kamida toʻrt yulduzli mehmonxonalar uchun belgilangan soliq imtiyozlari Soliq kodeksiga kiritilmagani sababli soʻnggi vaqtlarda 35 nafar tadbirkorning 30,3 milliard soʻmlik imtiyozlari bekor qilinib, qoʻshimcha soliq va penyalar hisoblangan.

Bu holat iqtisodiyotda bir muhim haqiqatni namoyon etmoqda: investor uchun imtiyozning oʻzi emas, uning huquqiy kafolati muhim. Shu bois, soliq imtiyozlarini Soliq kodeksiga toʻliq integratsiya qilish va ularning huquqiy aniqligini taʼminlash bugungi kunning dolzarb vazifalaridan biridir.

Soliq maʼmurchiligida tadbirkorlarni qiynayotgan yana bir jiddiy masala penyalarning asosiy qarzdorlik summasidan oshib ketishidir. Ayrim hollarda nisbatan kichik soliq qarzi yillar davomida katta moliyaviy yukka aylanmoqda.

Masalan, Nurobod tumanidagi tadbirkorning 30,8 million soʻmlik QQS qarziga 37,3 million soʻm penya hisoblangani bu sohada mutanosiblik tamoyilini taʼminlash zarurligini koʻrsatadi.

Bozor iqtisodiyoti sharoitida jazo choralari tadbirkorlik faoliyatiga salbiy taʼsir koʻrsatish vositasiga emas, balki intizomni taʼminlash mexanizmiga aylanishi kerak. Shu bois, penya miqdorini asosiy qarzdorlik summasidan oshirmaslik boʻyicha huquqiy normalarni qayta koʻrib chiqish iqtisodiy adolat nuqtayi nazaridan muhim ahamiyatga ega.

Nazorat-kassa texnikasi bilan bogʻliq jarimalar masalasi ham qayta koʻrib chiqishni talab etadi. Amalda chek bermaslik bilan bogʻliq huquqbuzarlik uchun 5 million soʻm miqdorida yagona jarima belgilangan. Biroq bu jarima yirik biznes va kichik tadbirkor uchun bir xil qoʻllanilmoqda.

Natijada ayrim kichik tadbirkorlik subyektlari moliyaviy bosimga dosh bera olmay, oʻz faoliyatini toʻxtatishga majbur boʻlmoqda. Masalan, bir tadbirkorlik subyekti 35-marta tekshirilib, unga 260 million soʻm jarima qoʻllanilgan. Boshqa bir subyekt esa bir necha tekshiruvdan keyin oʻz faoliyatini tugatgan.

Raqamlashtirish jarayonlari ham iqtisodiyot uchun katta imkoniyatlar ochmoqda. Biroq raqamli boshqaruv inson omilini qisqartirishi bilan birga huquqiy masʼuliyatni ham aniq belgilashi lozim.

Bugun QQS toʻlovchisi guvohnomasini toʻxtatib turish toʻgʻrisidagi qarorlar avtomatlashgan tarzda qabul qilinmoqda. Biroq amaliyotda bunday qarorlarning ayrimlari sudlar tomonidan haqiqiy emas deb topilmoqda. 2025-yilda 200 dan ortiq shunday qaror bekor qilingani raqamlashtirish jarayonlari ham huquqiy kafolatlar bilan uygʻun boʻlishi shartligini koʻrsatadi.

Umumiy ovqatlanish sohasidagi ayrim tartib-taomillar tadbirkorlar uchun ortiqcha maʼmuriy yukni keltirib chiqarmoqda. Xususan, QQSning bir qismini qaytarish tartibida naqd pulsiz tushum ulushiga bogʻliq talablar ayrim holatlarda naqd tushumlarni yashirish xavfini yuzaga keltirishi mumkin.

