Bu yilgi forumda dunyoning 100 ta davlatidan 4 mingga yaqin xorijiy mehmonlar qatnashmoqda. 

“Sizlarning ishtirokingiz xalqaro miqyosda Yangi O‘zbekiston taraqqiyotiga bo‘lgan ishonch tobora ortib borayotganining yana bir ifodasidir. 

Forum doirasida birgalikdagi harakatlarimiz katta marralarga erishish uchun mustahkam poydevor bo‘lmoqda. Xususan, so‘nggi yillarda yurtimizga 150 milliard dollardan ziyod xorijiy investitsiya jalb qilingan bo‘lsa, shundan 123 milliard dollari oxirgi besh yilga to‘g‘ri kelmoqda. 

Biz O‘zbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor bo‘lgan, teng huquqli va o‘zaro foydali sheriklikka tayyor investorlar uchun doimo ochiqmiz”,

 – dedi Prezidentimiz. 

Fursatdan foydalanib, tadbirda ishtirok etayotgan Albaniya Prezidenti Bayram Begay, Rossiya Hukumati Raisi Mixail Mishustin, Belarus Bosh vaziri Aleksandr Turchin, Ozarbayjon Bosh vaziri Ali Asadov, Qozog‘iston Bosh vaziri Oljas Bektenov, Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi Raisi – Prezident Administratsiyasi rahbari Adilbek Kasimaliyev, Tojikiston Bosh vaziri Qohir Rasulzodaga, Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki, Yangi taraqqiyot banki, shuningdek, Jahon banki, Xalqaro moliya korporatsiyasi, Osiyo taraqqiyot banki, Osiyo infratuzilma investitsiyalari banki, Yevropa investitsiya banki hamda xorijiy banklar, kompaniya va tashkilotlar vakillariga minnatdorlik bildirildi.