Qayd etilishicha, 1993-yilda Qashqadaryo viloyatining Shahrisabz shahrida tugʻilgan B.S virusli infeksiya asoratida yuzaga kelgan oʻtkir nafas yetishmovchiligi oqibatida vafot etgan.

Bu holat sud-tibbiy ekspertiza xulosasi bilan ham tasdiqlangan. Unga koʻra, organizmda kislorod yetishmovchiligi yuzaga kelib, oʻpka faoliyati va qon aylanishi tizimida jiddiy buzilishlar kuzatilgan.

Elchixona xodimlari marhumning jasadini Vatanga qaytarish boʻyicha barcha zarur tashkiliy ishlarini amalga oshirdi. Xususan, sanitariya-epidemiologiya xizmati hamda aeroport idoralaridan tegishli ruxsatlar olinib, transportirovka uchun barcha hujjatlar rasmiylashtirildi.

Jasadni tashish bilan shugʻullanuvchi kompaniya marhumning ota-onasi va ish beruvchisi bilan aloqa oʻrnatgan. Maʼlum qilinishicha, jasadni Oʻzbekistonga olib kelish bilan bogʻliq barcha xarajatlar ish beruvchi tomonidan qoplangan.

Ayni paytda diplomatlar tomonidan marhum jasadini 25–26-mart kunlari Vatanga qaytarish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.