Shuningdek, ekologik ekspertiza va kompensatsiya toʻlovlari bilan bogʻliq ortiqcha tartib-taomillar ham kichik biznes uchun qoʻshimcha xarajat va vaqt talab qilmoqda. Ayrim holatlarda kompensatsiya miqdori juda kichik boʻlsa-da, uni rasmiylashtirish jarayonining oʻzi tadbirkor uchun ortiqcha byurokratik yukka aylanmoqda.

Tahlillardan koʻrinib turibdiki, bugungi kunda tadbirkorlikni rivojlantirishning asosiy sharti yangi imtiyozlar berish bilan bir qatorda ortiqcha byurokratik toʻsiqlarni qisqartirish, huquqiy aniqlikni taʼminlash va davlat organlari faoliyatida “qoʻllab-quvvatlash” tamoyilini qaror toptirishdan iborat.

Shu maʼnoda, bugun tadbirkorlikni rivojlantirish masalasi faqat iqtisodiy koʻrsatkichlar yoki statistik raqamlar bilan emas, balki mamlakatning barqaror iqtisodiy va ijtimoiy taraqqiyoti bilan ham bevosita bogʻliq.

Davlatimiz rahbari taqdimotda tadbirkorlik uchun ortiqcha toʻsiqlarni kamaytirish, nazorat va tartibga solish mexanizmlarini soddalashtirish, raqamlashtirish jarayonlarini biznes uchun qulaylik yaratadigan samarali vositaga aylantirish zarurligini alohida taʼkidladi.

Shuningdek, mutasaddilarga mavjud sanoat quvvatlarini toʻliq ishga solish, korxonalarni moliyaviy sogʻlomlashtirish, ishlab chiqarish va eksport hajmini oshirish, yangi ish oʻrinlari yaratish hamda tadbirkorlar uchun yanada qulay shart-sharoitlarni kengaytirish yuzasidan aniq topshiriqlar berildi.

Bu, avvalo, mamlakatimizda tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash va xususiy sektorni iqtisodiyotning asosiy drayveriga aylantirish borasidagi islohotlar izchil davom etayotganini koʻrsatadi. Chunki zamonaviy iqtisodiyot sharoitida tadbirkorga davlat idoralari eshigida sarson boʻlib yuradigan subyekt emas, balki iqtisodiy oʻsishni taʼminlaydigan asosiy kuch sifatida qaralishi lozim.

Agar tadbirkor vaqt va resursini ortiqcha byurokratik jarayonlarga emas, ishlab chiqarish, xizmat koʻrsatish, innovatsiya va eksportni kengaytirishga sarflasa, bu butun iqtisodiyot samaradorligiga ijobiy taʼsir koʻrsatadi.

Biznes-ombudsman tadbirkorlar huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, davlat organlari bilan biznes oʻrtasida ochiq va konstruktiv muloqotni taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatiga toʻsqinlik qilayotgan tizimli muammolarni aniqlab, ularni bartaraf etish yoʻnalishidagi ishlarni izchil davom ettiradi.

Amaliyotda uchrayotgan muammolarni tahlil qilish, huquqni qoʻllashdagi nomuvofiqliklarni aniqlash, tadbirkorlik muhitiga salbiy taʼsir koʻrsatayotgan ortiqcha maʼmuriy tartib-taomillarni qisqartirish va qonunchilikni takomillashtirish boʻyicha takliflarni ishlab chiqish orqali iqtisodiy islohotlarning samaradorligini taʼminlashga hissa qoʻshadi.

Bugun tadbirkor uchun eng muhim masala huquqiy kafolat va ishonchdir. Agar tadbirkor oʻz huquqlari himoya qilinishiga, muammosi eshitilishiga va davlat organlari bilan munosabatlarda qonuniylik taʼminlanishiga ishonsa, u oʻz faoliyatini yanada kengaytiradi, yangi investitsiya kiritadi va yangi ish oʻrinlari yaratadi.

Abdumannop BOʻRIYEV,

Tadbirkorlik subyektlarining huquqlari

va qonuniy manfaatlarini himoya qilish boʻyicha vakil